15:55 / 21.11.2021
12537
«MYu» Sulsherni iste'foga chiqardi

Klubni vaqtincha Kerrik boshqarib turadi. Rahbariyat Zinedin Zidanni olib kelish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Foto: Getty Images

«Manchester Yunayted» rahbariyati norvegiyalik mutaxassis Ole-Gunnar Sulsher jamoa bosh murabbiyligidan iste'foga chiqarilgani haqida rasman e'lon qildi.

«Manchester Yunayted» tasdiqlaydiki, Ole-Gunnar Sulsher o‘z lavozimini tark etdi. Barchasi uchun rahmat, Ole», — deyiladi «Manchester Yunayted» matbuot xizmati xabarida.

Sulsher «Manchester Yunayted»ni 2018 yildan buyon boshqarib kelayotgandi. Uning boshqaruvida inglizlar klubi 2020/2021 yilgi mavsumda Yevropa ligasi finaliga yetib bordi, ammo hal qiluvchi o‘yin «Vilyarreal»ga boy berildi (1:1, 10:11 — penaltilar bo‘yicha). Futbolchilik faoliyati vaqtida Sulsher 1996 yildan 2007 yilgacha «Manchester Yunayted» safida to‘p surgan.

«Manchester Yunayted» joriy mavsumda APLda 12 o‘yinda 17 ochko to‘pladi va hozirda 7-o‘rinda qolmoqda. Jamoa chempionatdagi so‘nggi 7 turda faqat bir g‘alabaga erishgan, 12-turda «Uotford»dan uchralgan mag‘lubiyat, Sulsherning «Manchester Yunayted» boshqaruvidagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoldi.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, «Yunayted» Sulsherga 7,5 mln yevro tovon puli to‘laydi.

Yaqin muddat ichidagi o‘yinlarda jamoani Maykl Kerrik boshqarib turadi. Ammo «Manchester Yunayted» rahbariyati mavsum oxirigacha jamoani boshqarishi uchun nisbatan tajribali murabbiy izlashga kirishgan.

The Athletic nashrining ma'lumot berishicha, «Manchester Yunayted» rahbarlarining asosiy maqsadi Zinedin Zidan bo‘lib turibdi. Shuningdek, nomzodlar qatorida Xulen Lopetegi va Loran Blan variantlari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Top