10:30 / 28.10.2021
29923

Umra ziyoratchilariga berilgan yengilliklar O‘zbekiston fuqarolari uchun emas – Musulmonlar idorasi

Bir necha kun avval O‘zbekiston Musulmonlar idorasi tizimiga kiruvchi Toshkent shahar vakilligi Saudiya Arabistoni umra ziyoratchilariga yengilliklar bergani haqida ma'lum qilgan edi. Vakillikning rasmiy telegram kanalida tarqatilgan xabar boshqa nashrlarda ushbu manbaga asoslanib berilgach, Musulmonlari idorasi ushbu ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

Foto: AP

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining yozishicha, Umra ziyoratiga boruvchilarning 14 kun kutishlari shart emasligi faqat Saudiya Arabistoni fuqarolari va bu mamlakatda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarga tegishli. Xorij mamlakatlaridan keladigan fuqarolarga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingani to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud emas.

Shuningdek, idora O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha Attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bog‘liq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirgan.

“Jumladan, 28 oktabr kunidan boshlab, Haj va Umra vazirligining “I'tamarna” (“Umra qildik”) mobil dasturi orqali ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda bo‘lib turgan chet el fuqarolari uchun o‘rnatilgan 14 kun ichida faqat bir marotaba umra amalini ado etish cheklovi olib tashlandi. Sodda qilib aytganda, avvalgi tartib bo‘yicha Makka shahrida bo‘lib turgan fuqaro Masjidul Haramga ehrom kiygan holda umraning tavof va sa'y amalini bir marta bajargandan keyin, navbatdagi umra qilishi uchun 14 kundan keyin ruxsat berilar edi. Endilikda, yangi qoidaga ko‘ra, Makka shahrida istiqomat qilayotgan aholi yoki ushbu shaharda vaqtincha yashab turgan xorijliklar bir necha bor umra amalini ado etishi mumkin bo‘ladi.

Ta'kidlash zarurki, ushbu yengillik faqatgina ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va vaqtincha yashab turgan chet el fuqarolariga tegishlidir. Xorij mamlakatlaridan keladigan fuqarolarga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingani to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud emas”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Haj” va “Umra” safarlariga oid o‘rganishlarni davom ettirgan holda muborak safarlar bilan bog‘liq xabarlar rasmiy nashrlarda e'lon qilinishini bildirgan.

Top