18:46 / 28.11.2021
13950
«Valuta shoxobchalari nega dam olish kunlari ishlamaydi?» - Blogerlarning hafta mavzulari

Yakunlangan haftada ham o‘zbek blogosferasi qizg‘in muhokamalarga boy bo‘ldi. Kun.uz blogerlarning hafta mavzularini to‘pladi.

Foto: Telegram/deputat_kusherbayev

Deputat dollarni «qora bozor»da almashtirishga majbur bo‘ldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi Rasul Kusherbayev shanba kungi jonli efirida Yangiyo‘l shahrida mavjud banklarning valuta ayirboshlash shoxobchalari dam olish kunlari ishlamasligi muammosini ko‘targan holda, naqd valuta mablag‘ini qora bozorda ayirboshlashga majbur bo‘lgani haqida chiqish qilgan.

«Odamlarning shanba kunlari ko‘proq bo‘sh vaqti bo‘ladi va narsa xarid qilishga chiqishi mumkin. Turistlar ham vaqti bo‘lsa shu kunlari aylanadi. Lekin banklarimizning valuta ayirboshlash shoxobchalari shanba va yakshanba kunlari ishlamas ekan. Markaziy bank shu muammoni hal qilib bermay shu paytgacha yurganiga qoyil qolsangiz bo‘ladi», dedi u.

U o‘zi yashaydigan Yangiyo‘l shahrida 100 dollarlik kupyuradan faqat 50 dollarini almashtirish uchun bank shoxobchasi qidirgan. Naqd dollarni almashtiruvchi yagona bankomat esa qaytim bermaydi. Banklar deputatga dam olish kunlari ularda tizim o‘chishini ma'lum qilgan.

«Men o‘zim xohlamagan holda «qora bozor»ni qidirib, 50 dollarni qaytim bilan olishim uchun jinoyatga yo‘l qo‘yib, noqonuniy valuta ayirboshlashim kerak. Hozir menga guvoh bo‘lib turasizlar deb, bankni vakillarini chaqirdim.

Markaziy bank mana shu sharoitni qilib bermagani uchun fuqarolar javobgar bo‘lib ketadigan ahvolda turibdi. Ya'ni Markaziy bank yaratib qo‘ygan tizimi oqibatida «qora bozor» yo‘qolmayapti. Shuncha paytdan beri javobgar bo‘lib ketgan fuqarolar bo‘lsa, hammasining nomidan MBga kattadan katta rahmat, shular sababchi bo‘lgan.

Agar chet ellik turist kelsa, shanba yakshanba kuni rasvosi chiqar ekan. Men O‘zbekistonda yurib, 1 soatdan beri shu ahvolda yuribman. Bu sharmandalik-ku... Ishongim kelmaydi. Nahotki, shanba, yakshanba kuni kassalarni, ayirboshlash shoxobchalarini ishlatib qo‘yish qiyin?» degan deputat.

Rasul Kusherbayev keyinroq, guvohlar ishtirokida «qora bozor»dan 100 AQSh dollarining 50 dollarini so‘mga almashtirib olganini ma'lum qildi.

«Aytganimdek, guvohlar ishtirokida «qora bozor»dan 100 AQSh dollarining 50 dollarini milliy so‘mga almashtirib oldim. Qizig‘i almashtirib bo‘lganimdan so‘ng, Hamkorbankdan chiqishdi. Biroq «ujye» kech.

Holatdan xulosa shuki, har qanday vaziyatda ham fuqarolar huquqbuzarlik qilmasliklari uchun ularni shuni qilishga majbur qiluvchi barcha sabablar bartaraf etilishi shart. Bo‘lmasa adolat nuqtayi nazaridan javobgar sharoit yaratmagan tomonning bo‘ynida bo‘ladi», dedi deputat.

Yechim bormi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram kanalida yuqoridagi vaziyatga munosabat bildirib, muammoning yechimi borligini, u butun dunyoda ishlashini, biroq, «o‘ta ijtimoiylashgan maqsadlari bor» O‘zbekistonda ishlamasligi haqida yozdi.

