20:00 / 26.12.2021
50835
Qizil maydonga qo‘ngan samolyot: nemis yigitchasining jasoratimi yoki KGB loyihasi?

1987 yil 28 may. Moskvadagi Qizil maydon uzra samolyot aylana boshlaydi. So‘ng sal nariroqdagi ko‘prikka qo‘nadi va sekin harakatlanib, Qizil maydonga kirib keladi. Uchuvchi samolyotdan tushib, odamlarga dastxat bera boshlaydi. Birozdan keyin uni qamoqqa olishadi.

Sovet ittifoqi chegaralari o‘z davrida eng mustahkam qo‘rg‘on hisoblangan. Uni buzib o‘tishga uringanlar darhol yo‘q qilinardi. Ammo 1987 yilda Germaniya Federativ Respublikasining Hamburg shahrida yashovchi 19 yoshli Matias Rust kichik samolyot bilan SSSR chegarasini buzib o‘tib, Moskvagacha uchib kelishga va sovet imperiyasining yuragi — Qizil maydonga qo‘nishga muvaffaq bo‘ladi.

Cessna Qizil maydonda.
Foto: reddit.com

O‘shanda bu voqea barchani ajablantirgandi. Shu hodisa tufayli Gorbachyov mudofaa vaziri va boshqa qo‘mondonlarni ishdan bo‘shatadi. Keyinchalik sovet harbiylarining bir qismi bu ishni G‘arb maxsus xizmatlari uyushtirgan, degan bo‘lsa, yana bir qismi KGB loyihasi deb taxmin qiladi. Matiasning o‘zi esa bu iddaolarning barchasini rad etib, G‘arb mamlakatlari va SSSR o‘rtasida do‘stlik ko‘prigi o‘rnatmoqchi bo‘lganini aytgan.

Matias Rust

Matias Rust 1968 yilda GFRning Hamburg shahrida tug‘ilgan. Uning otasi dunyoga mashhur mashinasozlik va elektronika buyumlari ishlab chiqaruvchi AEG kompaniyasida muhandis bo‘lib ishlardi. U o‘g‘lini ilk bor aerodromga olib borganida Matias 5 yoshda bo‘lgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Matias Hamburgdagi aeroklubga a’zo bo‘ladi va uchuvchilik sirlarini o‘rgana boshlaydi. U 18 yoshga kirganida aeroklubdan kichik samolyotlarni boshqarish uchun litsenziya oladi.

Parvoz

1987 yil 13 may kuni Matias Rust GFR shimolidagi Iterzen shaharchasidan o‘zi a’zo bo‘lgan aeroklubdan ijaraga olingan Cessna kichik samolyotida parvoz qiladi. U Shimoliy dengiz ustidan uchib o‘tib, Islandiyaning Hyovdi shaharchasigacha boradi.

Bir hafta Islandiyada bo‘lgan Matias 22 may kuni Norvegiyaga, so‘ng 25 may kuni Helsinki shahriga uchadi. Shu tariqa, u 2 600 mil masofani uchib o‘tadi.

Matias Rust uchgan yo‘nalish.
Foto: Wikipedia

28 may kuni ertalab u Helsinkida Cessna’ga yonilg‘i quyadi. Aeroport dispetcheridan Stokholm shahriga uchishga ruxsat oladi va havoga ko‘tariladi, ammo Shvetsiya poytaxtiga bormaydi.

Havoga ko‘tarilgach, Matias 20 daqiqadan so‘ng barcha aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yadi. So‘ng yo‘nalishini keskin o‘zgartirib, Helsinki va Moskvani bog‘laydigan havo yo‘liga o‘tib oladi.

Moskvaga uchish

Oradan biroz o‘tib, Rust o‘tirgan samolyot Finlandiya janubida radiolokatsiya ekranlaridan g‘oyib bo‘ladi. Fin dispetcherlari darhol qidiruv-qutqaruv operatsiyasini boshlaydi.

Qutqaruvchilar Fin ko‘rfazi yaqinida yonilg‘i qoldiqlarini topishadi va Matias o‘tirgan samolyot shu yerga qulagan, deb taxmin qilishadi. Bu paytda esa Matias radarlarga ko‘rinmaydigan darajada pastlab SSSR chegarasiga yaqinlashib qolgandi. Keyinchalik, Finlandiya hukumati Matiasdan uni qidirish paytida qilingan xarajatni hisoblab, yuz ming dollardan oshiqroq mablag‘ni undirib oladi.

Matias Sovet ittifoqi chegarasini Estoniyaning Koxtla-Yarve shahri yaqinida buzib o‘tadi va Moskvaga yo‘l oladi. U asosan ko‘llarni mo‘ljal olib, temir yo‘l liniyalari bo‘ylab uchadi.

