18:32 / 05.11.2021
50573

106 nafar bola qurbon bo‘lgan maktab yong‘ini. KGB nega bu fojiani yashirgan?

Bundan roppa-rosa 60 yil avval Chuvashiya avtonom respublikasining Elbarusovo qishlog‘i dahshatli fojiani boshdan kechirgandi. Mahalliy maktabdagi bor-yo‘g‘i 10 daqiqa davom etgan yong‘inda jami 110 kishi, jumladan 106 nafar bola azoblar ichra halok bo‘lgan. Ularning aksariyati 7-8 yoshda edi.

Foto: Polina Ivanovaning “Elbarusovo. Fojia kuni" kitobidan

Sobiq ittifoq davrida mafkuraviy bayramlarga jiddiy e'tibor berilardi. 1961 yilning 5 noyabrida Elbarusovo qishlog‘i maktabida “Ulug‘ oktabr bayrami”ning 44 yilligi tantanali tarzda nishonlanishi lozim edi. Bolalar she'rlar yodlashadi, yangi kiyimlar kiyishadi. Ota-onalar ularga sovg‘alar ulashib maktabga kuzatib qo‘yadilar. Lekin 106 bola va 4 o‘qituvchi shu kuni uyiga qaytmaydi.

O‘z davrida qishloq maktablari orasida ilg‘or hisoblangan Elbarusovo maktabi yog‘ochdan tiklangandi. Bayramni o‘tkazish uchun ikki sinf orasidagi omonat devor olib tashlanadi va keng zal qilinadi. Hammaga joy yetishi uchun partalar devorlar tagiga, derazalar yoniga ustma-ust qo‘yib chiqiladi. Qishloqlarda bayramlar kam bo‘lgani uchun barcha sinflar, o‘qituvchilar va hatto ota-onalar maktabga kelmaydigan bolalari bilan shu zalga to‘planib olishadi.

Foto: Yekaterina Deriglazova

Bayram boshlanadi, bolalar ishtiyoq bilan yodlab kelgan she'rlarini aytishadi, qo‘shiqlar kuylanadi. Xuddi shu payt qo‘shni xonadagi fizika o‘qituvchisi Mixail Iritkov o‘ninchi sinfning ikki o‘quvchisi bilan benzin dvigatelni sozlayotgan edi. Iritkov bu dvigatel bilan bayramda bolalarga kino qo‘yib bermoqchi edi.

Kutilmaganda motordagi benzin sachrab oqib, alangalanib ketadi. Mixail Iritkov ozroq kalovlanib turadi va derazadan chiqib qochadi. Uning ortidan ikki o‘quvchi ham chiqib ketishadi. Lekin ularning birortasi yong‘in haqida xabar berishmaydi, unutishadi, balki shok holatiga tushishadi. Bu paytda katta xonada birinchi sinf o‘quvchilari dengizchilar raqsini ijro etishar, boshqalar ularni olqishlab turgandi.

Yong‘in shu darajada shitob bilan yopiriladiki, ko‘pchilik gap nimadaligini anglab yetishga ulgurmaydi. Yog‘och devorlar alanga ichra qoladi, shiftdagi fanerlar cho‘g‘ga aylanib odamlar ustiga yog‘iladi. Qochishning ikki yo‘li bor edi – o‘zini derazaga urganlar partalar to‘sig‘iga duch keladi, o‘sha davrga xos yog‘och partalarning o‘zi ham olov manbaiga aylanadi, eshik oldida esa dahshatli tirbandlik hosil bo‘ladi.

Elbarusovo maktabi (1950-yillar)
Foto: Maktab arxividan

Tashqaridagilar vaziyatni anglab yetgunicha, muzlagan havzalardan suv tashib keltirgunicha bo‘lar ish bo‘lgandi. Umuman, yog‘ochdan tiklangan eski maktabning yonishi va 110 kishining umriga zomin bo‘lishi uchun 10 daqiqa kifoya qiladi. O‘t o‘chiruvchilarni chaqirish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. U paytlar rayon markazi bilan tezkor aloqa vositasining o‘zi yo‘q edi, bo‘lganida ham loyli yo‘llardan yetib kelgunlaricha hammayoq yonib-bitgan bo‘lardi. Keyinchalik shunday bo‘ldi ham, xabar topgan o‘t o‘chiruvchilar qoidaga ko‘ra voqea joyiga yetib kelishadi. Ammo ular uchun kul uyumiga suv sepishdan boshqa ish qolmagandi.

Bolalarini maktabga kuzatgan ota-onalar dod deb o‘zini yong‘in ichiga urishadi va bir necha kishi shu tarzda yonib ketadi. Oz-moz aqlini yig‘ganlar hammani maktab hududiga kirishdan to‘sib turish va alangaga aylanib chopayotgan bolalarning ustiga biror narsa topib yopishdan o‘zga chora topa olmaydilar.

Jami 200 nafardan ortiq kishi qatnashgan bayramdagi yong‘inda 110 kishi qurbon bo‘ladi, ularning 4 nafari o‘qituvchilar, 106 nafari bolalar bo‘lib, 20 nafari hali maktabga ham bormagandi. Olovdan tirik chiqqanlarning aksariyati mayib-majruh bo‘lib qoladi, ko‘pchilik bolalar jiddiy psixologik jarohat olib, maktabga bormay qo‘yishadi. Qachondir to‘la sinfdan 4 kishi maktabni bitiradi. Birdaniga uch oila 4 nafardan farzandidan ayrilgandi. Qishloqni kuygan jasadlar hidi ancha vaqt tark etmaydi.

Lekin shunday jiddiy fojia ommadan yashiriladi. Kechasi bilan tobutlar yasaladi va bolalarning qoldiqlari ertasigayoq ko‘mib yuboriladi. Ish shunchalik tez bajariladiki, qayg‘uga ko‘milib turgan ota-onalarning aksariyati bolalari qaysi qabrga qo‘yilayotganini ham bilishmaydi va bu keyinchalik qator tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi. Dafn jarayonini militsiya nazorat qiladi, fuqaro kiyimida kuzatib turgan KGB xodimlari suratga tushirgan, o‘zini g‘alati tutganlarni darhol tutib olib ketadilar. Shu tarzda bu jarayon umuman kadrlarga muhrlanmaydi.

Buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. O‘sha payt SSSR AQSh bilan bellashayotgan, mavzoleydan Stalin jasadi chiqarib tashlangan, Xrushchev katta minbarlardan 1980-yillarga borib kommunizm qurilishini baralla aytayotgan davr edi. Bunday paytda allaqanday ehtiyotsizlik tufayligina bir maktab bolaning yonib ketishi ittifoq obro‘siga salbiy ta'sir qilardi.

Maktab direktori Yarukin va fizika o‘qituvchisi Iritkov partiya safidan o‘chiriladi. Direktor 8 yilga, o‘qituvchi 10 yilga qamaladi va ulardan 21 ming 317 rubl jarima ham undiriladi. Yarukin 3 yilda ozod qilinsa-da, Iritkov jazoni to‘liq o‘taydi.

Umuman, chuvashlarning Elbarusovo qishlog‘i o‘zi kichkinagina bo‘lsa ham har 20 yilda jiddiy fojiani boshdan kechirgani hayratlanarli. 1921 yilda bolsheviklar bilan g‘alla talashgan aksariyat erkaklar bir kechada qizillar tomonidan qatorlashtirib otib tashlanadi. Kamiga, hududda “Mahalliy quloqlar bilan janglarda qahramonlarcha halok bo‘lgan askarlar”ga atab haykal tiklanadi.

1941 yilda boshlangan urushning dastlabki yillaridayoq mitti qishloqning 143 o‘g‘loni qurbon bo‘ladi. 1961 yildagi bu fojia esa qishloq qalbidagi bitmas yaraga aylanadi va har yili 5 noyabr kuni marhumlar yodga olinadi.

Arkadiy Gavrilov, fojiada jiddiy jarohat olib, omon qolgan kam sonli o‘quvchilardan biri
Foto: Yekaterina Deriglazova

Faqat 1991 yilga kelibgina bu fojia rasman oshkor qilindi, o‘tganlar qabriga qabrtoshlar qo‘yildi, kitoblar chop etildi. Lekin aynan shu yildan keyin qishloqdan fayz ketdi, odamlar shaharga jo‘nashni boshladi, fojialarni boshdan kechirsa-da “o‘lmagan” hudud huvullab qoldi.

Qishloq yaqinida o‘t o‘chirish punkti ham bunyod etilgan. Uning yonida esa o‘t o‘chiruvchining bahaybat haykali bor. Negadir uning qiyofasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga juda o‘xshab ketadi...

O‘t o‘chiruvchi haykali.
Foto: Yekaterina Deriglazova

Hozir fojia guvohlari juda kam qolgan. Lekin ular hanuz bu mavzuda shivirlab gaplashadi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top