«Oldindan aytib o‘tish kerak, Kusherbayev yuz foiz haq, iste'molchi, mijoz sifatida ham, saylovchilaridan mandat olgan deputat sifatida ham. Qani endi har bir deputat shunday bo‘lsa.

Masalaning tartibga solish talablariga to‘xtalmagan holda, nega tijorat banklari shanba-yakshanba kunlari, yoki masalan kechki va tungi vaqtlarda ayirboshlash shoxobchalarini ishlatmasligi sabablariga to‘xtalmoqchi edim. 

Birinchidan, dam olish, bayram kunlari, kechki va tungi vaqtlarda xodimlarni kamida 2 karra haq to‘lab jalb qilish kerak bo‘ladi. Bu kassirlarga ham, nazoratchi, qo‘riqchi va inkassatsiyaga ham taalluqli. Ya'ni shoxobchalarning dam olish, bayram kunlari va tungi vaqtlarda ishlashi mehnat sarfi o‘rtacha 2 barobar yuqori.

Ikkinchidan, dam olish, bayram kunlari va tungi vaqtlarda ayirboshlash operatsiyalari hajmi boshqa vaqtdagiga nisbatan karrasiga kam. Bu tajriba, amaliyot va kuzatuvlar tarzida aniqlangan holat. Valuta operatsiyalariga eng asosiy talab hosil qiluvchilari - mokkilar, o‘rta va mayda tadbirkorlar, yosh, texnologik mijozlar operatsiyalarini yo ish kunlari o‘tkazishadi, yoki dam olish kunlari esa ular onlayn tarzda operatsiya o‘tkazishni ma'qul ko‘rishadi. Chunki ular uchun shu qulay va afzal.

Ko‘ryapsizki, dam olish, bayram kunlari, kechki va tungi vaqtlarda ayirboshlash shoxobchalarining xarajatlari karrasiga ko‘p, daromadlari karrasiga kam, moliyaviy natija esa doim manfiy. Ya'ni ularning bu vaqtda ishlamasligining asl sababi sof tijoriy nuqtalarga borib taqaladi.

Yechim yo‘qmi, deyishingiz mumkin. Yo‘q, yechim bor. Bu yechim butun dunyoda amalda. Faqat biz o‘ta ijtimoiylashgan maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganimiz uchun bu yo‘ldan yurishga doim hadiksiraymiz.

Yechim - bozor.

Odatda butun erkin dunyoda va ayniqsa turistik mamlakatlarda ayirboshlash shoxobchalari dam olish kunlari va tungi vaqtlarda valutani juda arzon sotib oladi va juda qimmat sotadi. Shu bilan o‘zining marjinalligini ta'minlaydi. Shartli aytsak, ish kuni dollarni 10750 so‘mdan sotib olayotgan bank shoxobchasi dam olish kunlari dollarni 10650 so‘mdan sotib oladi. Xuddi shunday, ish kuni dollarni 10800 so‘mdan sotayotgan bank shoxobchasi dam olish kunlari dollarni 10900 so‘mdan sotadi. Shu bilan hajm kamligidan yutqazadiganini kurs farqi orqali qoplaydi.

Dunyoning istalgan mamlakatida tunda aeroportdan tushganingizda eng noqulay kurslarga ro‘para bo‘lasiz, mehmonxonalarda ham shunday.

Nega bizda bunday qilinmaydi? Sababi oddiy, ijtimoiy omillar sabab banklar minimal marjinallikni, qisqa koridorni ushlash yo‘lidan yurishadi. Tabiiyki o‘zlarining qadamlariga o‘zlari qurbon bo‘lishadi.

Siz dam olish kunlari valutangizni, masalan 100 so‘m arzonroqqa sotib, valutani 100 so‘m qimmatroqqa sotib olishga tayyormisiz?» deya savol bilan yuzlandi bloger.

«Valuta ayirboshlash huquqini hammaga berish kerak»

Yana bir iqtisodchi bloger Behzod Hoshimov valuta ayirboshlash huquqi faqat banklarga berilgani to‘g‘ri emasligi haqida yozdi.

«Valuta ayirboshlash unchalik ko‘p nazoratni talab etmaydigan faoliyat turi. Bank ishidan ancha farqlanadi. Bank ishi nazoratga muhtoj spetsifik joylari mavjud, valuta ayirboshlashda bunday xususiyat yo‘q.

