08:18 / 22.11.2021
10336

Dang‘ara tumanida 28 yoshli yigit totalizatorda yutqazib qo‘yishi oqibatida o‘zini osgani aytilmoqda

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashagan yigit totalizatorda 16 million yutqazib qo‘ygani uchun o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, 15 noyabr kuni Dang‘ara tumani, “Pishkaron” MFY, Soysohili ko‘chasida yashagan 28 yoshli yigit o‘zini osib, joniga qasd qilgan. Marhumning o‘limi sababini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi katta miqdordagi mablag‘ni totalizatorda yutqazib qo‘yishi ortidan o‘z joniga qasd qilgani, FarDUdagi manba esa u o‘qishga kiritib qo‘yish uchun fuqarodan pul olayotganida qo‘lga tushganini bildirgani haqida xabar berilgan edi.

Top