16:19 / 17.12.2021
14616

O‘zbekistonda yashab kelayotgan afg‘onlar majburan chiqarib yuborilmaydi – Ismatulla Ergashev

O‘zbekiston hududiga qochib o‘tgan Afg‘oniston fuqarolarining hammasi o‘z vataniga qaytarilgan. O‘zbekiston hududida yashab kelayotgan afg‘onlar esa majburiy tarzda mamlakatdan chiqarib yuborilmaydi.

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashevning ta’kidlashicha, 15 avgust voqealaridan keyin Amudaryo orqali 150 nafarga yaqin afg‘onlar O‘zbekiston hududiga suzib o‘tgan va keyinchalik ularning hammasi vataniga qaytarilgan.

«O‘zbekiston hududida yashab kelayotgan afg‘on fuqarolarini kuch bilan, majburiy tarzda vataniga qaytarish rejalarimiz yo‘q. Ammo Termizda ommaviy tarzda yashab kelayotgan qochoqlarning katta lageri yoki shunga o‘xshash alohida maskani haqidagi gaplar yolg‘on.

OAVga birinchi marta shuni aytishim mumkinki, 15 avgustdagi voqealardan keyin Amudaryo orqali 150 nafarga yaqin afg‘on fuqarolari O‘zbekiston hududiga suzib o‘tgan. Ularning aksariyatining moliyaviy imkoniyati yomon ahvolda edi, oilasi va yaqinlari Afg‘oniston hududida qolib ketgandi. Ya’ni bizning hududga qochib o‘tganlarning AQSh yoki Yevropa mamlakatlariga ketish uchun iqtisodiy imkoniyati yo‘q edi.

Ular bilan gaplashganimda, agar yangi hukumat qamamasa yoki jazolamasa, ortga qaytish istagida ekanliklarini aytishdi. Ular orasida Afg‘onistonning sobiq hukumatiga xizmat qilgan harbiylar, davlat xizmatchilari ham bor edi. Ularni mayda guruhlarga bo‘lib, hammasini vataniga qaytardik. Qaytganlarning birortasi qamalgani, kaltaklangani yoki jazolangani yo‘q. Ular o‘zlarining eski turar joylariga xavfsiz yetib olishgan.

«Tolibon» rasmiylari bilan gaplashganimda, ular bu qochqinlarga nisbatan umumiy amnistiya berilishi va jazolanmasligini aytishdi.

Endi O‘zbekistonning turli shaharlarida yashab kelayotgan afg‘on fuqarolari haqida aytadigan bo‘lsak, xalqaro tashkilotlar ularning bir qismiga uchinchi mamlakatga borib, qochoq maqomida yashashlari uchun yordam beradi, yashash va ishlash imkoniyatiga egalari O‘zbekiston hududida qoladi va viza masalalari o‘z-o‘zidan hal etiladi.

Shu bilan birga, ayni paytgacha O‘zbekiston hududida bo‘lishi uchun viza muddatlari tugaganlar ham majburan mamlakat hududidan chiqarib yuborilmaydi», dedi u.

Top