17:17 / 24.10.2021
4992
Prokuraturaga qonun buzilishi holatlari bo‘yicha xabar kelib tushmadi - Nig‘matilla Yo‘ldoshev
Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Soat 15:00ga qadar prokuratura organlariga saylov jarayonida qonun buzilishi holati ro‘y bergani haqida xabar va murojaat kelib tushmagan. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazidagi brifingda O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev xabar berdi.

Bosh prokuror agar saylov qonunchiligi buzilgani haqida xabar va murojaatlar kelib tushsa yoki ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda biror ma'lumotlar e'lon qilinsa, ular o‘sha zahoti Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan shtab tomonidan alohida nazoratga olinishini ta'kidladi.

U saylov qonunchiligining buzilishi ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida eslatib o‘tdi. Fuqarolar saylov qonunchiligini buzish holatlariga guvoh bo‘lsa hududiy prokuratura organlariga yoki Bosh prokuraturaning 1007 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

«Prokuratura organlari saylov jarayonida qonun ustuvorligini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratmoqda va buning uchun barcha sa'y-harakatlarni ro‘yobga chiqarmoqda.

O‘z navbatida, buni ham istisno etmasligimiz kerak – qonun buzilishi holatlari haqidagi hamma ma'lumot ham bizgacha yetib kelmasligi mumkin. Sizlar bevosita joylarda saylov uchastkalari va okruglarida vaziyatni o‘rganib, saylovchilar, saylov komissiyalari vakillari bilan muloqotdasiz. Agarda, Sizlarda qonun buzilishi to‘g‘risida biron bir ma'lumot mavjud bo‘lsa, uni Bosh prokuraturaga taqdim etsangiz, uni zudlik bilan o‘rganib, tegishli baho berilishini   ta'minlash choralarini ko‘ramiz. Biz bunday hamkorlikka tayyormiz», deya uning so‘zlarini keltiradi MSK matbuot xizmati.

Soat 16:00 holatiga ko‘ra saylovda davomat 64 foizdan oshdi. 

Ovoz berish jarayoni boshlanganidan yetti soat o‘tgan vaqtda saylov uchastkalarida ro‘yxatga olingan 19 859 127 saylovchidan 12 748 549 nafari o‘z tanlovini amalga oshirib bo‘lgan.

Saylov Toshkent vaqti bilan soat 20:00ga qadar davom etadi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top