08:20 / 29.12.2021
4665
«Probatsiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e’lon qilindi 
Foto: IIV axborot xizmati

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi 9 bob, 79 moddadan iborat bo‘lib, unda probatsiya tizimining umumiy qoidalari, probatsiya xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiyaning probatsiya nazorati tarzidagi shaklini qo‘llash tartibi, probatsiyaning ijtimoiy moslashtirish tarzidagi shaklini qo‘llash tartibi, probatsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan bog‘liq boshqa masalalar tartibga solingan.

Shuningdek, loyihada probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilish uchun elektron kuzatuv (elektron braslet) vositasini taqish va yechish va foydalanish tartibi belgilanmoqda.

Loyihada “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali vazirlik va idoralar bilan ma’lumotlar almashinuvini tashkil etish, probatsiya nazoratidagi shaxslarning elektron hisobini yuritish, ularga nisbatan yuritiladigan yig‘ma-jildlarni elektron ko‘rinishga o‘tkazish, probatsiya nazoratidagi shaxslarning elektron ijtimoiy-psixologik portretini tuzish va probatsiya nazoratidagi shaxsga jazodan ozod qilingani yoki jazoni o‘tab bo‘lganligi haqida yozma yoki elektron ma’lumotnoma taqdim etish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda

“Qonun loyihasining qabul qilinishi probatsiya tizimidagi huquqiy bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etishga, milliy xususiyatlar va sharoitlarni e’tiborga olgan holda xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani implementatsiya qilishga, shuningdek probatsiya amaliyotida yuzaga kelayotgan masalalarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Pirovard natijada inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, probatsiya nazoratidagi shaxslarda qonunga itoatkor xulq-atvorni va jamiyatda yurish-turish qoidalariga hurmat munosabatini shakllantirish, ularni ijtimoiy moslashtirish va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan va samarali tizim yaratilishiga erishiladi”, deyiladi hujjat loyihasida.

Mavzuga oid
Top