19:29 / 14.11.2021
6020

Kuvayt amiri hukumatning iste'fosini qabul qildi

Kuvayt amiri shayx Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Saboh bosh vazir Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh va uning hukumati iste'fosini qabul qildi.

Foto: Nasser Waggi / AP

KUNA axborot agentligining xabar berishicha, amir iste'foga chiqarilgan vazirlar mahkamasi yangi hukumat shakllantirilgunga qadar vaqtincha o‘z faoliyatini davom ettirishi haqida farmon qabul qilgan.

8 noyabrda Al Qabas nashri manbalarga tayanib, Kuvayt bosh vaziri amirga iste'foga chiqishi haqida ariza topshirganini ma'lum qilgandi. Biroq o‘shanda buning sabablari keltirilmagan.

Bu Kuvaytda joriy yilda hukumatning ikkinchi iste'fosidir. Bu vaziyat parlament va hukumat, ya'ni yosh va keksa elitalar munosabatidagi inqiroz ortida yuz bermoqda. 2020 yil dekabrda mamlakatda o‘tgan parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, amirlikning 50 o‘rindan iborat parlamentining 60 foizi yangilangandi. 2021 yil yanvarida bosh vazir parlamentga chaqirtirilib, vazirlik lavozimlariga malakasiz shaxslarni tayinlaganlikda ayblangan. Shundan keyin hukumat bir oy ishlashga ham ulgurmasdan iste'foga chiqqan. 2 mart kuni amir farmoni bilan yangi hukumat shakllantirilgan.

Top