Nima uchun faqat banklarga bu vakolat berilgani, shaxsan menga tushunarsiz. Xuddi shunday, agar masalan, faqat pochta shoxobchalarida valuta ayirboshlash huquqlari bo‘lganida ham, albatta, menga xuddi shunday taajjubli bo‘lar edi.

Bozordagi bunday vaziyat odatda «nazoratli egallab olinish» deyiladi ( regulyatory capture) ya'ni nazorat orqali, davlat kuchini nazorat ishlatgan holda bozorda raqobatni cheklash. Bunday holatlarni, afsuski ko‘p kuzatganmiz. Masalan, spetsifik korxonaga, spetsifik sabablarga ko‘ra qandaydir faoliyat turi bilan shug‘ullanishga imkon berilib, boshqalarga, nazorat sabablari tufayli o‘sha faoliyat bilan shug‘ullanishga cheklov qo‘yilishiga aytiladi», deb yozdi u.

Iqtisodchi valuta ayirboshlash huquqini hammaga berish ham likvidlik berishi, ham raqobat ko‘p bo‘lgani uchun xizmat sifatini oshirishini ta'kidlagan.

«O‘sha gap hali ham aktual. Birjadagi va bozordagi valuta savdogarlari biz uchun juda muhim va oliyjanob ish qilishlari mumkin bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Ya'ni chindan ham yechim bozor. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishni boshlasak yaxshi bo‘lar edi. Har sohada», deydi u.

Parallel O‘zbekiston

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bloklangan tarmoqlar tufayli vazirlar-u amaldorlar ishdan ketganiga qaramay, hamon Twitter, Tik-Tok, Wechat kabi tarmoqlar blokda qolayotganiga e'tibor qaratdi.

«Taqachilar qanday ishlashini hech ko‘rganmisiz? Internetda ko‘plab taqachilarning o‘z blogi bor. Videolari juda qiziq, bu kasbning ham biz bilmagan ko‘p sinoatlari borligini ko‘rsa bo‘ladi.

O‘zi umuman bizda ham shu kabi qiziq va kamyob kasb egalari blog yuritishni boshlashi kerak. Bu odamlarga ancha qiziq va foydali bo‘ladi.

Aytgancha, men bu videolarni O‘zbekistonda bloklangan TikTok tarmog‘ida VPN ilovasi orqali ko‘rdim. Telegram, Facebook’ni bloklashganda rosa vahima ko‘tarildi, vazirlaru boshqa amaldorlar ishdan ketdi, bloklangan tarmoqlar bir necha soatda qayta ochildi. Lekin iyun oyida bloklangan Twitter, TikTok, Wechat kabi tarmoqlar haligacha blokda turibdi. Qandaydir g‘alati, parallel O‘zbekiston», deb yozdi bloger.

«Soliqlarim qayerga ketyapti?»

Iqtisodchi Botir Qobilov har yili fuqarolar budjet loyihasi bilan tanishishi naqadar muhimligi haqida yozdi.

«Erkinlik va rivojlanishning garovi bitta savolda va unga javob izlashda yotadi: Soliqlarim qayerga ketyapti, nimalarga sarflanyapti?

Fuqarolar uchun eng muhim axborotnoma — har yilgi budjet bilan tanishish. 2022 yilgisi bu yerda.

Bunda sigaret ishlab chiqaruvchi korxonaning davlat budjetidagi ulushi avtomobil yig‘uvchi korxonadan ikki barobar ko‘pligidan tashqari boshqa ma'lumot ham qiziq. 2022 yilgi davlat budjeti tushumlarining uchdan bir qismi energetika+metallurgiya sektoridagi davlat korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelar ekan», deydi u.

Iqtisodchi budjet loyihasidagi muhim jihatlarga to‘xtalar ekan, subsidiyalarni keskin qisqartirish, ulardan voz kechish kerakligini ta'kidlaydi.

