18:24 / 30.10.2021
7509
“Turkiya yoki BAA oxirgi 30 yilda erishgan rivojlanishga 10 yilda erishmoqchimiz” - Muxtor Umarov

Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov O‘zbekistonda Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning bosib o‘tgan 30 yillik rivojlanish yo‘lini 10 yilda bosib o‘tish imkoniyati mavjudligini aytdi.

Toshkent shahrida O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga oid xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatga investitsiya kiritish borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar, sohadagi muammolar va chet ellik sarmoyadorlar uchun qulay muhit yaratish masalalari muhokama qilindi.

Anjuman tashkilotchilaridan biri, Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar natijasida respublika iqtisodiyotida yuqori rivojlanish bo‘lishi kutilmoqda.

Muxtor Umarov

“Hozirda Invest Hub loyihasini amalga oshiryapmiz. Loyiha hukumat, talabalar, tadbirkorlar va chet ellik hamkorlarimizga birlashib ishlash imkonini beradi.

Oliy maqsadimiz – rivojlangan yoki rivojlanib kelayotgan davlatlarning oxirgi 20-30 yildagi natijalariga 5-10 yilda erishish. Masalan, Turkiya yoki Birlashgan Arab Amirliklari bosib o‘tgan 30 yillik rivojlanish yo‘lini uzog‘i bilan 10 yilda bosib o‘tishni reja qilganmiz. Aniq rejalarga asoslangan holda chet eldagi hamkorlarimiz bilan maslahatlashib mazkur platformani ishga tushirdik”, deydi Umarov.

Yana bir tashkilotchi, Boursa national kompaniyasi direktori Azamat Akbarov esa xorijiy investitsiyalarga to‘siq bo‘layotgan bir necha omillarni sanab o‘tdi.

Azamat Akbarov

“Millionlab dollarlik investitsiyaning kirishi muammo emas, uni amalga oshirish, loyihalashtirish murakkab. Buning uchun salohiyatli kadrlarga ehtiyoj yuqori.

O‘zbekistonga investitsiya kirishidagi eng asosiy to‘siqlardan biri bu ishonch. Xorijiy investor o‘zining investitsiya xavfsizligini istaydi.

Ikkinchi masala, sifatli kadrlar kerak.

Shu bilan birga, byurokratiya va qog‘ozbozlik investorni qo‘rqitishi tabiiy bo‘lgan to‘siqlardan biri”, dedi u.

Avvalroq mingga yaqin turk kompaniyasini O‘zbekistonga olib kirish reja qilinayotgani aytilgandi. Buning natijasida umumiy qiymati 1,2 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi mumkinligi ma'lum qilingan.

Top