17:53 / 31.12.2021
41046

Bezovta 2021. Tugayotgan yilni ifodalovchi suratlar

Yakunlanayotgan 2021 yil - jahondagi yangiliklarni diqqat bilan kuzatib boruvchilar uchun yorqin boshlangandi - 6 yanvar kuni Trampning tarafdorlari Vashingtondagi Kapitoliy binosini qamal qilishgandi. Keyin Navalniy Rossiyaga qaytishi bilan qo‘lga olindi, uni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan aksiyalar kuch bilan tarqatildi, Olimpiada-2020 bo‘lib o‘tdi, Afg‘onistonda toliblar hokimiyatga kelishdi va boshqa ko‘plab muhim va qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tdi.

2020 yilgi prezidentlik saylovlarida demokrat nomzod Jo Baydenga yutqazgan Donald Tramp tarafdorlari AQSh Kongressi binosiga bostirib kirishdi. Senatorlar saylov natijalarini tasdiqlashi kerak bo‘lgan kunda Kapitoliyga qilingan hujumda besh kishi halok bo‘ldi. Kapitoliy qamali uchun 500dan ortiq kishi qo‘lga olingan, bu harakatga boshchilik qilganlar qamoq jazolariga hukm qilingan. Saylov yakunlari keyinroq tasdiqlandi, 20 yanvar kuni esa Bayden AQSh prezidenti lavozimini egalladi. 6 yanvar. Leah Millis / Reuters / Scanpix / LETA

2021 yil bitta abzatsda: Trampning tarafdorlari Kapitoliyni ishg‘ol etishdi. Bayden AQSh prezidentiga aylandi. Navalniy Rossiyaga qaytdi, uni chegaradayoq qo‘lga olishdi, keyin esa qamoqqa tashlashdi. Uni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan aksiyalar shafqatsizlik bilan bostirildi. Rossiyada hukumat mustaqil nashrlarga qarshi urush ochdi: o‘nlab nashrlar va jurnalistlar, «xorijiy agentlar» deb topildi. Navalniyning korrupsiyaga qarshi kurash fondi ham «ekstremistik» deb e’lon qilindi, uning tarafdorlari saylovlarga qo‘yilmadi. Butun dunyo bo‘ylab emlanmaganlarning huquqlarini cheklash boshlandi. Nihoyat pandemiya tufayli qoldirilgan Yevro-2020 va Tokio Olimpiadasi o‘yinlari o‘tkazildi. Richard Brenson va Jyeff Bezos kosmosga parvoz qildi. Hamma joyda iqlim o‘zgarishlari oqibatlari namoyon bo‘la boshladi: Rossiyada — o‘rmon yong‘inlari, Germaniyada — suv toshqinlari, Kanadada — 50 daraja issiq. «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi. «Yedinaya Rossiya» elektron ovoz berish bo‘yicha mojaro fonida Duma uchun saylovlarda g‘alaba qozondi. Facebook va Instagram tarmoqlarida global uzilish ro‘y berib, dunyo ma’lum vaqt asosiy ijtimoiy tarmoqlarsiz qoldi. «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov Nobel mukofotini oldi. Barcha «Kalmar o‘yini» serialini tomosha qildi. Minglab qochqinlar Belarusdan Polshaga o‘tishga harakat qildi. Ukraina bilan chegara atrofiga rossiyalik harbiylar joylashtirilishi boshlandi. «Listvyajnaya» shaxtasida 51 kishi halok bo‘ldi. Merkel kanslerlikdan ketdi. Rossiya hukumati «Memorial»ni yopdi. Dunyo bo‘ylab koronavirusning yangi shtammi omikron tez sur’atlarda tarqala boshladi.

Quyida 2021 yilni ifodalovchi suratlar.

Saul Loeb / AFP

Vashingtondagi voqealar Tramp impichmenti uchun yana bir urinishga olib keldi, ammo Demokratik partiya taklifi Kongressda qo‘llab-quvvatlanmadi. 20 yanvar kuni Jo Bayden mamlakatning 46-prezidenti sifatida lavozimga rasman kirishdi. 

