21:52 / 17.11.2021
6840
Noqulay ob-havo tufayli O‘zbekiston hududlarida elektr ta'minotida muammolar yuzaga kelmoqda

Qor yog‘ishi tufayli O‘zbekistonning qator hududlarida elektr energiya uzatishda uzilishlar yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari, «Xaskovo» podstansiyasida qisqa tutashuv natijasida Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarida elektr energiyasi ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Foto: Energetika vazirligi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi «Xaskovo» podstansiyasida 17 noyabr kuni soat 17:10larda qisqa tutashuv natijasida o‘chish sodir bo‘lgan. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Natijada Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr energiyasi ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Hozirda Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasining avariyaga qarshi maxsus brigadalari tomonidan ushbu nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Ta'mirlash ishlari qisqa vaqt ichida yakunlanadi va elektr energiyasi ta'minoti tiklanishi aytildi.

«Shuningdek, mamlakatimizga kirib kelgan sovuq ob-havo oqimi, kuchli shamol hamda qor bo‘roni elektr uzatish tarmoqlari hamda transformator punktlariga shikast yetkazmoqda. Buning natijasida respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi yetkazib berishda vaqtincha uzilishlar kuzatilmoqda», deyiladi xabarda.

Maxsus brigadalar tomonidan ushbu nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilayotgani ta'kidlangan.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari
Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

16 noyabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan «Xosilot» podstansiyasida ortiqcha yuk tufayli kabel yonib ketgan, bir qator massivlar elektr energiyasidan uzilgandi.

Foto: Baxtiyor Rahmonqulov / Facebook

Bundan avvalroq Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ob-havo noqulayligi sabab bir qator xalqaro va mahalliy reyslar parvozini kechiktirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ob-havo sharoiti bilan kechiktirilgan yana bir necha xalqaro va mahalliy reyslar keyinroq o‘z yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketgan. Faqat Turkish Airlines aviakompaniyasining soat 09:45da Toshkent—Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha uchishi kerak bo‘lgan TK-369 reysi noma'lum muddatga qoldirilgan.

Foto: t.me/na_begu

«Ob-havo sharoiti yomonlashgani sababli 17 noyabr kuni rejalashtirilgan ba'zi bir qatnovlar vaqti kechiktirilishini ma'lum qilamiz. Ushbu munosabat bilan barcha yo‘lovchilar Uzbekistan Airways AJ aloqa markazi tomonidan qatnovlarning kechiktirilishi borasida xabardor qilinishlarini eslatib o‘tamiz. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», deyilgandi aviakompaniya xabarida.

Top