18:03 / 16.01.2022
18141

«Qo‘shning tinch, sen tinch» yoxud Qozog‘iston voqealaridan xulosalar

Foto: AR/TASS

Yaqin tarixning dalolat berishicha, har qanday mamlakatning taraqqiy etishi yoki inqirozli vaziyatga tushib qolishi, bir tomondan, global va mintaqaviy darajadagi o‘zgarishlarga, ikkinchi tomondan, mamlakat ichida kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar bilan uzviy bog‘liqdir. Tarix sabog‘i yana shundaki, mamlakatda beqarorlik avj olishi hamda (bozor munosabatlariga xos davriy) inqiroz chuqurlashuvi tizimli ijtimoiy-iqtisodiy tanazzul holati eng quyiga yetganda emas, balki undan chiqish davrida yuz beradi.

Yangi 2022 yilning ilk kunlarda yaqin qo‘shni bo‘lgan Qozog‘istonda yuz bergan halokatli jarayonlar, qardoshlar boshiga tushgan falokat haqida davlat rahbarlari va mutaxassislardan tortib, oddiy shaxslargacha o‘z munosabatini, ayrim hollarda g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan holda, baho berishga intilishmoqda. Bu «taxminlar» asosli yoki asossiz ekanligini aniqlash uchun yuzaga kelgan qaltis vaziyatning asl sabablari va bahonalariga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir.

Yangi asr boshida jahon miqyosida yuz bergan iqtisodiy va moliyaviy inqirozlar, pandemiyaga qo‘shilgan holda barcha davlatlarning ijtimoiy-siyosiy hayotiga salbiy ta’sir qildi. Jumladan, bu holat Markaziy Osiyo davlatlari orasida jahon iqtisodiyotiga eng ko‘p integratsiyalashgan hamda xalq xo‘jaligi xomashyoga ixtisoslashib qolgan Qozog‘istonni ham chetlab o‘tmadi.

2020 yilga kelib jahon miqyosida kutilayotgan navbatdagi iqtisodiy inqiroz pandemiyaga qo‘shilgan holda barcha davlatlardagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni murakkablashtirdi. Pandemiya sababli joriy qilingan harakatlanish cheklovlari iste’mol talabi va investitsiyalar hajmi qisqarishiga olib keldi. Jumladan, Qozog‘istonda inflatsiya o‘sishi (2021 yil noyabr holatiga yillik inflatsiya ko‘rsatkichi deyarli 9 foiz, 2020 yilda — 6 foiz) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishi va milliy valuta tenge qadrsizlanishiga sabab bo‘ldi.

Iqtisoddagi xastaliklar ijtimoiy sohaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari hayot darajasi tushib ketdi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya cheklovlari bandlik va daromadlar darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi oqibatida 2020 yilda mamlakatda qashshoqlik darajasi 14 foizgacha oshdi.

Shu o‘rinda, Qozog‘istonda ijtimoiy-iqtisodiy tanazzul negizida geosiyosiy jarayonlar yotganini ham qayd etish zarur. Ya’ni Ukraina sababli G‘arb davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatlar ham shimoliy qo‘shnisi bilan integratsiyalashuv darajasi yuqori bo‘lgan Qozog‘iston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Vanihoyat, oxirgi yillarda qardosh mamlakatning siyosiy hayotida kuzatilgan o‘zgarishlar – ya’ni qo‘sh hokimiyatchilik shakllanishi ijtimoiy-iqtisodiy tanglik avj olgan sharoitda mamlakat barqarorligiga tahdid solishi tabiiy edi. Xullas, yangi asr boshlaridan yig‘ilib kelgan obektiv qiyinchiliklar va muammolardan foydalangan holda uning omillarining konstruktiv yechimini topish va hal etish o‘rniga, mamlakatdagi ayrim destruktiv kuchlarga vaziyatni izdan chiqarishga bahona kerak bo‘ldi.

Bahona sifatida 2022 yil boshida Qozog‘istonda dastlab gaz narxi oshishi xizmat qildi. Demokratiya, adolat, yaxshi hayot sari boshlangan norozilik namoyishlari oxir-oqibat mamlakat bo‘ylab to‘polon va tartibsizlikka aylanib ketdi. Agressiv olomon huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarata o‘q uzdi, talonchiliklar uyushtirdi, avtomashinalar, do‘konlar, banklar, aeroportlar, ko‘plab tibbiyot muassasalari kabi davlat binolariga shuningdek, fuqarolar mulklariga o‘t qo‘yildi. Oddiy namoyishlardan boshlangan tartibsizliklar, talonchilik, qaroqchilik shakliga o‘tdi. Natijada eng avvalo oddiy xalq jabr ko‘rdi.