Sergey Bobilev / TASS

Muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy 17 yanvar kuni Berlindan Moskvaga qaytdi, u Germaniya poytaxtida «Novichok» guruhiga mansub bo‘lgan jangovar vosita bilan zaharlanish oqibatlaridan davolandi. Uni aeroportdayoq qo‘lga olishdi, Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati uni shartli jazo talablarini buzishda ayblagan (Navalniy oyda ikki marta Jazolarni ijro etish federal xizmati organlariga borib, ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘lgan. Davolanishdan keyingi reabilitatsiya, xizmatning fikricha, ro‘yxatga olishga kelmaslik uchun asos bo‘lolmaydi). Navalniyni dastlab Ximkidagi politsiya bo‘limiga olib borishdi. Keyingi kuni politsiya bo‘limida sud majlisi bo‘lib o‘tdi va Navalniy 30 kunga qamoqqa olindi. Fotoda Navalniy Ximkidagi politsiya bo‘limi binosi oldida, 18 yanvar.

Yevgeniy Feldman / «Meduza»

Navalniy hibsga olingach, uni qo‘llab-quvvatlash uchun aksiyalar boshlandi va ular politsiya tomonidan tarqatildi. Suratda Moskvadagi Pushkin maydonida namoyishchilarning OMON bilan to‘qnashuvi. Yerda yotgan kishini libertarian Gleb Maryasov himoya qilmoqda, keyinroq u shu aksiya vaqtida yo‘lni yopishdagi ishtiroki uchun 10 oyga qamalgan. 23 yanvar.

Foto: AR/TASS

Fevral oyi boshida chigirtkalarning ulkan oqimi Keniyaga yopirildi. Hashoratlar bosqini Afrikaning ushbu mintaqasida jiddiy oziq-ovqat yetishmovchiligiga olib keladi.

David Ryder / Getty Images

Vashington shtati Uenatchi shahridagi o‘rta maktabda cholg‘u ansambli a’zolari koronavirusdan himoyalovchi maxsus palatkalarda repititsiya qilmoqda. 26 fevral.

BBC News

Myanmani ko‘p yillar mobaynida boshqarib kelgan generallar 2020 yil noyabridagi demokratiya tarafdorlari g‘alaba qozongan umummilliy saylovlar natijalarini tan olishmadi va 2021 yil 1 fevralida davlat to‘ntarishi uyushtirishdi. Mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bo‘lgan Min Aung Hlaing hokimiyatni egalladi. Fuqarolar ommaviy namoyishlar bilan javob berishdi, armiya esa namoyishlarni shafqatsizlik bilan bostirdi.

Siyosiy mahbuslarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro nodavlat tashkilot tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlarga ko‘ra, harbiylar tomonidan jami 1318 kishi o‘ldirilgan, shundan 93 nafari ayollar. Mamlakat fuqarolaridan 10 mingdan ortig‘i qamoqqa olingan, shundan 2 mingdan ortig‘ini ayollar tashkil etadi. Sakkiz nafar ayol turmada vafot etgan, shundan to‘rt nafarining o‘limiga qiynoqlar qo‘llanishi sabab bo‘lgan. 2011 yilgacha, mamlakat bosqichma-bosqich demokratiya yo‘liga o‘tishni boshlashidan oldin odam o‘g‘irlash va qiynoqlar qo‘llash harbiy rejim uchun oddiy amaliyot bo‘lgan, ammo endilikda, huquq faollarining tasdiqlashicha, vaziyat har qachongidan yomonlashgan.

James Crombie / imago images / Inpho / Scanpix / LETA

Fotograf Jyeyms Krombi tomonidan suratga olingan Irlandiyadagi Lox-Ennel ko‘li ustida parvoz qilayotgan chug‘urchuqlar galasi. Ko‘p turdagi qushlar gala bo‘lib uchishi odatiy holat, ammo chug‘urchuqlar jamoasida 700 minggacha qush bo‘lishi mumkin. Bunday gala — ingliz tilida murmuration of starlings nomini olgan, ya’ni «chug‘urchuqlar pitirlash yoki shitirlashi» (qanotlar ovozi tufayli) — harakat vaqtida ular noodatiy shakl aks ettirishadi. Olimlarning taxminlariga ko‘ra, qushlar bu orqali yirtqichlarni chalg‘itishga harakat qilishadi. 2 mart.

Rebecca Blackwell / AP / Scanpix / LETA

Mexikoda gender zo‘ravonlikka qarshi o‘tkazilgan namoyish chog‘ida politsiya bilan to‘qnashuv. Namoyishlarda 80dan ortiq kishi jarohatlangan. Statistikaga ko‘ra, 2020 yilda Meksikada har kuni o‘rtacha 10 ayol maishiy zo‘ravonlik qurboniga aylangan. 8 mart.

Hannah McKay / Reuters / Scanpix / LETA

Politsiya Londonning Klephem tumanida ayollar xavfsizligi uchun o‘tkazilgan namoyish ishtirokchisini hibsga olmoqda. Aksiya 33 yoshli Sara Everardning o‘ldirilishi voqeasidan keyin bo‘lib o‘tgandi. Londonlik 48 yoshli politsiyachi Ueyn Kazins ushbu jinoyatni sodir etishda ayblangan. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. 13 mart.

Spencer Platt / Getty Images

Nyu-Yorkdagi Bruklin ko‘prigida koronavirusdan vafot etganlar yuzlari proyeksiyasi (fazoviy shakllarning tekislikdagi tasviri). Shaharda koronavirus tufayli qayd etilgan ilk o‘limning bir yilligini shunday qilib nishonlashdi. 2021 yil dekabridagi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni 800 mingdan oshgan. 14 mart.

Getty Images

Fevralda Myanmada Aung San Suu Ki hukumatini ag‘dargan harbiy xuntaga qarshi namoyishlar. 76 yoshli siyosatchi keyinroq 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. 16 mart.

Foto: AR/TASS

 19 mart kuni Islandiyada zilzilalar seriyasi ortidan 6 ming yil mobaynida uyquda bo‘lgan Fagradalsfyadl vulqoni uyg‘ondi.

Foto: Maxar Technologies/Getty Images

23 mart tongida Ever Given konteynerovozi Qizil dengizidan O‘rta Yer dengiziga o‘tishda, Suvaysh kanalida qumloqqa tiqilib qoladi. Natijada qariyb bir hafta davomida Suvaysh kanali bo‘ylab kemalar harakati to‘xtab qoladi. Kanalga kirish qismida dunyodagi eng qimmat tiqilinch yuzaga keladi, navbatda 400dan ortiq kema turardi.

Allianz sug‘urta kompaniyasi tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, kanalning bir kun bloklanishi 6-10 mlrd dollarga tushgan. Suvaysh kanalidagi ushbu hodisaning jami zarari 230 mlrd dollarga baholangan. Misr hukumati kema egasi bo‘lgan kompaniyadan kompensatsiya sifatida 900 mln dollar talab qilgan.

Danish Siddiqui / Reuters / Scanpix / LETA

Hindiston poytaxti Nyu-Deli shahrida koronavirus tufayli vafot etganlarning ommaviy ravishda krematsiya qilinishi. 2021 yil bahorida ushbu mamlakatda delta shtammi avj olishi oqibatida og‘ir vaziyat yuzaga keldi, bunga mahalliy saylovlar arafasida hukumat tomonidan cheklov choralari yumshatilishi ham sabab bo‘ldi. 22 aprel.

Foto: AP/TASS

Aprelda Hindistonda kuniga 300 mingdan ortiq kishida virus aniqlandi, kuniga bir necha ming kishi koronavirus qurboniga aylandi. Shifoxonalarda koykalar va kislorod ballonlari yetishmovchiligi kuzatildi, krematoriylar jasadlar bilan to‘lib ketgani uchun, halok bo‘lganlarni ko‘chalarda yoqishga to‘g‘ri keldi.  

Anas Baba / AFP / Scanpix / LETA

Isroilning «Temir gumbaz» nomli havo hujumidan mudofaa tizimi falastinliklarning HAMAS harakati raketalarini urib tushirmoqda. May oyining ikkinchi yarmida tomonlar tinchlik sulhini tuzishdi. 14 may.

Foto: Fatima Shbair/Getty Images

21 may kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh kuchga kirdi. Bungacha 11 kun davomida Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azoga raketalar hujumiga javoban aviazarbalar berib kelgandi. Ziddiyat hukumatning Quddusdagi Shayx Jarroh kvartalidan bir necha falastinlik oilani majburan ko‘chirishga qaror qilishi ortidan kuchaygandi.

