Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbek oziq-ovqat mahsulotlari Kuvayt supermarketlariga chiqmoqda
Mamlakatning Kuvaytdagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, The Sultan Center Group va JAMEIA Dot Com Food Stores kompaniyalari o‘rtasida videokonferensiya o‘tkazilib, Al-Kuvayt shahrida "O‘zbekiston oziq-ovqat festivali"ni tashkil etish hamda o‘zbek mahsulotlarini Kuvayt bozoriga supermarket tarmoqlari va onlayn platforma orqali chiqarish masalalari kelishib olindi.
Foto: "Dunyo" AA
Mamlakatning Kuvaytdagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda mahalliy The Sultan Center Group kompaniyasi vakillari o‘rtasida videokonferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Onlayn uchrashuvda shu yil 16–17 dekabr kunlari Al-Kuvayt shahrining The Sultan Center supermarketlari tarmog‘ida o‘tkazilishi rejalashtirilgan "O‘zbekiston oziq-ovqat festivali"ga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, The Sultan Center savdo tarmog‘i hozirgi kunda 4 ta mamlakatda jami 70 ta supermarketga ega. Shulardan Kuvaytda – 40 dan ortiq do‘kon va onlayn xarid xizmatlari, Ummonda – 7 ta, Iordaniyada – 17 ta, Bahraynda – 3 ta supermarket faoliyat yuritmoqda.
Muzokaralar davomida Kuvayt tomoni bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini The Sultan Center tarmog‘ida sotish bo‘yicha shartnoma imzolash, yetkazib berish, qadoqlash va to‘lov shartlari yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, uchrashuvda Kuvaytning JAMEIA Dot Com Food Stores kompaniyasi vakillari bilan ham ushbu festival doirasida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur kompaniyaga tegishli Jameia.com onlayn savdo platformasida Kuvayt aholisining 50 foizdan ortig‘i – 2,1 million mijoz ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning yillik daromadi 40 million dollardan ortiq bo‘lib, platforma orqali 500 dan ortiq chakana savdo do‘koni va 700 ta yetkazib beruvchi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuvda o‘zbek tadbirkorlarining Jameia.com onlayn savdo platformasida tashkil etilayotgan Made in Uzbekistan oynasiga mahalliy mahsulotlarni joylashtirish imkoniyatlari ham muhokama etildi. Ilk bosqichda platformada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Shuningdek, ushbu mahsulotlarni Kuvaytga yetkazish, narxlar bo‘yicha kelishuvlar, O‘zbekistondan keltirilgan tovarlarni Jameia.com'ga tegishli omborlarda saqlash hamda ularning savdosini tashkil etishga oid amaliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Mavzuga oid
09:21 / 04.12.2025
Ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini bojsiz olib chiqish me’yorlari e’lon qilindi
14:48 / 26.11.2025
Sanoat korxonalarining asosiy qismi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan
12:44 / 17.11.2025
Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya xulosasi 3 yilga beriladi
17:26 / 10.11.2025