17:21 / 08.11.2021
11120
Eski haydovchilik guvohnomalari yangisiga 4 ta ssenariy bo‘yicha almashtirilishi kutilmoqda, ammo hukumat qarori qachon qabul qilinishi noma'lum

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati uzaytirilishi, eski guvohnomalar 4 bosqichda yangisiga almashtirilishi kutilmoqda. Biroq bu haqdagi hukumat qarori qachon qabul qilinishi noma'lum.

Foto: TASS/Aleksandr Ryumin

Vazirlar Mahkamasining “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 2 martdagi 116-son qarorining 3-bandiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qarori loyihasiga ko‘ra eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga uzaytirish muddati 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilishi ko‘zda tutilgan.

Biroq avvalgi uzaytirishlarda bo‘lganidan farqli ravishda bu safar ma'lum bir yillarda berilgan guvohnomalarni almashtirish uchun majburiy muddatlar belgilanmoqda. Jumladan:

– 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari – 2022 yil 31 martga qadar;

– 2010 – 2012 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 iyunga qadar;

– 2013 – 2015 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 sentyabrga qadar;

– 2015 yildan keyingi keyin berilganlari – 2022 yil 31 dekabrga qadar majburiy tartibda almashtiriladi.

Agar eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari belgilangan vaqtda yangisiga almashtilmasa, qarorda ko‘zda tutilgan almashtirish muddatining ertasidan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Bundan tashqari, hukumat qarori loyihasida eski namunadagi avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb topilishi ham belgilangan.

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 29 sentabr kuni joylashtirilgan, jamoatchilik muhokamasi 14 oktyabrgacha davom etgandi. Biroq hozirgacha ushbu hujjat qachon qabul qilingani noma'lumligicha qolmoqda.

Davlat xizmatlari agentligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, qaror loyihasi muhokamadan so‘ng hukumatga kiritilgan. O‘zbekiston bosh vazirining matbuot xizmati bu boradagi so‘rovimizga tayinli javob taqdim eta olmadi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabr kuniga qadar belgilangan. Qarorga ko‘ra, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilangan.

Muddat tobora kam qolayotgani ortidan so‘nggi kunlarda davlat xizmatlari markazlarida haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun tashrif buyuruvchi fuqarolar oqimi oshgan, bu esa uzun navbatlar hosil bo‘lishiga sabab bo‘layotgan edi. Davlat xizmatlari agentligi 29 sentabr holatiga 5 793 000 haydovchining 3,6 milliontasi haydovchilik guvohnomasini almashtirgani, 2 milliondan ortiq haydovchi esa ulgurmaganini ma'lum qilgandi.

Agentlik bir oyda 200 ming donagacha haydovchilik guvohnomalari almashtirilayotgani, ushbu vaziyatda yil yakunigacha 2 milliondan ortiq yangi “prava” berish imkonsizligini bildirgandi. Shu sababli eski guvohnomani yangisiga almashtirish muddatini uzaytirish taklif qilingandi.

Top