11:51 / 16.12.2021
11568

O‘zbekistonda favqulodda holat davrida qanday cheklovlar joriy etilishi mumkinligi belgilandi

Foto: Kun.uz

“Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Favqulodda holat fuqarolarning hayotiga, sog‘lig‘iga va xavfsizligiga, konstitutsiyaviy tuzumga va (yoki) hududiy yaxlitligiga bevosita tahdid soladigan hamda favqulodda choralar qo‘llamasdan bartaraf etish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, alohida hollarda joriy etiladi. 

Hujjatga ko‘ra, favqulodda holat prezident farmoni bilan O‘zbekistonning butun hududida yoki ayrim joylarida joriy etiladi. 

O‘zbekistonning butun hududidagi favqulodda holat 30 sutkadan, ayrim joylardagi favqulodda holat esa 60 sutkadan oshishi mumkin emas. Favqulodda holatni joriy etish maqsadlariga erishilmaganda muddat uzaytirilishi mumkin. 

Favqulodda holat davrida quyidagi choralar va vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin:

  • davlat organlari vakolatlarini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish;
  • harakatlanishga nisbatan cheklovlar;
  • jamoat tartibini, o‘ta muhim va toifalangan obektlarni muhofaza qilishni kuchaytirish;
  • faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga cheklovlar;
  • oziq-ovqatni va eng zarur narsalarni sotish, sotib olish hamda taqsimlashning alohida tartibi;
  • yig‘ilishlar, mitinglarni taqiqlash yoki cheklash;
  • transportlar harakatini cheklash.

Favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha maxsus davlat boshqaruvi organlari tashkil etilishi mumkin, ular jumlasiga quyidagilar kiradi: favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha davlat komissiyasi; hudud komendaturasi. 

Real tashqi xavf bo‘lganida komendantlik soati joriy etilishi mumkin. Bunda qoidalarni buzgan shaxslar komendantlik soati tugaguniga qadar ushlab turiladi.

Top