22:19 / 12.01.2022
4413

Harbiy qism va fermer xo‘jaligi o‘rtasidagi nizoga oid maqola yuzasidan munosabat bildirildi

Kun.uz saytida “Xorazmda harbiylar tadbirkorning baliq ko‘lini tortib olganmi?” nomli maqola e’lon qilingan edi. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug mazkur maqola yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Maqolada keltirilishicha, “Xorazm viloyati Yangiariq tumanida 10 yildan beri tadbirkor foydalanib kelgan ko‘l 53008-harbiy qismga olib berilgan. Qonun bo‘yicha sud orqali olinishi kerak bo‘lgan yer hokim qarori bilan qaytarib olingan”. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunining 59-moddasi 1-qismida Ma’muriy hujjat manfaatdor shaxsning arizasi yoki ma’muriy shikoyatiga ko‘ra ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organ, yuqori turuvchi ma’muriy organ tomonidan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa organlar tomonidan ham bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkinligi belgilangan.

Qonunning 59-moddasi 2-qismida, “Ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish zaruriyati qonunchilikdagi o‘zgartishlar, jamoat manfaatlariga bo‘lgan tahdidning oldini olish, ma’muriy hujjatning qonunchilikka nomuvofiqligi aniqlangani sababli yuzaga kelgan hollarda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjatni o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yoki o‘zgartirishga haqli”, — deb ko‘rsatilgan.

Shuningdek, qonunning 59-moddasi 4-qismida “Ma’muriy hujjat qonunchilikka muvofiq emas deb topilgan taqdirda, u ma’muriy organ tomonidan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi kerak”, — deb qat’iy belgilangan.

Xorazm viloyati yer resurslari va davlat kadastrining 2020 yil

18 noyabrdagi 2147-sonli taqdimnomasiga ko‘ra “Yangiariq oxun” fermer xo‘jaligiga yer ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining 2010 yil 3 dekabrdagi 823/27-sonli qarori Yer kodeksining 23- va 53-moddalari talablari buzilgan holda qabul qilingan, ya’ni ushbu qaror qonunchilikka muvofiq emas.

Ushbu qonun talablariga ko‘ra, hokim o‘zi qabul qilgan qarorni bekor qilish yoki o‘zgartirish huquqiga ega.

53008-harbiy qism O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 19 dekabrdagi 534-sonli qarori bilan tashkil etilgan va Yangiariq tumani hokimining 2007 yil 13 yanvardagi 14-sonli qaroriga asosan tuman hududidan 3956 gektar yer maydonlari ajratilgan va yerga bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, kadastr hujjatlari (yer xaritasi) ishlangan.

Fermer xo‘jaligining murojaatlariga asosan yer maydoni (ko‘l) kimga tegishliligi borasida bir qator tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Xususan, fermer xo‘jaligining murojaati va Yangiariq tuman adliya bo‘limining topshirig‘iga asosan dastlab “Xorvilerloyiha” Xorazm viloyati bo‘linmasi tomonidan 2020 yil 21 dekabr kuni tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv xulosasiga ko‘ra, Yangiariq tuman hokimligiga Xorazm viloyati yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan 2020 yil 18 noyabrdagi 1847-sonli taqdimnoma asosli kiritilganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasi 2-xatboshisiga ko‘ra “Ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish zaruriyati qonun hujjatlaridagi o‘zgartishlar, jamoat manfaatlariga bo‘lgan tahdidning oldini olish, ma’muriy hujjatning qonun hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlanganligi sababli yuzaga kelgan hollarda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjatni o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yoki o‘zgartirishga haqli. Tuman hokimining 1690q-sonli qarori mazkur qonun talablari asosida qabul qilinganligi ma’lum qilingan”.

Bundan tashqari, ushbu jarayonga Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasidan alohida tartibda mutaxassis chaqirtirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Yerloyiha” bo‘limining mutaxassisi tomonidan 2021 yil 13 sentabr kuni Yangiariq tuman “Ostona” qishlog‘i hududidagi ko‘l kimga tegishli ekanligiga oydinlik kiritish maqsadida tekshirish o‘tkazilgan va Kadastr agentligi Xorazm viloyati boshqarmasining 2020 yil 18 noyabrdagi 1847-sonli taqdimnoma asosli bo‘lib, 973-konturdagi ko‘l 53008-harbiy qismga tegishlidir, deb xulosa berilgan.