Sovet radarlari avvaliga Cessna’ni payqamaydi. Keyin esa uni Yak-12 sport samolyoti, deb o‘ylashadi. Moskvaga yaqinlashguncha Matiasning samolyotini kuzatish uchun harbiy samolyotlar bir necha bor havoga ko‘tariladi. Ammo hali aniq bo‘lmagan nishonni urib tushirib xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni yo‘q qilishga buyruq berilmaydi.

Qolaversa, ancha pastda sekin harakatlangan Cessna’ni qiruvchi samolyotlar bilan kuzatib borish imkonsiz edi. Matiasning samolyotini yo‘q qilish buyrug‘ini olmagan qiruvchi samolyotlar uning tepasidan 1-2 marta aylanib uchishadi va bazaga qaytishadi.

O‘sha voqeadan keyin SSSR Mudofaa vaziri etib tayinlangan Dmitriy Yazov Matiasning samolyoti Moskvaga borguncha kuzatib borilgani va parvozni to‘xtatishmaganini ma’lum qilgan. Bunga sabab qilib u 1983 yilda Uzoq Sharqda Janubiy Koreya samolyoti urib tushirilishi oqibatida 269 nafar yo‘lovchi halok bo‘lganidan so‘ng harbiylarga yo‘lovchi tashuvchi turli samolyotlarni urib tushirmaslik buyrug‘i berilganini aytgan.

Sobiq SSSR Mudofaa vaziri Dmitriy Yazov.
Foto: ensonhaber.com

Bundan tashqari, SSSR ham imzolagan Chikago konvensiyasida yengil dvigatelli kichik sport samolyotlari havo hududini buzib kirganda ularni faqat majburan qo‘ndirish nazarda tutilgandi. Bu esa ancha murakkab ish bo‘lgan.

Matias Moskva yaqiniga yetib kelganda harbiylar Cessna parvoz rejimini buzgan holda uchib yurganini bilib qolishadi. Ammo Moskva osmonida sport samolyotlari tez-tez parvoz qilib turgani uchun ular ham Cessna’ni sovet yengil samolyoti deb o‘ylashadi.

Cessna Qizil maydonda

Soat 18:30da Matias Moskva shahri tepasida ucha boshlaydi va Qizil maydonga, Kreml oldiga qo‘nmoqchi bo‘ladi. Ammo buning iloji bo‘lmaydi. U Qizil maydon tepasini bir necha marta aylangach, yaqin oradagi ko‘prik ustiga qo‘nadi va ohista harakatlanib, Avliyo Vasiliy sobori ro‘parasigacha keladi. So‘ng samolyotdan tushib, odamlarga dastxat bera boshlaydi. Oradan bir soat o‘tib, u hibsga olinadi.

Cessna Qizil maydon uzra.
Foto: taringa.net
Cessna Qizil maydonda.
Foto: science-film.ru

Tergov davomida KGB xodimlari avvaliga Matias Rustda ruhiy muammolar bor, degan xulosaga kelishadi. Uni tekshiruvdan o‘tkazish uchun GFR hukumatiga topshirish taklif etiladi. So‘ng bu taklif bekor qilinadi va tergov davom ettiriladi.

Matias hibsga olinganidan uch oy o‘tib 1987 yil 2 sentyabrda sud jarayoni boshlanadi. U bezorilikda, aviatsiya qonunchiligini buzishda va sovet chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanadi.

Matias Rust sud zalida.
Foto: www.pluska.sk

Matias sudda o‘zining parvozi tinchlikka chaqiriq ekanini, bu ishi bilan u G‘arb davlatlari va SSSR o‘rtasida tinchlik ko‘prigi o‘rnatmoqchi bo‘lganini ta’kidlaydi. 4 sentabr kuni sud hukmi bilan Matias to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

Matias Rust sud zalida.
Foto: nn.by

1988 yil 3 avgustda e’lon qilingan amnistiyaga ko‘ra 432 kun qamoqda o‘tirgan Matias ozod qilinadi va GFRga qaytib ketadi.

Cessna’ning parvozi haqida shubhalar

Matiasning SSSRga parvozi va Qizil maydonga qo‘nishi o‘sha paytda G‘arb OAV tomonidan u yaxshi ko‘rgan qizini qoyil qoldirish uchun qilgan, deb ta’riflanadi. Ammo sovet harbiylari boshqacha fikrda edi. Ularning bir qismi, jumladan, 1991–1997 yillarda Rossiya harbiy-havo kuchlari bosh qo‘mondoni bo‘lgan P.Deynekin Matiasning parvozini G‘arb maxsus xizmatlari uyushtirganini aytgan.

