13:17 / 31.10.2021
13771

Yaqin Sharqda diplomatik mojaro. Saudiya «Hizbulloh» sabab Livanga bosim qilmoqda

Foto: AP

Yaqin Sharq davlatlarining Livanga bo‘lgan sovuq munosabatlari kuchaymoqda. Mintaqaning bir nechta davlati Livandagi elchilarini chaqirib olgan. Arab olamining gegemoni Saudiya Arabistoni esa Livandan har qanday mahsulot import qilinishiga cheklov qo‘ydi.

Shanba kuni Kuvayt Bayrutdan o‘z elchisini chaqirib oldi va Livan elchisiga mamlakatni tark etishi uchun 48 soat vaqt berdi. Oldinroq Saudiya va Bahrayn ham xuddi shunday qilgandi. Livan va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasidagi bu mojaro Saudiya hamda Livanning «asl boshqaruvchisi» ekani iddao qilinadigan «Hizbulloh» shialar radikal harakati o‘rtasidagi kelishmovchilikning navbatdagi bosqichi deb qaralmoqda. Saudiya harakatni Eron qo‘llab-quvvatlaydi deb hisoblaydi. Ammo bu gal muammo chindan livanlik diplomatning chiqishidan keyin yuzaga keldi.

Bag‘dod bozorlaridan biridagi Livan, Saudiya va Bahrayn bayroqlari Foto: AFP

Bu gal nima bo‘ldi?

Gap shundaki, Livan axborot vaziri Georg Kordaxi Saudiya boshchiligidagi arab koalitsiyasining Yamandagi harakatlari haqida keskin fikrlar bildirdi. Al-Jazeera telekanaliga intervyu bergan vazir arab koalitsiyasining harakatlari aslida tashqi zo‘ravonlik ekanini aytgan. Uning fikricha, isyonchilar deb atalayotgan Yamandagi husiylar aslida o‘zini himoya qilmoqda. Kordaxining aytishicha, arab koalitsiyasi Yamandagi harakatlari davomida tinch aholi uylarini, qishloqlarni hatto to‘y va aza marosimlari vaqtida ham tap tortmay o‘qqa tutmoqda. Livan axborot vaziri 7 yildan buyon davom etayotgan Yamandagi urushni mantiqsiz deb atab, unga yakun yasash vaqti kelgani haqida gapirdi.

Saudiya va BAA bu borada Livanning mamlakatdagi elchilarini chaqirib, izoh talab qilgan. Ularning fikricha, Livan axborot vaziri Kordaxi «Hizbulloh» tarafdori va o‘z navbatida Livanning Eron bilan yaqinlashuvini qo‘llaydi.

Livan axborot vaziri Georg Kordaxi «Hizbulloh»ga yaqin ekani aytiladi Foto: Reuters

Rasmiy Bayrut esa bu bayonot ortidan chiqib kelgan mojarodan xursand emas, albatta. Bayrut Kordaxining gaplari Livanning rasmiy pozitsiyasini bildirmasligini, uning 25 oktyabr kuni e'lon qilingan intervyusi aslida avgust oyida (u hali vazir etib tayinlanmagan vaqtda) yozib olinganini bildirgan. Yuzaga kelgan mojaro fonida Livan bosh vaziri Najib Mikati axborot vaziri Georg Kordaxiga iste'foga chiqish haqida o‘ylashi kerakligini aytgan.

«Hizbulloh» sabab bosim

Ekspertlarning ta'kidlashicha, birgina vazirning bayonoti bilan Livanga bunchalik bosim qilinmagan bo‘lardi. Ekspertlarning fikricha, Livanda go‘yoki «Hizbulloh» harakatining ta'siri kuchayib borayotgani, aytaylik, ularga qarashli ekani ko‘pchilik tomonidan aytilgan vazir arab olamini qoralab bayonotlar bera boshlagani mintaqa mamlakatlarida xavotir uyg‘otgan.

Yaqin Sharq mamlakatlari, xususan, Saudiya Livandan o‘z elchisini chaqirtirib olish orqali mamlakatni «Hizbulloh» ta'sirini kamaytirish uchun harakat qilishga undamoqchi. Livandagi bir qator hududlar Eron qo‘llovidagi «Hizbulloh» shialar harakati tomonidan nazorat qilinishi esa sir emas.

Juma kuni Saudiya Bayrutdan elchisini chaqirib, Livan elchisiga mamlakatni tark etish uchun ikki kun muddat berar ekan Livan bilan munosabatlar sovuqlashganidan afsusdaligini bildirdi. Shu bilan birga «bu borada navbatdagi qadamlar ham tashlanishi»dan ogohlantirdi. Qanday qadamlar haqida gap ketgani esa aniq emas.

O‘z navbatida Saudiya elchisini chaqirib olishi bilan birga Livandan har qanday mahsulot importi taqiqlanishini e'lon qildi. Bu esa Livan iqtisodiga yaxshigina zarba bo‘ladi. Masalan, 2020 yil Livan Saudiyaga 200 million dollarlik, 2019 yilda esa 282 million dollarlik mahsulot eksport qilgan.

Chuqur inqiroz

Livanda ikki yildan buyon iqtisodiy inqiroz holati kuzatilmoqda. Mamlakat aholisining to‘rtdan uch qismiga ochlik xavf solyapti, milliy valuta qadrsizlanib ketgan, odamlarga kuniga faqat bir necha soat elektr energiyasi beriladi. Mamlakatda ishlab chiqarish kamayib ketgan, birlamchi tibbiy vositalar, dori-darmon, benzin va oddiy ichimlik suv yetishmovchiligi mavjud.

Joriy yilning aprel oyida Saudiya Arabistoni Livandan olib kiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga cheklov qo‘ygandi. Bunga sabab sifatida Saudiyaga qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan birga narkotik moddalar ham olib kirishga urinish holatlari keltirilgan.

Arab davlatlari ligasi mintaqa davlatlari Livan bilan munosabatlar yomonlashganidan afsusda ekanini ma'lum qildi. «Umid qilamiz, mamlakat hukumati vaziyatni yaxshilash uchun kerak ishlarni amalga oshiradi», deyiladi tashkilot bayonotida. Shuningdek, tashkilot mintaqa davlatlarini Livan iqtisodiyotiga bu qadar jiddiy zarba beradigan qarorlar qabul qilishdan tiyilishga chaqirgan.

Mavzuga oid
Top