14:52 / 21.11.2021
32129

«Sahro Manhetteni». Yamandagi o‘rta asr osmono‘par binolarida odamlar hali ham yashamoqda

Eski Sanodagi ayrim binolar balandligi 30 metrgacha - Chikagodagi ilk osmono‘par binolar bilan bir xil. Ularning yoshi 300–500 yil bo‘lib, juda chidamli va ekologik toza. Issiq va quruq iqlim uchun ideal turar joy. Lekin joy juda ko‘p bo‘lsa, osmono‘par bino nima uchun sahro o‘rtasida qurilgan?

Foto: Getty Images

Ulkan Bab al-Yaman darvozasi orqasida Yaman poytaxti Sanoning qadimiy qismi joylashgan. U devorlar orqasidagi o‘zga olamga olib boruvchi portalga o‘xshaydi, deya yozadi ana shu binolarga sayohat qilgan BBC muxbiri Ulrike Lemmin-Vulfri.

Bir-biriga yopishgan baland, lekin ingichka uylar, tor ko‘chalar, kichik, biroq yashil mevali bog‘lar... Bozorda xuddi qadimgi vaqtlardagidek eshak sotiladi. Chilangar ko‘chada katta kalit yasayapti. U mana shu ulkan eshiklardan biri uchun bo‘lsa kerak.

Sotuvchi aravada kaktusga o‘xshash tikanli nok sotyapti. Novvoy yerdagi tandirda issiq non yopyapti. Ko‘rinishidan charchagan tuya aylana bo‘ylab yurib, tegirmon toshlarini harakatga keltirmoqda va kunjutni maydalayapti.

Biroq bu yerdagi eng hayratlanarli narsa – arxitektura.

Eski Sanodagi bu kabi uylar dunyoning hech bir yerida boshqa uchramaydi (Yamanning o‘zidan tashqari). Binolarning birinchi qavatida derazalar yo‘q. Katta eshiklar loy g‘ishtlardan terilgan bir xil devorlarga o‘zgachalik beradi. Tepaga qarasangiz, qiziq narsaning guvohi bo‘lishingiz mumkin. Binolar juda baland. Ayrim hollarda har bir qavatda bor-yo‘g‘i bir-ikkita xona bo‘ladi. Biroq uning yonida turganingizda bino xuddi osmonga yetgandek tuyiladi.

Uylar ham chiroyli, ham qulay. Birinchi qavatlar rastalar yoki ustaxonalar uchun mo‘ljallangan. Yuqori qavatdagi ayrim derazalarga yo rangli oyna, yo mashrabiy – naqshli yog‘och panjaralar o‘rnatilgan. Demak, u yerda ayollar yashaydi. Deraza romlari yoki qavatlarni bir-biridan ajratadigan gorizontal frizlar ohakdan mahorat bilan ishlangan. Sariq devorlar bilan uyg‘unlashib, pryanik uy effektini hosil qiladi. Yassi tomlarda ochiq ayvonlar joylashgan. Ob-havo issiq bo‘lganida uy egalari mana shu yerda uxlashadi. Ko‘chadan qaraganda uylar balandligini chamalash qiyin, biroq ulardan uzoqlashib, binolarning ayrimlari yetti qavatdan iborat ekanini sanab ko‘rish mumkin.

Osmono‘par bino besh asrlik bo‘lganida

Tomida qahvaxona joylashgan ana shunday ulkan binolardan biriga ko‘tarildim. Hamma tomonda xuddi shunday baland uylar bor edi. O‘zimni Nyu-York yoki Dubaydagidek his qildim.

Farqi shundaki, ushbu baland binolarning yoshi 300 dan 500 yilgacha va ular zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda temir betondan emas, quyoshda quritilgan loydan qurilgan.

Eski Sanodagi ayrim uylarning balandligi 30 metrgacha – Chikagodagi ilk osmono‘par binolar bilan bir xil.

Eski Sanadagi binolarning birinchi qavatlarida odatda derazalar yo‘q

Ana shunday inshootlar Yaman bo‘ylab tarqalgan. Masalan, 1930 yilda ingliz sayyohi Freya Stark “Sahrodagi Manhetten” deb nomlagan Shibam shahri yoki mamlakat hukmdorlari – imomlar yashagan Dar-al-Xajar (“Qoyadagi saroy”). Mazkur arxitektura shu darajada betakrorki, YuNeSKO Shibam, Zobid va Eski Sanoni o‘zining Butunjahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritgan. Ulkan inshootlar Yamanda VIII-IX asrlardayoq qurila boshlagan, deya qayd etadi Sharq va Afrika tadqiqotlari London maktabi professori va “Yamanning arxitekturaviy merosi – kishi nigohini o‘ziga qaratuvchi uylar” kitobi muallifi Trevor Merchend.

“O‘rta asr manbalariga ko‘ra, miloddan avvalgi III asrda Sanoda qurilgan, Sabaiylar saltanati hukmdorlari yashagan Chumdam saroyi 20ta qavatdan iborat bo‘lgan va hashamat bilan bezatilgan”, — deydi u. Mutaxassis bu fikrni tekshirib ko‘rish ham, uglerodli tahlil asosida materiallar yoshini aniqlash ham deyarli imkonsiz ekanini aytdi. Gap shundaki, loy devorlar quyosh va shamol ta'sirida darz ketgan, ular doimiy ravishda ta'mirlangan.

