O‘zbekiston | 09:52 / 09.01.2022
171220
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda ham qishki ta’til uzaytirildi

Vazirlik buni Milliy o‘quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek, o‘quvchi - yoshlar o‘rtasida mavsumiy gripp kasalligining keskin ko‘payishining oldini olish bilan izohlagan.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda maktablarda ham qishki ta’til 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qildi.

«Hurmatli ota-onalar!

Xalq ta’limi tizimidagi direktor, direktorning o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda pedagog-o‘qituvchilarning xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarini tashkil etish, shuningdek, o‘quvchi - yoshlar o‘rtasida mavsumiy gripp kasalligining keskin ko‘payishining oldini olish maqsadida xalq ta’limi vazirligi qishki ta’til kunlari 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qiladi.

Ta’til kunlari davomida, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ular uchun onlayn fan olimpiadalar, intellektual o‘yinlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bellashuvlar va turli tanlovlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari xalq ta’limining ijtimoiy tarmoqlari hamda Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari orqali turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi», deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekistonda OTM talabalari va maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’til 28 dekabrdan boshlangandi.

6 yanvar kuni Oliy ta’lim vazirligi talabalar uchun qishki ta’til muddati uzaytirilgani haqida xabar bergan, Xalq ta’limi vazirligi esa o‘quvchilar odatdagi kabi 11 yanvardan maktablarga qaytishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid