07:27 / 12.01.2022
33666

O‘zbekistondagi bog‘chalarda qator karantin cheklovlari o‘rnatildi

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida karantin qoidalariga qat’iy rioya qilinadi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi xabar berdi.

Foto: Fotolia

Qayd etilishicha, respublikaga koronavirusning omikron shtammi kirib kelganidan so‘ng ma’lum cheklovlar o‘rnatildi. 

Maktabgacha ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida COVID-19 pandemiyasi davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish faoliyatiga qo‘yiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablar»ga qat’iy rioya etiladi.

Bildirilishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bayram tadbirlari o‘tkazilishi vaqtinchalik cheklanadi. 

Ota-onalar va tashqaridan mehmonlar kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi (zarur vaziyatlarda so‘nggi uch kunlik PZR testi va emlanganligi haqida sertifikati bo‘lishi lozim).

Yig‘ilishlar o‘tkazilishi cheklanadi, zarur hollarda yig‘ilishlarni video-konferens-aloqa rejimida o‘tkazish choralari ko‘riladi.

Mazkur cheklovlarning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli tartibda javobgarlik choralari (hayfsan, jarima va b.q.) qo‘llaniladi.

Avvalroq, Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda maktablarda qishki ta’til 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qilgandi.

Top