Shuningdek, Bosh prokuratura tomonidan tuzilgan ishchi guruhi fermer xo‘jaligining murojaatini joyiga chiqqan holda o‘rganib, 2021 yil 18 oktabr kuni ma’lumotnoma tuzgan bo‘lib, ushbu ma’lumotnomaning

10-bandida “Yangiariq oxun” fermer xo‘jaligiga ko‘l maydoni ajratilishida “Yer kodeksi”ning 53-moddasi va “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi inobatga olinmasdan qonunga zid ravishda ajratilgan”, deya ma’lumotnoma tuzgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tuzilgan ishchi guruhi 2021 yilning 8-12 noyabr kunlari fermerning barcha vajlarini joyiga chiqqan holda to‘liq o‘rganib chiqib, 2021 yil 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomiga ma’lumotnoma kiritgan.

Ushbu ma’lumotnomaning 9-bandida, fermer xo‘jaligi tomonidan ishchi guruhga taqdim etilgan xarita qachon tayyorlanganligi noma’lum va kadastr agentligida ushbu xarita nusxasi mavjud emasligi qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, Yer kodeksining 31-moddasida, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga kelishi belgilangan.

Hukumat ishchi guruhiga 53008-harbiy qism tomonidan taqdim etilgan kadastr hujjati davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va nusxasi Kadastr agentligining Yangiariq tuman bo‘limida saqlanib kelinayotganligi aniqlangan.

Mazkur hujjatlardan ko‘rinadiki, fermerning qo‘lidagi xarita soxta bo‘lib, rasmiy hujjat hisoblanmaydi. Ushbu xarita sudlar tomonidan ham nomaqbul dalil bo‘lgani uchun inobatga olinmagan.

53008-harbiy qism Urganch shahrida joylashgan bo‘lib, o‘z o‘rnida yuridik manzili ham shaharda hisoblanadi. Yerga oid nizoni ko‘rib chiqqan sud ham (Urganch tumanlararo ma’muriy sudi) Urganch shahrida joylashgan. Yerga oid nizo Urganch shahrida sudda ko‘rib chiqilganligi bois, ishda prokuror sifatida Urganch shahar prokuraturasidan vakil ishtirok etgan.

Urganch tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 23 martdagi qarori bilan G‘.Sobirovning shogirdi D.Ochilov (G‘.Sobirov shahar sudining sobiq raisi bo‘lgan davrda qo‘l ostida ishlagan) noqonuniy qaror qabul qilganligi uchun harbiy qism tomonidan Urganch shahar prokurori nomiga protest kiritish uchun ariza berilgan va arizaga asosan protest kiritilgan.

Bosh prokuraturaning 2021 yil 30 oktyabrdagi protesti yuzasidan 2021 yil 30 noyabr kuni Oliy sudda bo‘lib o‘tgan sud majlisida harbiy qism tomonidan prokuraturaning protestini rad qiluvchi xulosa, hujjat va qarorlar taqdim etilib, protest asossiz va yolg‘on ma’lumotlar asosida yozilgani isbotlab berilgani uchun Sud tomonidan protest rad etilgan.

Ma’lumot uchun, Oliy sudda ushbu sud jarayonlarining video tasvirlari ham mavjud.

2021 yilning 13 may kuni fermer xo‘jaligi rahbari I.Sobirov emas, fermer xo‘jaligi yuriskonsulti G‘.Sobirov va uning akasi F.Sobirov xizmat vazifalarini bajarayotgan harbiy xizmatchilarga qarata o‘q uzib, 2 nafar harbiy xizmatchiga tan jarohati yetkazgan. Holat yuzasidan F.Sobirovga (fermer xo‘jaligiga umuman aloqasi yo‘q fuqaro) nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 3-qismi va 219-moddasi 2-qismi bilan ayb e’lon qilinib, ish hujjatlari sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva shahar sudining 2021 yil

28 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, F.Sobirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan 3 yil muddatga ozodlik cheklash jazosi tayinlangan, deyiladi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati Kun.uz’ga taqdim etilgan munosabatda.

Top