10:20 / 24.10.2021
5634
O‘zbekiston prezidenti saylovlarida ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tmoqda

24 oktyabrda O‘zbekistonda soat 8 dan prezident saylovlarida ovoz berish uchun 14 ta saylov okrugida 10 mingdan ko‘proq saylov uchastkasi o‘z ishini boshladi va soat 20gacha faoliyat yuritadi. Davlat rahbari lavozimiga 5 nomzod, jumladan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev da'vogarlik qilmoqda.

Foto: Kun.uz

Ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga jami 19 million 859 ming 127 nafar saylovchi kiritilgan. Ulardan 9 million 459 ming 273 nafarini yoki 48 foizini erkaklar, 10 million 399 ming 854 nafarini yoki 52 foizini ayollar, 6 million 458 ming 283 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Shuningdek, 887 ming 686 nafar saylovchi birinchi marta ovoz beradi. 37 ta xorijiy davlatda tuzilgan 54 ta saylov uchastkasida 299 ming 780 nafar saylovchi ovoz berishi mumkin bo‘ladi.

14-20 oktyabr kunlari 421 mingdan ko‘proq, jumladan xorijda 120 mingdan ko‘proq fuqaro saylovlarda muddatdan oldin ovoz berdi.

Prezident lavozimi uchun 5 nomzod kurash olib boradi: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Alisher Qodirov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov va Ekologik partiyadan Narzullo Oblomurodov.

Saylovlar xavfsizligini ta'minlashga Ichki ishlar vazirligining 53 mingdan ko‘proq xodimi va jamoatchilik vakillari jalb qilingan. Saylovlar pandemiya sharoitida o‘tayotgani sababli ovoz beruvchilarning karantin cheklovlariga amal qilishi nazorat qilinadi. Jumladan, ularga saylov uchastkasiga kirish joyida himoya niqoblari, qo‘lqoplar va qo‘llar uchun dezinfeksiya vositalari beriladi. Bundan tashqari, har bir saylov uchastkasida tibbiy punkt tashkil etilgan bo‘lib, ularda 21 mingdan ko‘proq tibbiy xodim navbatchilik qiladi. 

Saylovlar borishini 900 dan ko‘proq xalqaro kuzatuvchi, xalqaro tashkilotlar, jumladan, MDH, ShHT, YeXHT, YuNeSKO, Islom hamkorlik tashkiloti va xorijiy davlatlarning vakillari kuzatib boradi. Shuningdek, okrug saylov komissiyalari tomonidan 5 ta siyosiy partiyaning 53 mingdan ko‘proq vakiliga kuzatuvchilar vakolati berilgan.

Saylovlar borishini mahalliy va xorijiy OAVlarning 1670 ga yaqin vakili yoritadi.

Saylovlarning dastlabki natijalarini 25 oktyabrda e'lon qilish rejalashtirilgan. Saylovlar bo‘lib o‘tgan deb tan olinishi uchun ularda ovoz beruvchilarning kamida 33 foizi ishtirok etishi kerak.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 207 ta saylov uchastkasida ovoz berish ortidan kuzatish uchun videokuzatuv tizimi joriy qilingan. Ushbu uchastkalardagi ovoz berish jarayoni Markaziy saylov komissiyasi portalida, komissiya matbuot markazi va binosidagi katta monitorda namoyish qilinadi.

Agar nomzodlardan birortasi 50 foizdan ko‘proq ovoz yig‘a olmasa, saylovlarning 2-bosqichi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda 1-bosqichda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikki nomzod kurashni davom ettiradi.

O‘zbekistonda prezident saylovlari har 5 yilda o‘tkaziladi. 2016 yilda o‘tkazilgan oxirgi prezident saylovlarida Shavkat Mirziyoyev 88 foizdan ko‘proq ovoz bilan g‘alaba qozongandi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top