19:41 / 23.11.2021
5831

Toshkent viloyatida o‘quvchilar doimiy ravishda majburiy mehnatga jalb qilingani ma'lum bo‘ldi

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani 23-maktab rahbariyati o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilib kelgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Xabarlar yuzasidan Mehnat vazirligi munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan 23-maktabdagi holat bo‘yicha Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan.

O‘rganish davomida haqiqatan ham 2021 yilning 15 noyabr kuni sinf rahbarlaridan biri tomonidan o‘quvchilar dars vaqtida maktab hovlisi va tashqari hududini tozalash ishlariga majburiy tarzda ishlatilgani aniqlangan. Shuningdek, bu kabi holat haftasiga ko‘p marotaba takrorlanib kelayotgani o‘z tasdig‘ini topgan.

Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Voyaga yetmaganlarning mehnatidan ma'muriy tarzda majburlash yo‘li bilan foydalangani yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar Jinoyat kodeksining 1482-moddasiga asosan qonuniy chora ko‘rish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Top