22:27 / 16.01.2022
19131

Game. Set. Match. Jokovich va Avstraliya mavzusiga nuqta qo‘yildi

Dunyoning birinchi raqamli raketkasi Novak Jokovich Australian Open'dagi 10-sovrinini bu yil qo‘lga kirita olmaydigan bo‘ldi. Serbiyalik tennischi Avstraliya sudida yutqazdi va uni deportatsiya qilishdi. Uzoq davom etgan mojaro Jokovichning mag‘lubiyati bilan yakunlandi.

Foto: Darrian Traynor/Getty Images

Melburn federal sudi «Jokovichning immigratsiya vaziriga qarshi ishi»ni ko‘rib chiqdi va serbiyalik tennischining arznomasini qanoatlantirmadi. Oldinroq Avstraliya immigratsiya vaziri Aleks Houk tennischining vizasini bekor qilgandi. Sud tennischining ushbu qarorni bekor qilish bo‘yicha arizasini qanoatlantirmadi. Jokovichni antivakser deb hisoblagan sud uni mamlakatdagi sanitar holatni izdan chiqaradi degan xulosaga keldi.

Nega bunday bo‘ldi?

Novak Jokovich atrofida mojaro 5 yanvar kuni boshlangandi. O‘shanda u Avstraliya vizasi bilan yashil qit’aga keldi va koronavirusga qarshi emlanmagani uchun mamlakatga kiritilmadi. 17 yanvar kuni Avstraliyada «Katta dubulg‘a» tasnifidagi musobaqalarning birinchisi – Australian Open boshlanadi. 5 yanvar kuni mamlakatga kiritilmaganining o‘zi Jokovich uchun yomon signal edi, chunki kamida bir necha kun mashg‘ulotlardan mosuvo bo‘lishi uning imkoniyatlarini pasaytirib yuborardi. Ammo serbiyalik sportchining hech bo‘lmasa musobaqa boshlanishidan bir kun avval mamlakatga kirish uchun urinishlari ham besamar ketdi.

10 yanvar kuni Jokovich sudda g‘alaba qozonib, vizasini qaytib olgandi. Ammo tennischi yolg‘on ko‘rsatma bergani va uning mamlakatga kiritilishi vaksinatsiya jarayoniga salbiy ta’sir qiladi deb hisoblangani uchun Jokovichning vizasi yana bekor qilindi. Bir muddat karantinga olingan Jokovich mehmonxonada jarayon nima bilan yakunlanishini kutishga majbur bo‘ldi. 16 yanvar kuni Avstraliya ochiq chempionatida 9 karra chempion bo‘lgan Novak Jokovich mamlakatdan chiqarib yuborildi.

Aeroportda Jokovichga politsiyachilar hamrohlik qilmoqda. Foto: Reuters

Hukumatning da’vosi nima?

Dunyo sport jamoatchiligi bu holatda Jokovichni qo‘llab-quvvatladi. Avstraliya sobiq bosh vaziri Kevin Radd amaldagi bosh vazir Morrison hukumatini populizmda aybladi: «Morrison hukumati yangiliklar olamida sarlavhalarni egallash uchun Jokovichning vizasini bekor qilibdi. Boshida unga qanaqasiga viza berildi bo‘lmasa? Buning barchasi mamlakatda ekspress-testlar va koronavirusga qarshi boshqa testlar yetishmayotgani, dorixonalardagi bo‘sh rastalar uchun qilinayotgan tanqidlardan odamlarni chalg‘itish uchun qilinyapti», dedi xususan hukumatning sobiq rahbari.

Ammo Avstraliya hukumatining ham o‘z haqiqatlari bor. Ularning fikricha, koronavirusga qarshi vaksina olmagan Novak Jokovichning Avstraliyaga kiritilishi mamlakatdagi sanitar holatni izdan chiqaradi va vaksina olishga qarshi bo‘lgan antivakserlarni qo‘zg‘atib yuboradi. Bundan tashqari, Jokovich hujjatlarda Avstraliyaga kelishidan avval 14 kun davomida bir yerda bo‘lgani haqida yozgan. Biroq Monakoda istiqomat qiluvchi sportchi Avstraliyaga kelgunga qadar Serbiya va Ispaniyaga borishga ulgurgani ma’lum bo‘ldi.

