17:37 / 23.12.2021
4816

Iste’molchiga tovar, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilishi belgilanmoqda

Tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, iste’mol xususiyatlarini saqlab qolgan, qadog‘i bilan qaytarilgan bo‘lsa va iste’molchi tovarni kimdan sotib olganligiga oid asosga ega bo‘lsa, tovarni almashtirib berishga yoki qaytarib olishga doir xaridor talabi qanoatlantiriladi.

Foto: Getty Images

Senat tomonidan ma’qullangan, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • endilikda iste’molchiga tovar (ish, xizmat), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilishi belgilanmoqda;
  • sotuvchiga haq to‘lash shakliga qarab (naqd va naqd pulsiz) tovarning ayni bir markasi, shuningdek, bir xil hajmdagi va sifatdagi ishlar, xizmatlar uchun har xil narx belgilash taqiqlanmoqda;
  • iste’molchi tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarishda tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, pulni qaytarish ham xuddi shunday shaklda amalga oshirilishi belgilanmoqda;
  • iste’molchining maqbul sifatli tovarni almashtirib berishga yoki qaytarib olishga doir talabi, agar tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, uning iste’mol xususiyatlari saqlanib qolgan, qadog‘i bilan qaytarilgan bo‘lsa va iste’molchi tovarni ushbu sotuvchidan sotib olganligiga oid asosga ega bo‘lsa, qanoatlantiriladi;
  • iste’molchiga nuqsonli va talabga javob bermaydigan tovar sotilganligini aniqlash (ekspertiza qilish) bilan bog‘liq xarajatlar sotuvchi tomonidan qoplab beriladi;
  • sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda iste’molchiga o‘zining qonunchilikda belgilangan talablarini qanoatlantirishda ustuvor huquq beriladi.

Shuningdek, tovarlarni masofadan turib va axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari joriy etilmoqda.

Bunda sotuvchi iste’molchiga:

  • shartnoma tuzilgunga qadar sotuvchi, tovar yoki uni yetkazib berish tartibi va boshqa shartlar to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etadi;
  • belgilangan muddatlarda to‘langan summa qaytarilmagan taqdirda, har bir kun uchun tovar narxining 1 foizi miqdorida penya to‘laydi, tovarni qaytarish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni esa o‘z zimmasiga oladi.
Top