Harbiylarning yana bir guruhi esa Matiasning parvozini KGB mamlakat armiyasida kadrlar almashuvini amalga oshirish uchun uyushtirgan, deb biladi. KGB sobiq polkovnigi I.Morozov, SSSR havo hujumidan mudofaa tizimi bosh qo‘mondoni R.Akchurin, uning o‘rinbosari O.Zvyaginsev, general-polkovnik L.Ivashov shular jumlasidan.

SSSR mudofaa vazirligida ishlagan general S.Melnikov o‘z intervyularida Matiasning parvozi o‘sha paytda KGB rahbari bo‘lgan Vladimir Kryuchkovning rejasi bo‘lgani va u Cessna’ning Moskvaga qo‘nishigacha bo‘lgan jarayonni shaxsan nazorat qilganini ma’lum qilgan.

Matiasning Moskvaga parvozini KGB uyushtirgan, deydiganlar Cessna’ning yonilg‘i baki sig‘imi kichik bo‘lgani va u to‘xtamasdan Xelsinkidan Moskvagacha uchib bora olmasligini vaj qilib keltirishgan. Ular Matias Moskvaga yetguncha yo‘lda kamida ikki joyda qo‘nib, yonilg‘i quygani va bu ishlarning hammasi KGB tomonidan uyushtirilganini aytishgan.

Sobiq KGB boshlig‘i Vladimir Kryuchkov.
Foto: www.24h.com.vn

2007 yilda — Moskvaga qilgan parvoziga 20 yil to‘lganda Matias Rust bu ishga na G‘arb va na SSSR maxsus xizmatlari aloqadorligini aytgan. U o‘shanda G‘arb davlatlari va Sovet ittifoqi o‘rtasida «do‘stlik ko‘prigi» o‘rnatish uchun parvoz qilganini takrorlagan.

«O‘sha paytda yoshim 19 da edi va hamma ishni qilish mumkin, deb hisoblaganman. Hech narsani o‘ylamasdan parvoz qilganman. Agar hozir o‘sha ishni takrorla, deyishsa, men bunga jur’at qila olmayman. Moskvaga parvozim o‘shanda o‘ylamasdan qilingan ish edi», degandi Matias.

SSSR Mudofaa vazirligida o‘tkazilgan «tozalashlar»

Matiasning parvozini KGB uyushtirgan, deganlar ham bejiz gapirishmagan. M.Gorbachyov Matias voqeasidan so‘ng Mudofaa vazirligi va uning tarkibiy qismlarida kadrlar almashinuvini amalga oshiradi. 1987 yil 30 may kuni SSSR Mudofaa vaziri Sergey Sokolov va Havo mudofaasi qo‘mondoni Aleksandr Koldunov o‘z lavozimlaridan ozod qilinadi, Dmitriy Yazov yangi Mudofaa vaziri etib tayinlanadi.

Mixail Gorbachyov.
Foto: gazeta.ru

O‘sha yili 10 iyungacha SSSRda 34 nafar yuqori lavozimli zobitlar va generallar javobgarlikka tortiladi.

Matiasning parvozi keltirib chiqargan oqibatlar haqida fikr bildirgan AQShning milliy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi Uilyam Odom 1987 yilda SSSR Mudofaa vazirligida o‘tkazilgan kadrlar almashtiruvini 1937 yilda Stalin sovet qurolli kuchlarida o‘tkazgan tozalash bilan tenglashtirgan. Har ikkalasida ham mudofaa vazirligining deyarli butun rahbariyati, shu jumladan, harbiy okruglar komandirlarigacha almashtirilgan.

Matias Rustning keyingi hayoti

Matias GFRga qaytgach, undan uchuvchilik litsenziyasini qaytarib olishadi. Keyinroq shifoxonada ishlab yurganida hamshiraga pichoq bilan tahdid qilgani uchun u yana 4 yilga qamaladi.

1994 yilda Matias Gorbachyov bilan uchrashmoqchi bo‘lib Rossiyaga keladi. Uch hafta urinib, sobiq SSSR rahbari bilan ko‘risha olmaydi. Shundan so‘ng Trinidad va Tobagoga ko‘chib ketadi. U bir muddat Hindistonda yashaydi va choy magnati bo‘lgan hindning qiziga uylanib, Germaniyaga qaytadi.

2012 yilda Matiasning Moskvaga qilgan parvoziga 25 yil to‘lganda hodisa tafsilotlari haqida yozgan memuar asari chop etiladi.

Matias Rust 2010-yillarda.
Foto: rufilmtv.one

Matias mingan samolyotga 2008 yilgacha yaponiyalik millioner egalik qiladi. Cessna unga qanday borib qolgani tafsilotlari aniq emas. 2008 yilda samolyotni Berlindagi Nemis texnika muzeyi sotib oladi. Bugungi kunda mashhur samolyot o‘sha yerda saqlanmoqda.

Foto: Marcin Rogowski

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid
Top