08:19 / 25.10.2021
13265

Tailanddan AQShga o‘n millionlab ishlatilgan tibbiy qo‘lqoplar eksport qilingani aniqlandi

Tailanddan AQShga o‘n millionlab ishlatilgan nitril qo‘lqoplar eksport qilingan. Bu haqda CNN telekanali jurnalistlari olib borgan surishtiruvdan ma'lum bo‘ldi.

Foto: CNN

Pandemiya vaqtida himoya vositalariga talab keskin oshgani ortida nopok tadbirkorlar ishlatilgan bir martalik qo‘lqoplarni sotib foyda olishga qaror qilgan. Ta'kidlanishicha, Tailandda ishlatilgan qo‘lqoplarni qo‘l tegizilmagan dastlabki ko‘rinishiga keltiruvchi bir nechta yashirin korxona ishlaydi. Bunday qo‘lqoplar saqlangan omborlardan biri Bangkok chekkasida aniqlangan. U yerda ishlatilgan tibbiy qo‘lqoplar bilan liq to‘la chiqindi qoplari saqlangan. Qo‘lqoplardan aksariyati iflos ko‘rinishda, ba'zilarida esa hattoki qon izlari bo‘lgan.

Jurnalistlar bir necha oy davom etgan surishtiruv davomida o‘n millionlab sifatsiz va iflos qo‘lqoplar AQShga eksport qilinganini aniqlashgan. SNN ma'lumotlariga ko‘ra, bu “aysbergning bir uchigina” hisoblanadi.

AQSh kompaniyalaridan biri fevral oyidayoq AQShning bojxona-chegara xizmati va sanitar idoralariga Tailanddan shunday qo‘lqoplar partiyasini olganini ma'lum qilgan. Biroq shunga qaramay Tailanddagi kompaniya AQShga keyingi oylar davomida yana o‘n millionlab qo‘lqoplarni jo‘natishga muvaffaq bo‘lgan.

Ba'zi holatlarda ishlatilgan qo‘lqoplar dastlab sovun bilan yuvilgan, so‘ngra bo‘yab, quritilgan.

Tailandning mutasaddi idoralari ishlatilgan qo‘lqoplarni sotuvchilarga qarshi kamida 10 ta reyd o‘tkazilganini ma'lum qilgan.

AQSh va Tailandda ushbu hodisa yuzasidan tergov boshlangan.

“AQShga katta hajmda sifatsiz tovarlar, iflos, avval ishlatilgan va sifatsiz qo‘lqoplar yetkaziladi. Federal hukumat, ko‘rinishicha, muammoning qanchalik kattaligini endigina anglay boshlamoqda”, deb aytgan tibbiyot sohasidagi ekspert Duglas Shtayn.

Top