11:45 / 30.11.2021
12520
Aripov va Mishustin O‘zbekistonning YeOII bilan munosabatlarini muhokama qildi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Rossiya hukumati saytida xabar berildi.

Foto: Getty Images

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, sanoat kooperatsiyasi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va transport infratuzilmasi sohasidagi o‘zaro aloqalarni muhokama qildi

«Abdulla Aripov va Mixail Mishustin O‘zbekiston va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish mavzusiga alohida e'tibor qaratdi», — deyiladi Rossiya hukumati xabarida. 

Joriy yil 28 oktabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi kengashi raisi Mixail Myasnikovich bilan uchrashgandi.

O‘shanda O‘zbekiston va YeOIIga a'zo davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadida YeIK bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqishga kelishilgandi

Unda savdo, sanoat, bojxona va soliq ma'muriyatchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlari, energetika, farmatsevtika, mehnat migratsiyasi va boshqa sohalarda YeIK tegishli bo‘linmalari hamda mamlakat vazirliklari va idoralari o‘rtasidagi hamkorlik chora-tadbirlari aks etadi.

Top