«O‘zbekiston 2020 yilda energiya subsidiyasi uchun 3.8 millard dollar ishlatgan. Albatta, bu 2017 yilgi 5.6 milliard va 2018 yilgi 9 milliard dollardan kamligini e'tirof etish kerak. Subsidiyalarni keskin qisqartirib ulardan voz kechish maqsadga muvofiq. Benzin narxi atrofidagi barcha mulohazalarda mana shu raqamlarni inobatga olish juda muhim.

Boshqacha qilib aytganda, biz yalpi ichki mahsulotimizning 6.6 foiz qismiga teng mablag‘ni energiya subsidiyasiga ishlatar ekanmiz. 2020 yilda faqat Venesuela (6.8 foiz) va Liviyada (15.1 foiz) bu ko‘rsatkich yuqoriroq bo‘lgan. Agar kishi boshiga chaqsak, 2020 yilda, har bir kishiga 112 dollar subsidiya to‘g‘ri kelgan ekan. Agar bizdan ancha boyroq mamlakatlarga solishtirsak, bu juda ko‘p, masalan, Rossiyada 101 dollar, Indoneziyada 25, Malayziyada 3, Janubiy Koreada esa kishi boshiga 1 dollar subsidiya.

Energetika sohasiga subsidiyalarni boshqa sohalarga xarajatlar bilan (masalan ta'lim, tibbiyot) solishtirishni o‘quvchiga qoldiraman», deb yozdi u.

Elektr energiya iste'moli va farovonlik haqida

Otabek Bakirov mamlakatlarning faravonlik darajasi energiya iste'moli bilan bog‘liqligi haqida yozdi.

«Rasmiy statistikamizga ko‘ra, 2020 yil yakunlari bo‘yicha jon boshiga elektr energiyasi iste'moli 2 ming kVt/soatni tashkil etgan. E'tiborlisi, 20 yil avval 2000 yilda ham jon boshiga elektr iste'moli 2 ming kVt/soatdan iborat bo‘lgan.

Haqiqat uchun aytish joizki, 2008-2016 yillarda bu ko‘rsatkich 1,8 ming kVt/soatgacha pasayib ketgan.

Hududlar qirqimida olinganda eng ko‘p elektr ishlatilishi Navoiy viloyatiga to‘g‘ri keladi. Jon boshiga 7,9 ming kVt/soat. Eng kam elektr iste'moli esa Qoraqalpog‘istonda: jon boshiga 0,7 ming kVt/soat. Elektr iste'moli hajmiga qarab mamlakatimizning eng boy va eng qoloq hududlarini aniqlash mumkin.

Chunki elektr energiya iste'moli va turmush darajasi sifati yuqori darajada to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlikka ega», deb yozdi iqtisodchi.

U O‘zbekiston eng kam elektr iste'mol qiladigan va eng qashshoq mamlakatlar ro‘yxatidan joy olganini ta'kidladi.

«Masalan, solishtirish uchun, Qozog‘istonda jon boshiga elektr energiya iste'moli 5,8 ming kVt/soatni, Rossiyada 7,2 ming kVt/soatni, Gruziyada 3,3 ming kVt/soatni tashkil etadi. Bu borada peshqadamlar Islandiya, Norvegiya va Kanada mamlakatlaridir. Jon boshiga eng ko‘p elektr energiya iste'mol qiladigan 50 mamlakat va eng boy 50 mamlakat ro‘yxati korrelyatsiyasi 80 foizdan ziyod.

Eng kam elektr iste'mol qiladigan 50 mamlakat va eng qashshoq 50 mamlakat korrelyatsiyasi 66 foizga yaqin. Afsuski bu ro‘yxatga biz, O‘zbekiston ham kiramiz.

2030 yilga borib jon boshiga YaIMni 4 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan, bu vazifa elektr ishlab chiqarish va iste'molini oshirmasdan ro‘yobga chiqmaydi.

Ochiq bozor va erkin narxlar platformasiga o‘tmay turib elektr energiya generatsiyasini oshirish namunasi mavjud emas.

Faqat bozor prinsiplari to‘liq amal qiladigan mamlakatdagina energiya ishlab chiqarish oshib boradi, tabiiyki uning ortidan iqtisodiy farovonlik yuksalishi yuz beradi», deb yozdi u.

Top