21:43 / 24.11.2021
20030

«Yerni qutqarish missiyasi» – «Kosmik kamikadze» asteroid orbitasini o‘zgartirishga urinib ko‘radi

Chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:21da Kaliforniyadagi kosmodromdan DART (Double Asteroid Redirection Test) nomli uchuvchisiz zond Space X'ning Falcon 9 havo kemasida koinotga uchdi. Bu tarixdagi ilk «kosmik kamikadze» hisoblanadi.

Bill Ingalls / NASA / EPA / Scanpix / LETA

325 million dollar turuvchi ajablanarli qurilmaning vazifasi ham ajablanarli – hajmi va og‘irligi jihatidan o‘zidan ancha katta asteroidga urilib, uning orbitasini o‘zgartirish. DART NASA va Yevropa kosmik agentligi hamkorligida Yerni sayyoralararo zarbalardan asrash dasturi doirasida ishlab chiqilgan. Xuddi «Armageddon» filmida Bryus Uillis uddalagani kabi.

DART'ning ilk nishoni Yerga yaqin bo‘lgan Didim asteroidi. Uning diametri 780 metr. Ikkinchi nishon esa Didimning yo‘ldoshi Dimorf. Taqqoslash uchun, nishondagi asteroid Eyfel minorasidan ikki baravar kattaroq. Ikkinchi nishon esa Ozodlik haykalidan deyarli ikki baravar katta. Ularning ikkisini jilovlashi kerak bo‘lgan DART esa 19 metr diametrli zond.

2003 yildan buyon astronomlar bu ikki asteroidni kuzatib kelishadi va ularning ikkisi ham sayyora uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Ammo olimlar Yerga real xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan o‘nlab fazoviy jismlarni qayd etishgan. «Yerni qutqarish» dasturi aynan sayyoraga urilishi mumkin bo‘lgan o‘sha obektlar uchun ishlab chiqilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, asteroidlar juftligi keyingi yil sentyabrda Yerga «atigi» 6,7 million km yaqinlashishi kutilyapti. Bu Yerdan Oygacha bo‘lgan masofadan 15 baravar uzoq degani. O‘shanda 550 kg og‘irlikdagi DART qurilmasi Dimorf asteroidiga soatiga 24 ming km tezlik bilan urilishi kerak bo‘ladi.

Yevropa kosmik agentligi Falcon 9 havo kemasi qurilmani qanday koinotga olib chiqishi va asteroidga urilish jarayoni haqida animatsion lavha e'lon qildi. Urilish jarayonini baholash va asteroidning keyingi orbitasini kuzatish Gera nomli boshqa kosmik missiyaga yuklangan. Ikkinchi bosqichdagi bu missiya Didim va Dimorf keyingi safar Yerga yaqinlashishi kutilayotgan 2026 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda asteroid orbitasi qanchalik o‘zgargani bilinadi.

Astronomlarning ma'lum qilishicha, Yerning yirik kosmik jismlar bilan urilib ketishi halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Asteroidning kattaligi va hajmiga qarab bunday urilish kamida Yer silkinishi, sunami yoki boshqa ofatlarni keltirib chiqarishi, yomon holatda esa vaziyat yanada yomonroq bo‘lishi taxmin qilinadi.

Tarixchi-astronomlarning fikricha, 66 million yil avval shunday to‘qnashish oqibatida Yer yuzida hayvonot olami, xususan, dinozavrlar qirilib ketgan. 2016 yildan buyon NASA Yerni sayyoralararo zarblardan asrash uchun aniq mexanizm ishlab chiqishga kirishgan. 2020 yildan boshlab bu loyiha jiddiy tus ola boshladi. Sayyorani asrash bo‘yicha butunjahon konferensiyada AQSh, Yevropa kosmik agentligi va «Roskosmos» qo‘shilgandi.

Mavzuga oid
Top