Jahon | 11:12 / 13.10.2025
1813
2 daqiqa o‘qiladi

GFR hukumati: G‘azoga yangi yordam taqdim etiladi, TSAHAL uchun embargo qayta ko‘rib chiqiladi

Germaniya G‘azo sektorini qayta tiklash uchun 100 million yevrodan ortiq yordam ajratmoqchi, deya ma’lum qildi vazir. Shu bilan birga, Berlin Isroilga qurol eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqadi, dedi Germaniya vitse-kansleri.

Foto: Abed Rahim Khatib/Anadolu

Germaniya G‘azo sektorini rekonstruksiya qilish uchun 100 million yevrodan ortiq yordam ajratishga tayyorlanmoqda, deya ma’lum qildi Germaniyaning iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vaziri Rim Alabali-Radovan 12 oktyabr, yakshanba kuni Germaniyaning ARD telekanalida.

Uning aniqlik kiritishicha, aniq summa hali aniqlanmagan, ammo «uch raqamli millionlarda» bo‘ladi. 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS hujumidan keyin muzlatib qo‘yilgan G‘azoga yordamning bir qismi allaqachon tiklandi va endi yana mavjud, deya qo‘shimcha qildi Alabali-Radovan.

Shu kuni kechqurun Germaniya vitse-kansleri va moliya vaziri Lars Klingbayl ARD telekanaliga bergan intervyusida hukumat Isroilga qisman qurol embargosini qayta ko‘rib chiqishini e’lon qildi. «Vaziyatni qayta ko‘rib chiqamiz», deb javob berdi vazir teleboshlovchining savoliga.

Avgust oyida kansler Fridrix Mers hukumati G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qurollarni Isroilga eksport qilishni to‘xtatgan edi. 13 oktyabr kuni Misrda Isroil va HAMAS o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishi bu qarorning bekor qilinishiga ta’sir etishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid