22:35 / 17.12.2021
28662

Chilonzor tumani obodonlashtirish xodimlari hokimlik oldida to‘plandi. Hokim ular bilan uchrashdi

Ijtimoiy tarmoqlarda oylik kamaygani va kechikkanidan norozi bo‘lgan Chilonzor tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlarining hokimlikdan noroziligi aks etgan video tarqaldi.

Videoda xodimlar oyliklarini to‘liq miqdorda ololmayotgani, oyliklar doimiy kechikishi, avans berilmagani, yo‘lkiraga yonlaridan xarajat qilishlaridan noroziligini bildirganiga guvoh bo‘lish mumkin.

«O‘zi oldingi oyligimizdan 300 ming kam chiqqan. Avans yo‘q, bayram puli yo‘q. Ishlatishni biladi, lekin oylikdan darak yo‘q.

Kiyim almashtiradigan xonamiz yo‘q. Qayerga borsak, hojatxonaga kiritishmaydi. Bizdan hazar qilishadi. Stolovoyga borsak, bir piyola choy bermaydi», deydi ishchilardan biri.

Xodimlardan yana biri o‘tgan oyda 400 ming so‘m oylik olganini aytadi.

«Shaxsan o‘zim 400 ming oylik oldim. Ikkita kreditim bor. Ro‘zg‘orimga umuman yetgani yo‘q. Avansimizni tushirib bermadi. Kecha idoraga telefon qilsak, «Qo‘lingdan kelganini qil» deyapti. Biz qayerga boraylik. Hokimdan yordam so‘rab keldik.

Bola-chaqamizga nima yediramiz. Bir-birimizdan pul olib yo‘lkira qilib kelyapmiz. Hashar desa, borsak, avtobuslar bermasa... Avtobusda hasharga olib borib qo‘yadi, qaytishda qanday qilib ketsang, ket deydi. Jamoat avtobuslari esa chiqarmaydi. 116-avtobusga chiqamiz, odamlar «chiqmalaring» deb jirkanyapti», deydi u.

Shuningdek, u obodonlashtirish xodimlariga nisbatan bo‘layotgan mensimaslik, hazar qilish holatlaridan qiynalayotganini bildirdi.

«Kafelarga kiramiz. Ovqatlanib olaylik, desak, ovqatlanishga ham kirgizishmaydi. Uyat bo‘lsa ham aytaman, hojatxonaga kirish ham muammo bo‘ladi. Biz arzimizni kimga aytaylik?! » deya qo‘shimcha qiladi ishchi.

«Noyabr oyi sovuq bo‘ldi. Odamlar ko‘chaga chiqishga ham eringan bir paytda biz (isitish – tahr.) qozonlarni yaxshilab tozaladik. Mana endi halol oyligimizni olamiz, desak, oldingi oy uchun oylikni kesib tashladi. Bu oy bo‘lsa, umuman, avansimizni ham ololmayapmiz. Qishloqning bir burchagidan kelamiz. Yo‘lkira qimmat. Boshqa ishxonalarda bayram pullari beriladi. Nega Chilonzor ishchilarining peshonasi sho‘r, nimaga ular bayram puli, oyliklarini vaqtida ololmaydi?» deydi ishchilardan yana biri.

Chilonzor tumani hokimligi norozilikdan so‘ng tuman hokimi Shavkat Mavlonov xodimlar bilan shaxsan uchrashgani, ularning oyliklari tushirib berilganini bildirdi.

Foto: Chilonzor tumani hokimligi
Foto: Chilonzor tumani hokimligi

Shuningdek, xodimlarni kiyinish xonasi, xizmat avtoulovi bilan ta’minlash, ularga 3-razryad bo‘yicha berilayotgan maoshni qayta hisoblash, moddiy rag‘batlantirish, maxsus rag‘batlantirish fondi hisobidan takliflarini ishlab chiqish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berilgan.

Mavzuga oid
Top