Bunga javoban, Qozog‘iston hukumati noroziliklarning ilk kunlaridanoq tartibsizliklarni to‘xtatish va ularga munosib javob berishga harakat qilmoqda. Prezident To‘qayev parlament yig‘ilishida aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlarni belgilab berdi. Xususan, yonilg‘i narxini oshirishga moratoriy joriy etish, davlat xizmatchilarining ish haqini oshirish, inflatsiyani barqarorlashtirish, aholi daromadlarini oshirish dasturi va kambag‘allikni kamaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ta’lim tizimini takomillashtirish, shuningdek, aholi bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish kabi tadbirlarni amalga oshirishga kirishdi.

Umuman olganda, Qozog‘istonda kimningdir qonli ssenariysi ataylab o‘ynalgani ko‘rinib turibdi. Bir necha kun davom etgan voqealar allaqachon iqtisodiyotga jiddiy zarba berdi. Xo‘jalik hayoti qayta izga solingunga qadar korxonalar faoliyati to‘xtatildi, beqarorlik investorlarning sarmoya kiritish jur’atiga salbiy ta’sir qildi.

Oqibatda oddiy odamlar ishsiz, oziq-ovqat manbalaridan vaqtincha bo‘lsa-da, mahrum bo‘ldi, jinoyatchilik holati yanada og‘irlashdi. Eng achinarlisi, rivojlanish uchun qimmatli vaqt yo‘qotildi.

Shunday tahlikali vaziyatda, mustaqil taraqqiyot yo‘lidan ildamlab borayotgan Qozog‘iston kabi Markaziy Osiyo davlatlarini ko‘ra olmayotgan ayrim «bashoratchi», propagandachi jurnalistlar, davlatlar rahbarlari va deputatlar mintaqada geosiyosiy jarayonlarni murakkablashtirish orqali «xolis yordam ko‘magida» hududni turli iqtisodiy va harbiy tuzilmalar yordamida nazoratga olishga intilishmoqda.

Jumladan, ko‘p yillardan beri yaqin va ishonchli hamkorimiz hisoblangan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko shu yilning 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Qozog‘istondagi tartibsizliklarga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilishida so‘zga chiqib, o‘z nutqida O‘zbekistonni tilga oldi. «Qozog‘istondagi vaziyatdan, avvalo, O‘zbekiston hushyor bo‘lishi kerak. Aks holda, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘polon tashkilotchilarining nigohi, jumladan, O‘zbekistonga qaratilgan», – deb ta’kidladi.

Ushbu so‘zlari bilan Belarus rahbari qanday va kimning maqsadlarni ko‘zlagani – boshqa masala, ammo Qozog‘istondagi vaziyatdan hamma birdek xulosa chiqarishi kerak. Har qanday mamlakat rahbari boshqalarga «tavsiyalari»ni ulashmasdan, avvalo o‘z xalqi va davlati taqdirini o‘ylasa, foydaliroq bo‘ladi.

Tartibsizlik va boshboshdoqliklar muammolarni hal qila olmasligi ayon. Faqat olomonning talabiga ko‘ra hayot darajasini oshirish u yoqda tursin, oddiy ish o‘rinlari yaratib bo‘lmaydi. Zamonaviy tarix «rangli inqilob»lar farovonlikka olib kelmasligini isbotlab turibdi. Chunki iqtisodiy farovonlik murakkab, izchil islohotlarga asoslanadi. Ularning amalga oshirilishi tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni talab qiladi. Afsuski, boshqa retseptlar yo‘q.

Mamlakatimizda kechayotgan zamonaviy jarayonlar, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan izchil olib borilayotgan islohotlar buni tasdiqlamoqda. To‘g‘ri, O‘zbekistonda o‘ttiz yillik mustaqil rivojlanish yo‘lida avvalgi tuzum davridan qolgan hamda o‘tish davri bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammolar va ziddiyatlar yechimini topish borasida salmoqli tajriba to‘plandi. O‘zbekistonliklar o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolarning barchasini ortga qoldirib, ulardan xulosa chiqargan holda oldinga harakatlanmoqda.

Shu jihatdan olganda, O‘zbekistondagi amaldagi vaziyat Qozog‘istondagi vaziyatdan tubdan farq qiladi. Oxirgi yillarda mamlakatimizdagi barqaror vaziyat jamoatchilik fikriga tayanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan islohotlar faqatgina bugungi mavjud muammolarni hal etish emas, balki yaqin kelajakda aholi farovonligini oshirishni ham ko‘zlab ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda. Bu ishlar shaffoflikni ta’minlash va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini erkinlashtirish orqali ro‘yobga chiqarilmoqda.

Shavkatjon Rahmatullayevich Rahmatullayev,

tarix fanlari nomzodi, O‘zR FA Tarix instituti katta ilmiy xodimi,

O‘zbekiston tarixchilar ittifoqi raisi o‘rinbosari.

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top