Binolarning g‘aroyib jihatlaridan biri, ularda hali ham odamlar yashaydi. Eski Sanada ulardan ayrimlari mehmonxona va qahvaxonaga aylantirilgan. Biroq katta qismida odamlar yashaydi.

“Bolaligimizda ko‘chada to‘p tepardik, o‘smirligimizda esa turli rangdagi vitraj oynalar ortida qahva ho‘plardik”, — deydi Yaman Eski binolarni qo‘riqlash va tiklash fondi vakili Arva Mokdad.

Biroq nima uchun?

Mamlakat bo‘ylab sayohat qilib va osmono‘par binolardan hayratlanib, yamanliklarning ajdodlari joy shuncha ko‘p bo‘lsa, nima uchun bunday binolarni sahroda qurishganini tushuna olmadim.

“Yaman arxitekturasi va uning restavratsiyasi” kitobi muallifi Salma Samar Damluji menga shunday tushuntirdi: aslida bu yerda qurilish uchun joy yetishmagan, chunki sahroda yashash imkonsiz, qishloq xo‘jaligi uchun mos keladigan bir siqim yer oltinga teng bo‘lgan.

Shaharlar yuqoriga qarab o‘sardi, chunki ixcham bo‘lishi kerak edi. Bunda xavfsizlik masalasi ham hisobga olinardi. Dushmanlardan himoyalanish uchun ularning har biri atrofida “sur” deb ataluvchi baland devor qurilardi. Tunda shahar darvozalari berkitilardi.

Muhtasham Dor-al-Xajar saroyi qoya tepasida qad rostlagan
Foto: Getty Images / Craig Pershouse

Qabilalararo mojarolar Yaman uchun doim odatiy hol bo‘lgan, deya tasdiqlaydi professor Merchend.

Tabiiy materiallardan qurilgan Yaman uylari arab cho‘l iqlimi uchun mos keladi. Kesakilar binoni quyosh nurlaridan himoya qiladi, eng kuchsiz shamol o‘tishi va yetarlicha yorug‘lik tushishiga imkon yaratadi.

G‘ishtlar olovda pishirilmagan, quyoshda quritilgan. “Pishmagan g‘isht issiqlikni asta-cekin o‘ziga singdiradi va chiqaradi. Kunduzi bunday uylar salqin, kechasi esa tashqariga nisbatan issiqroq”, — deya tushuntiradi Berklidagi Kaliforniya universiteti arxitektura professori Ronald Rid.

Loyli arxitektura – professor Rid ilmiy qiziqishining asosiy predmeti. U Kolorado shtati janubida katta buvasi tomonidan pishmagan g‘ishtdan qurilgan keng uyda yashaydi.

Bog‘langan qator usuli

Qadimiy yamanlik ustalar narvonlardan deyarli foydalanishmagan, devorni ichkaridan ko‘tarishgan. Dastlab yerga ikki metrgacha chuqur kirib borgan toshli fundament qurilgan. Uning ustida turib, ustalar birinchi qavat devorini qurishgan, yog‘och shiftni o‘rnatib, uning ustida ko‘tarilishgan va h.k.

Bog‘langan qator usulida g‘ishtlar qirrasi tashqi tomonga qaragan va ikkita yuqori g‘isht chegarasi pastki g‘isht o‘rtasidan o‘tadi. Konstruksiya yog‘och taxtalar bilan mustahkamlangan. Narvondan qurib bitkazilgan uylar yuqori qavatlarini ta'mirlash uchun foydalanilgan.

Salma Damlujining so‘zlariga ko‘ra, ushbu texnika deyarli yo‘qolib ketgan. “Biz loydan qurilgan, uch asr va undan ko‘p turgan olti qavatli uylarni ko‘ramiz. Zamonaviy arxitektor bunday binoni qura olmaydi”, — deydi u.

XVI asrda yaratilgan “Sahro Manhetteni” Shibam 1982 yilda YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan
Foto: Getty Images 
Albatta bunday qal'ada o‘zingizni xavfsizroq his etasiz
Foto: Getty Images 

“Ularga qarash achinarli”

Jaludji va “Davan” arxitektura fondi qadimiy hunarmandchilikni saqlab qolishga urinmoqda. Ular an'anaviy texnologiyalar asosida, biroq zamonaviy qulayliklarga ega, tabiiy materiallardan qurilgan uylarni loyihalashtiryapti.

Tarixiy binolarga shamol eroziyasi xavf solyapti. Yaman hukumati va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi isyonchi xusitlar o‘rtasidagi ko‘p yillik urush, ommaviy qashshoqlik tufayli ko‘plab uy egalarining ularni ta'mirlashga imkoniyati yo‘q.

2020 yilda YuNeSKO Yamanning 8 mingta uyini o‘rgandi va qulab tushish arafasidagi 87ta uyni o‘z hisobidan ta'mirlab berdi. BMT va mahalliy ishqibozlar qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirmoqda, biroq resurs yetarli emas.

“Tarix xarobaga aylanayotganini ko‘rish achinarli. Bu butun insoniyat uchun katta yo‘qotish”, — deya qayg‘uradi Arva Mokdad.

Biroq faxr uchun sabab ham mavjud.

“Boshqa istalgan mana shunday joy muzey eksponati bo‘lardi, biroq bizda bunday uylarda odamlar yashashadi! Uch avlodni ko‘rgan uyda yashab, o‘tmish bilan aloqani his qilib tuyiladigan faxrni so‘z bilan ifodalash mushkul”, — deydi u.

Mavzuga oid
Top