Chris McGrath / Getty Images

Iyun oyi boshida Marmar dengizining Istanbul shahri sohillari yaqinidagi qismini shilimshiq moddalar qopladi. Kislorod yetishmasligi tufayli baliqlar va dengizdagi boshqa jonivorlar halokatga yuz tutdi. Ekspertlarning hisoblashicha, bu hodisa iqlim o‘zgarishi va suvning ifloslanishi oqibatida ro‘y bergan. 11 iyun

Wolfgang Rattay / Reuters / Scanpix / LETA

Daniyalik futbolchi Kristian Eriksenni maydondan olib ketishmoqda. Yevro-2020 guruh bosqichida Finlandiyaga qarshi bellashuvda uning yuragi xuruj qilib qolgandi. Shifokorlar 29 yoshli futbolchining yuragini massaj qilib, elektroshoker orqali uni hayotga qaytarishgandi. 12 iyun.

Radchadawan Peungprasopporn / Facebook / AFP / Scanpix / LETA

Tailandlik Radchadavan Pxungprasoporn Xuaxin shahrida yemish izlab uyiga bosh suqqan filni suratga oldi. Bu filning ilk tashrifi emasdi, iyul oyida u Xuaxindagi boshqa uyga bosh suqib, u yerdagi ovqatlarni yeb qo‘ygandi. 20 iyun 

Dar Yasin / AP / Scanpix / LETA

Kashmirdagi cho‘ponlar uchun mo‘ljallangan vaksinalarni olib ketayotgan tibbiyot xodimi. Hindistonda bahorda yangi shtamm tufayli koronavirusga chalinish holatlari keskin o‘sgandi. Ayrim kunlarda kunlik o‘sish holatlari 400 mingdan oshgan, natijada nafaqat shifoxonalar, krematoriylar ham yuklamaga dosh berolmay qolgandi. 21 iyun. 

Noel Celis / AFP / Scanpix / LETA

Pekinda Xitoy Kommunistik partiyasi 100 yilligiga uyushtirilgan chiroqlar shousi fonidagi chaqmoq. 30 iyun.

Maya Alleruzzo / AP / Scanpix / LETA

Falastinning Beyta qishlog‘i yaqinida qurilgan Eviatar posyolkasidagi isroillik. Eviatarning qurilishi bo‘yicha qaror falastinliklarning namoyishlariga sabab bo‘ldi va iyul oyi boshida isroilliklar hududni tark etishdi. 1 iyul.

DOCKS Collective

Qutqaruvchilar Germaniyaning Dernau qishlog‘ida vayronkor suv toshqinidan keyin jabrlanuvchilarni qidirmoqda. Germaniya g‘arbiy hududlarida, Reynland-Pfals va Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerlarida kuchli yomg‘irlardan keyin yuzaga kelgan suv toshqinlari tufayli 180dan ortiq kishi halok bo‘lgandi. 15 iyul

Foto: EPA/Vostock-photo

Iyul oyi o‘rtalarida Germaniya, Belgiya va G‘arbiy Yevropaning boshqa qismlaridagi kuchli yomg‘irlar tufayli ro‘y bergan vayronkor suv toshqinlari oqibatida qurbon bo‘lganlarning jami soni 220dan oshdi. Suv oqimi avtomobillar va butun uylarni yuvib ketgan.

Foto: Zuma/TASS

20 iyul kuni Amazon va Blue Origin kompaniyalari asoschisi Jyeff Bezos koinotda bo‘lib qaytdi. Bortida Bezos va yana uch kishi bo‘lgan New Shepard havo kemasi Bezosning Texasdagi xususiy kosmodromidan kosmosga chiqib muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi. New Shepard kapsulasi kosmodromdan uchgach, taxminan 350 ming funt masofani bosib o‘tdi, Yer atmosferasini fazodan ajratib turuvchi Karmana chizig‘idan (Yerdan 100 kilometr uzoqlikda) o‘zgan holda koinotga chiqdi. Parvoz taxminan 11 daqiqa davom etgan. Bundan to‘qqiz kun oldin boshqa bir milliarder Richard Brenson VSS Unity suborbital raketoplanida koinotga muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirib, kosmik turizm davrini boshlab bergandi.

