Özbekistonda kuz fasli yomğirsiz ötayotgani, kelgusi kunlarda ham yoğingarçilik kutilmayotgani tufayli muftiy taşabbusi bilan, 28 noyabr kuni juma namozidan keyin — Özbekistondagi barça masjidlarda «yomğir sörab, jamoat bilan ikki rakaat istisqo namozi öqiladi». Şuningdek, Umra ziyoratidagi imomlardan ham Ikki Haramda öz guruhlari iştirokida istisqo namozini öqiş söralgan.
Özbekistonda joriy yilda kuz fasli yomğirsiz ötayotgani, kelgusi kunlarda ham yoğingarçilik kutilmayotgani, yomğir esa rizqu röz, möl-kölçilik omili ekani e’tiboridan Özbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari taşabbus bilan çiqqan. Unga köra, 2025 yil 28 noyabr kuni juma namozidan keyin Özbekistondagi barça masjidlarda «Alloh taolodan tavba-tazarru, istiğfor ila yomğir sörab, jamoat bilan ikki rakaat istisqo namozi öqiladi». Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Islom tarixida qurğoqçilik kuzatilgan paytlarda istisqo namozi öqilgani va uning samarasi körilgani keltirilgan. Xususan, Payğambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomğir yoğmay, suvsizlik bölgan davrlarda jamoat bilan qiblaga yuzlanib duo qilganlari, keyin özlari imom bölib namoz öqiganlari rivoyat qilingan. Alloh taolodan suv-yomğir söraladigan istisqo namozi fazilati hadis kitoblarida bayon qilingan», deyiladi diniy idoraning tuşuntirişida.
Bundan taşqari, viloyatlar, tuman-şaharlar markaziy masjidlari va ziyoratgohlarda jonliqlar söyilib, yordamga muhtoj oilalar va boşqa muhtojlarga tarqatiladi.
Şuningdek, diniy idora Islom ta’lim muassasalari ustoz va talabalari tomonidan Imom Buxoriy «Sahihi Buxoriy» asari 28 noyabr — juma namoziga qadar «xatmi kutub» qilinişini bildirdi. «Zero, Imom Buxoriyning «Sahih»lari qurğoqçilikda öqilganda, Alloh taoloning irodasi ila yomğir yoğgani tarix kitoblarida yozilgan» deyiladi xabarda.
Bundan taşqari, Umra ziyoratida bölib turgan imom-domlalarga Ikki Haramda ham öz guruhlari iştirokida istisqo namozini öqişlari tavsiya etilgan.
Yomğirsiz kunlar va ifloslangan havo
Eslatib ötamiz, joriy yildagi qurğoqçilik oqibatlarini — köpçilik ifloslangan havo tufayli öz tanasida his qila boşladi. Atmosfera havosi ifloslanişi, stansiyalar ma’lumotlariga binoan, Toşkent şahrida xavotirli holatga yetdi. Mutaxassislar zaruratsiz köçalarga çiqişdan qaytarmoqda.
Keskin vaziyat ortidan 25 noyabr kuni prezident Şavkat Mirziyoyev «Toşkent şahrida ekologik vaziyatni yaxşilaş böyiça keçiktirib bölmaydigan çora-tadbirlar töğrisida»gi farmonni imzoladi. Hujjatga muvofiq, poytaxtda ekologik muammolarni hal etiş böyiça maxsus komissiya tuzildi.
Mazkur komissiya zimmasiga poytaxtda havo sifati, yaşil hududlarni asraş va köpaytiriş, transportlar va korxonalardan çiqadigan zararli moddalarni kamaytiriş kabi vazifalar yuklatildi.
Poytaxt atrofidagi issiqxonalarga gaz yetkazib beriş tiklangani ma’lum qilindi. Buning ortidan ekologiya mutasaddilari hamda huquqni muhofaza qiliş idoralari tomonidan Toşkent şahri va viloyatida havo ifloslanişiga qarşi keng kölamli reyd tadbirlari kuçaytirildi.







