19:24 / 18.12.2021
6311
Ismatulla Ergashev - Afg‘onistonda milliy iqtisodiyotni tiklash, «Tolibon» rasmiylarining O‘zbekistonga va o‘zbek jurnalistlarining Afg‘onistonga tashrifi haqida

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining Afg‘onistonda milliy iqtisodiyotni tiklash va «Tolibon» muvaqqat hukumati bilan aloqalarga oid qator savollariga javob berdi.

— Afg‘onistonning o‘z milliy iqtisodiyotini mustaqil tiklay olishi bo‘yicha umidlar bormi? Chunki u bir umr xalqaro gumanitar yordamlarning o‘zi bilangina yasholmaydi.

— Savolingiz juda o‘rinli. Bilasizmi, Afg‘onistonni bugungi jiddiy ahvolidan gumanitar yordamlarning o‘zi bilangina olib chiqib bo‘lmaydi. Shuningdek, Afg‘onistonning valuta zaxiralarini ozod qilish ham bugun yaxshi natijaga kifoya qilmaydi.

Bugun Afg‘onistonning milliy iqtisodiyotini qayta tiklash kerak. Milliy iqtisodiyotni qayta tiklash uchun esa O‘zbekiston, Turkmaniston yoki Eron ilgari surayotgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish kerak. Xususan, Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temiryo‘li loyihasini. Bu – olamshumul loyiha. Buning ortidan yuz minglab afg‘onistonliklar ish bilan ta’minlanadi.

Ikkinchidan, tranzit yuklari orqali Afg‘onistonning davlat budjetiga ham juda katta mablag‘ tushadi.

Shuningdek, Surxon-Puliqumli temiryo‘l tarmog‘ini qurish loyihasi. Bu temiryo‘lni qurish birinchidan, Afg‘oniston Markaziy Osiyo elektr tizimiga kirishiga yordam bersa, ikkinchidan, Afg‘onistonni elektr quvvatini eksport qiluvchi mamlakatga ham aylantiradi.

Afg‘onistonning milliy iqtisodiyotini mana shu kabi loyihalar bilan tiklash mumkin.

Afg‘onistonda shuningdek, juda katta miqdorda yerosti tabiiy zaxiralari bor. Uning iqtisodiy salohiyati ham juda katta. Ammo ming afsuski, urushlar bu salohiyatni amalga oshirishga imkoniyat bermayapti.

Ishonchim komil, agar tinchlik bo‘lsa, Afg‘onistonning milliy iqtisodiyoti rivojlanishga yuz tutadi.

— «Tolibon»ning yaqin orada O‘zbekistonga rasmiy tashrifi kutilyaptimi?

— Hozircha rasmiy tashrif haqida gapirishga erta. Amaliy tashriflar? Ha, bo‘lishi mumkin. Lekin rasmiy tashrif bo‘lmaydi, chunki Afg‘onistonda tuzilgan muvaqqat hukumatni jahondagi birorta davlat hali tan olgani yo‘q.

— Yaqin orada O‘zbekistondagi tahririyatlar, masalan, Kun.uz’ga Afg‘onistonga borib, reportajlar tayyorlash imkoniyati yaratilishi mumkinmi?

— Agar Kun.uz muxbirlari Afg‘onistonga safar qilish va bu davlat bilan tanishish istagida bo‘lsa, men Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan gaplashib berishim mumkin.

Bu borada Afg‘oniston yangiliklarini dunyoga yetkazuvchi rasmiy vakil Zabihullo Mujohid janoblari bilan gaplashib, safaringizga yordam berishim mumkin.

Top