20:14 / 20.12.2021
11336
«Men ham buning tarafdori emasman» – Davletov totalizatorlar haqida

2021 yil 20 dekabr kuni Toshkent yoshlar forumida ishtirok etgan adliya vaziri Ruslanbek Davletov totalizatorlarni cheklash xususida fikr bildirdi.

Foto: Toshkent yoshlar forumi

Yoshlardan biri vazirga totalizatorlar, xususan, 1xbet’ni cheklash haqidagi savol bilan murojaat qildi.

«Bu juda dolzarb masala. Ularni cheklash, chegaralash – bu texnik masala. Shu tufayli, bu haqda soha egalari aniq ayta oladi.

Bu bugungi kundagi tarbiyaga juda qattiq ta’sir qilyapti. Biz sohani o‘rganganimizda xorijiy davlatlar orasida bunga ruxsat berilgani ham, cheklangani ham, taqiqlangani ham borligiga guvoh bo‘lganmiz.

Katta-katta davlatlar sohaga psixologiya xizmatlarini kiritgan. Berilib ketganlarga yordam ko‘rsatiladi, anonim kurslarda o‘qitiladi. Bu borada ishlash kerak. Chunki, bu davlatning majburiyati – aholi har xil yo‘llarga kirib ketishining oldini olish bo‘yicha tegishli davlat organlari ish olib borishi kerak.

Taqiqlash haqida fikr bildiradigan bo‘lsam, hozir inson sifatidagi va adliya vaziri sifatidagi fikrim aralashib ketib qoladi. Lekin ikkalasi aralashsa ham aytaman: men ham buning tarafdori emasman.

Yoshligimda Amerikaga borib o‘qiganimda men ham ko‘rganman. Los-Anjyelesda kollejda o‘qigan paytim uning dahshatli narsa ekanligini ko‘rdim. Totalizator faqat uni o‘ynayotgan odamga emas, hamma yoqqa ta’sir qiladi. U yerdagi qadriyatlar juda boshqacha, bizga to‘g‘ri kelmaydigan qadriyatlar. Shuning uchun, bu borada davlat boshqaruvi juda qattiq bo‘lishi kerak», – deydi vazir.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Top