14:38 / 06.11.2021
6283
“Tez yordam”ga allergik reaksiyalar va bronxial astma xuruji bilan bog‘liq murojaatlar soni oshmoqda – SSV
Foto: Kun.uz

Joriy yil 4 noyabrdan mamlakat ayrim hududlarida va Toshkent shahrida boshlangan mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisasi oqibatida “Tez yordam” xizmatiga allergik reaksiyalar va bronxial astma xuruji bilan bog‘liq murojaatlar soni oshgan. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilib, “Tez yordam” xizmati tomonidan aholiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

“4 noyabr kuni “Tez yordam” xizmatiga jami chaqiriqlar soni 4082 tani tashkil etib, 3 noyabr holatiga ko‘ra, murojaatlar soni 649 taga oshdi. 5 noyabrdan 6 noyabr soat 06.00 ga qadar umumiy chaqiriqlar soni 4110 taga yetib, nafas olish bilan bog‘liq murojaatlar soni 709 tani (jami chaqiriqlarning 17,2 foizi) tashkil qildi. Shundan allergik reaksiyalar bilan 36 ta, bronxial astma xuruji bilan 122 ta murojaat bo‘lib, ularning 11 tasi gospitalizatsiya qilindi.

Eslatib o‘tamiz, yurtimiz aholisi bunday ob-havo sharoitida zarurat sezganda, o‘z hududidagi oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilib, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishlari mumkin”, deya ma'lum qilgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘riboyev.

Ta'kidlanishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda tuman va shahar bo‘limlarida zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta'minlangan va vazirlikning “1003” qisqa raqamli Sall-markazining malakali mutaxassislaridan changli havodan qanday himoyalanish bo‘yicha kun-u tun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin.

Ma'lumot uchun, 12 noyabr sanasiga qadar yog‘ingarchilik kutilmayotgani bois mutaxassislar havodagi zararli chang-g‘ubor yaqin kunlar ichida ham saqlanib qolishini ma'lum qilishgan.

Top