18:08 / 27.11.2021
17479
Buxorolik hokimlar Andijon tajribasi bilan tanishdi

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya aholi bandligini ta'minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatida bo‘ldi. Safar davomida delegatsiya safida kelgan shahar va tuman hokimlari, tadbirkorlar andijonlik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashishdi.

Buxoroliklar Andijonning turli hududlarida bo‘lib, ishlab chiqarish, xonadonda tadbirkorlikni rivojlantirish, bunyodkorlik, obodonchilik borasida qilingan ishlar va rejalashtirilayotgan vazifalar xususida ma'lumotga ega bo‘lishdi. Tashrifning birinchi kuni mehmonlar Asaka tumanida bo‘lib, tomorqasidan unumli foydalangan holda daromad topayotgan, parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan xonadonlarni ko‘zdan kechirishdi. Xususan, tumanning Obod mahallasida ko‘chatchilik bilan shug‘ullanib, 15 sotixli issiqxonadan 180 million so‘m daromad topayotgan Bozorvoy Sobirov, 2 sotixli issiqxonadan yiliga 5 marta hosil olayotgan Sanjarbek Xolmatovning ishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

“Obod turmush orzusi” fermer xo‘jaligi qoshidagi meva-sabzavotlarni quritish va qadoqlash korxonasida bo‘lgan buxoroliklar ushbu korxonada ishlab chiqarilgan sifatli mahsulotlar Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belgiya hamda Germaniya kabi davlatlarga eksport qilinayotganining guvohi bo‘lishdi. Bundan tashqari, “Baraka hamkor” parranda yetishtirish xususiy korxonasi tajribasi ham o‘rganildi. Mazkur korxona tomonidan ichki bozorga kuniga 15-20 tonna parranda go‘shti, 200 ming dona tuxum yetkazib beriladi. Bu yerda 268 ming bosh tovuq tuxum yo‘nalishida hamda 36 ming bosh tovuq ko‘paytirish uchun boqilyapti.

“Bugungi kunda aholini ish bilan ta'minlash, ularning daromadlarini oshirish har bir rahbar uchun asosiy vazifaga aylangan. Bu borada Buxoro viloyatida ham ancha ishlar qilinyapti. Bu ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Andijon tajribasini o‘rgandik. Taassurotlarimiz juda katta. Bilamiz, Andijon xalqi mehnatkash. Xonadonida 6 ming boshga yaqin tovuq boqib, oila tirikchiligini ta'minlayotgan, o‘nga yaqin qoramoli bor, issiqxona xo‘jaligini yaxshi yo‘lga qo‘ygan, uzumchilik ortidan boy-badavlat yashayotgan insonlar xonadonlarida bo‘ldik. Bular, albatta, kelib o‘rganishga arziydigan misollar. Qarovsiz yotgan maydonda zamonaviy, Italiya texnologiyasi asosida parrandachilik korxonasini tashkil qilgan tadbirkorning shijoati ham bizni hayratlantirdi. Mana, bo‘lar ekan-ku, degan so‘zning amaldagi isbotini shu yerda ko‘rdim”, — deydi Buxoro viloyati hokimi Botirjon Zaripov.

Mehmonlar Bahrin mahallasida parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor Rustamjon Sharopov hamda bedana boqish orqali yaxshigina daromad topayotgan Yulduzxon Tursunovaning xonadonida ham bo‘lib, u yerda tashkil etilgan texnologiyalar bilan tanishdi.

Buxoro delegatsiyasi tomonidan Andijon tajribasi e'tirof qilingan holda bu kabi ishlarni Buxoroda ham keng yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholi daromadlarini oshirish borasida “mahallabay” va “xonadonbay” tarzida ishlash belgilab olindi.

Reklama huquqi asosida

Top