00:16 / 14.11.2021
9323

AQShda 2 mlrd dollar miqdoridagi soliqni to‘lamaganlikda ayblangan milliarder aqli zaifligini bildirdi

Foto: Reynolds & Reynolds

Milliarder o‘zi ilgari 25 mln dollar xayriya qilgan muassasada ishlaydigan to‘rt nafar shifokordan aqli zaifligi to‘g‘risida ma'lumotnoma olgan.

Ikki milliard dollar miqdoridagi soliqni to‘lamaganlikda ayblangan Reynolds & Reynolds kompaniyasi bosh direktori, milliarder Robert Brokman aqli zaifligini ma'lum qildi, deb yozadi Bloomberg.

«Janob Brokmanning aqli zaif – bu holat doimiy, rivojlanuvchi va uni davolab bo‘lmaydi. U ayblovni tushunish salohiyatiga ega emas, o‘zini yetarlicha himoya qila olmaydi», — degan milliarderning advokatlari.

Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, Brokmanda Parkinson yoki Alsgeymer xastaliklari yoxud har ikki xastalik keltirib chiqargan aqli zaiflik aniqlangan.

Ammo prokuror Kristofer Manyani ayblanuvchi firibgarlik qilayotgani to‘g‘risida dalillar yetarlicha ekanligini aytdi.

Prokurorning aytishicha, Brokman 2018 yilda federal agentlar milliarderning soliq to‘lashdan qochayotganini aniqlashganidan so‘ng aqli zaifligi to‘g‘risida ma'lumotnoma to‘plashni boshlagan.

Ma'lum qilinishicha, milliarder o‘zi ilgari 25 million dollar xayriya qilgan Hyustondagi Beylor tibbiyot kollejiga aloqador to‘rt nafar shifokordan aqlan zaifligi to‘g‘risida ma'lumotnoma olgan.

AQSh adliya vazirligi Brokmanni ikki milliard dollar miqdoridagi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblagan. U shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq tovlamachilikda ham ayblanmoqda.

Top