Serbiya poytaxti Belgraddagi o‘z surati aks ettirilgan pochta markasi taqdimotida koronavirusga chalingan bo‘lishiga qaramay Jokovich niqobsiz yurgan, odamlar bilan qo‘l berib ko‘rishgan, zalda bolalar ham bo‘lgan. Bundan tashqari, u o‘zida koronavirus aniqlanganini bila turib L’Equpie nashriga intervyu bergan. Sportchi intervyu va’da qilingan jurnalist oldida uyalib qolishni istamaganini aytdi. Belgraddagi taqdimotdagi ishtiroki bo‘yicha izohida esa Jokovich o‘sha vaqtda koronavirus yuqtirganini bilmaganini aytmoqda. Ammo marosim vaqtida uning testi allaqachon musbat natija berib bo‘lgandi.

Provokatsion post

U allaqachon Avstraliyani tark etgan. Foto: Reuters

Jokovich Avstraliyaga kirayotganida emlanmaslik uchun tibbiy ruxsatnomasi borligini aytib, ushbu mazmundagi hujjatni ko‘rsatadi. Ammo hujjatda nega vaksina olmasligini izohlovchi shikoforlar xulosasi bo‘lmaydi. Avstraliya hukumati oxirgi daqiqalargacha shunday xulosa so‘rashadi, ammo Jokovich uni taqdim eta olmaydi. Aftidan, u shunchaki qaysarligi uchun vaksina olmayapti.

Avstraliyaga ham Jokovich muammosiz kirishi mumkin edi, agar ikkita katta LeKIN bo‘lmaganda. Birinchidan, top-100 reytingidagi tennischilarning 97 foizi koronavirusga qarshi emlangan. Ularning aksari vaksinani o‘z xohishi bilan emas, majburan olgan. Yana bir jiddiy muammo – Jokovichning Melburnga borishidan oldin instagramga joylagan posti bo‘ldi. O‘sha postida Jokovich unga koronavirusga qarshi vaksina olmaslikka istisno sifatida ruxsat berishganini yozgandi. Bu esa avstraliyalik siyosatchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Endilikda Australian Open qiroli nafaqat bu yilgi musobaqani o‘tkazib yuborishi, balki keyingi uch yil davomida mamlakatga kiritilmasligi ham mumkin. Uning tashrifi Avstraliya uchun foydali deb topilsagina cheklov bekor qilinadi.

Birinchi sud qarori bekor qilinmadi

Novak Jokovich niqob taqqan holda o‘z advokati ofisiga ketmoqda. Tania Lee / AFP / Scanpix / LETA

Melburn federal sudi Jokovichni yakuniy tarzda deportatsiya qilish bo‘yicha qaror chiqargach, bir narsaga e’tibor berishni so‘radi: Jokovichga vizasini qaytarib berish bo‘yicha oldingi sud qarori bekor qilinmadi. Bu gal shunchaki Avstraliya immigratsiya vaziri o‘z vakolatidan kelib chiqqan holda Jokovichni deportatsiya qilishga qaror chiqargan deb topdi. Ya’ni sud oldingi qarorini bekor qilmadi, immigratsiya vaziri ustidan berilgan arizani rad etdi.

O‘z navbatida, Avstraliya immigratsiya vaziri ham Jokovichni antivakser deb aytganiga qaramay, bunga huquqiy isbot keltira olmadi. Vazir Jokovich 2020 yil vaksina olishga qarshi ekanini aytib intervyu berganini asos qilib keltirgan. Tennischining yuristi esa Jokovichning vaksina borasidagi hozirgi nutqayi nazarini ham inobatga olishlari kerakligini aytgandi. Biroq Jokovich hamon vaksina olishni istamayotgani g‘alati. Bu butun boshli muammolarning oldini olishi mumkin edi. Sud ham Jokovich hozirgacha vaksina olmaganini u antivakser ekanidan dalolat deb topdi.

Mavzuga oid
Top