Santi Palacios / AP / Scanpix / LETA

Italiyaning Lampeduza oroli yaqinida bir guruh odamlar (Tunisdan kelgan migrantlar) yog‘och qayiq bortida Ispaniyadagi Open Arms nodavlat tashkiloti yordamga kelishini kutishmoqda. 29 iyul.

Konstantinos Tsakalidis / Bloomberg / Getty Images

Gretsiyaning Evbiya orolida yashovchi 81 yoshli Ritsopi Panayota mamlakatda so‘nggi 30 yillikdagi eng jiddiy qurg‘oqchilik tufayli boshlangan o‘rmon yong‘inlari uning uyini qanday qilib o‘z domiga olishiga qarab turibdi. 8 avgust

Thiago Prudencio / DAX / ZUMA Wire / Scanpix / LETAnpix / LETA

Lionel Messining portretini «Kamp Nou» devorlaridan olishmoqda — futbolchi «Pari Sen-Jyermen» safiga o‘tdi. Messi shu vaqtgacha faqat «Barselona»da to‘p surgandi. U kataloniyaliklar klubi bilan Chempionlar ligasida to‘rt bor g‘olib chiqqan, o‘n marta Ispaniya chempioni bo‘lgan. 10 avgust

Foto: AR/TASS

13 avgust kuni Yoqutiston hududida o‘rmon yong‘inlari tufayli favqulodda holat e’lon qilindi. Yong‘in mavsumi boshidan qayd etilgan yong‘in o‘choqlari maydoni so‘nggi o‘n yillikdagi rekord natija bo‘ldi va 8,5 mln gektarni tashkil etdi. Zarar miqdori 3,7 mlrd rubldan ortiqroqqa baholangan.

Zabi Karimi / AP / Scanpix / LETA

«Tolibon» harakati Kobuldagi prezidentlik saroyida. Toliblar hukumatni egalladi, prezident Ashraf G‘ani qochib ketdi. 15 avgust

Wakil Kohsar / AFP / Scanpix / LETA

Afg‘onistonliklar mamlakatdan uchib ketayotgan so‘nggi samolyotlardan biriga ilinib qolish ilinjida. Toliblar hokimiyatga kelgach, avgust oyi ikkinchi yarmida Kobul aeroporti Afg‘onistonni tark etish uchun yagona nuqtaga aylangandi. 16 avgust

STR / KCNA / KNS / AFP / Scanpix / LETA

Pxenyanda KXDR tashkil etilganining 73 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tungi parad. Fotoda maxsus himoya kiyimlari va tibbiy respiratorlar taqqan harbiy xizmatchilar kolonnasi. 9 sentabr

Andrej Isakovic / AFP / Scanpix / LETA

«Formula-1»da «Red Bull» piloti Maks Ferstappen va «Mersedes» poygachisi Lyuis Hemilton Italiyadagi Gran-prida to‘qnashib ketgandi. Uch oy o‘tib chempionat finalida, Abu-Dabi Gran-prisida Ferstappen so‘nggi doirada Hemiltondan o‘zib ketdi (poyga arafasida ochkolar teng edi) va «Formula-1» chempioni bo‘lib, britaniyalik sportchi gegemonligiga yakun yasadi. 12 sentabr.

Foto: Chung Sung-Jun/Getty Images

17 sentabr kuni Netflix’da Janubiy Koreya seriali - «Kalmar o‘yini» chiqdi, bu serial kutilmaganda jahon hitiga aylandi. Dastlabki to‘rt haftada uni 142 mln obunachi ko‘rgan. Serial servisda 94 mamlakat bo‘yicha eng mashhur serial bo‘ldi. Seuldagi Olimpiya parkida ushbu serialning ilk epizodida ko‘rinish beradigan ulkan robot-qo‘g‘irchoq haykali nusxasi o‘rnatildi.

Foto: AR/TASS 

19 sentabr kuni Ispaniyaning Palma orolida Kumbre-Vexa vulqoni otila boshladi. Lava bir yarim mingdan ortiq uylarni yakson qilgan. Xavfli hududlardan 7 mingga yaqin kishi ko‘chirilgan. Ko‘chalar va uylar vulqon kuli ostida qolgan. Vulqon otilishi qariyb uch oy davom etdi.

Paul Ratje / AFP / Scanpix / LETA

AQSh chegara xizmati xodimi Amerika-Meksika chegarasini Rio-Grande daryosi orqali buzib o‘tgan gaitilik migrantni tutishga urinmoqda. 2021 yil sentyabrida Texasdagi Del-Rio shahrida Amerikaga Meksika orqali kelgan, Gaitidan bo‘lgan 10 mingga yaqin migrant chodir tikkandi. Ularni otliq patrul orqali ta’qib etish jarayoni aks etgan kadrlar Amerika jamoatchiligida norozilik uyg‘otgandi. 19 sentabr.

Brent Stirton / Getty Images

 Kongo Demokratik Respublikasidagi Virunga milliy parkida jon berayotgan Ndakasi laqabli gorilla. Bu yetim qolgan tog‘ gorillalari uchun dunyodagi yagona boshpana. 21 sentabr

Denis Kaminev / Dojd

«Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgani ma’lum bo‘lganidan keyin tahririyatdagilar tomonidan qarshi olinmoqda. 8 oktabr

Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA

Kanar orollaridagi Kumbre-Vexa vulqonidan otilgan kul ostida qolgan uy. Vulqon otilishi qariyb uch oy davom etdi va vulqon joylashgan Palma orolini tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirdi. 30 oktabr

Polsha mudofaa vazirligi / Reuters / Scanpix / LETA

Yaqin Sharqdan kelgan migrantlar Belarus va Polsha chegarasida. Belarus orqali minglab kishilar Yevroittifoq hududiga o‘tishga urinishi bilan bog‘liq migratsiya inqirozi 2021 yil bahorida boshlangandi. Noyabrga kelib vaziyat keskinlashdi, bu vaqtda bir necha ming migrant Belarus-Polsha chegarasiga kelib, chegarani buzib o‘tishga urindi. 10 noyabr

Kirill Kuxmar / TASS

Kemerovo oblastidagi «Listvyajnaya» shaxtasida 25 noyabr kuni portlash ro‘y berib, 51 kishi halok bo‘ldi: 46 konchi va besh nafar qutqaruvchi, qutqaruvchilardan biri Aleksandr Zakovryashin keyinroq og‘ir holatda topildi. U bungacha vafot etgan deb hisoblanayotgandi. Zakovryashin o‘zi shaxtadan chiqib kelgan. Uni darhol shifoxonaga olib ketishgan. 26 noyabr

Marin Driguez / SIPA / Scanpix / LETA

2021 yil davomida deyarli butun Yevropa shaharlari bo‘ylab koronavirus cheklovlariga qarshi norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Yil oxiriga kelib yangi shtamm omikron tufayli antikovid choralari yanada kuchaytirildi. Fotoda Belgiyada politsiyachilar va namoyishchilar to‘qnashuvi aks etgan, namoyishchilar kovid-pasportlar va majburiy vaksinatsiya ehtimoli tufayli ko‘chalarga chiqishgandi. 5 dekabr

Foto: Stefanie Loos / Bloomberg

8 dekabr kuni Angela Merkelning nemis hukumati rahbarligidagi davri poyoniga yetdi. Germaniya tarixidagi ilk kansler ayol bo‘lgan Merkel xonim mamlakatni 2005 yildan buyon 16 yil davomida boshqardi. 2018 yildayoq u Xristian-demokratlar ittifoqi rahbarligini boshqa egallamasligi va to‘rtinchi muddati yakunida siyosatdan butunlay ketishi haqida ma’lum qilgandi. 2 dekabr kuni Berlinda Merkel hukumat rahbarligini topshirish marosimi o‘tkazildi. Koalitsion kelishuvga ko‘ra, Germaniyaning yangi kansleri sotsial-demokrat Olaf Shols bo‘ldi.

Liam Kennedy / Bloomberg / Getty Images 

Kentukki shtati Meyfild shahrida tornado oqibatida vayron bo‘lgan teatr. 10-11 dekabr kunlari AQSh o‘rta g‘arbidagi shtatlarda o‘nlab tornadolar bo‘lib o‘tdi. 18 dekabr kungi ma’lumotlarda, beshta shtatda kamida 93 kishi halok bo‘lgan, shundan ikki oydan 98 yoshgacha bo‘lgan 78 nafari — Kentukkida. 13 dekabr.

Mavzuga oid
Top