Jahon | 16:04
6403
4 daqiqa o‘qiladi

Ali Xominaiy namoyishlarda minglab kishilar halok bo‘lganini tan oldi

U bunda AQShni ayblagan.

Foto: Anadolu via Getty Images

Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy shanba kuni so‘zlagan nutqida yaqinda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida minglab odamlar o‘ldirilganini birinchi marta ochiq tan oldi va ularning o‘limida AQShni aybladi.

«Isroil va AQSh bilan aloqador bo‘lgan shaxslar juda katta zarar yetkazdi va bir necha ming kishini o‘ldirdi», – dedi u va namoyishchilar binolarga o‘t qo‘yib, jamoat mulkini yo‘q qilib, tartibsizliklar keltirib chiqarganini qo‘shimcha qildi.

Eron davlat televideniyesida translatsiya qilingan nutqida Xominaiy yana shunday degan: «Biz AQSh prezidentini qurbonlar, zarar va Eron xalqiga qarshi tuhmat uchun [javobgar] jinoyatchi deb hisoblaymiz».

Yaqinda AQSh prezidenti Donald Tramp eronlik namoyishchilarni «norozilik namoyishlarini davom ettirish»ga chaqirgan va Eron rahbariyatiga agar namoyishchilarni qatl etiladigan bo‘lsa, Vashington tomonidan harbiy aralashuvi bo‘lishi bilan tahdid qilgandi.

Eron oliy rahnamosi namoyishchilar xorijdan keltirilgan jangovar qurollar bilan qurollanganini ma’lum qilgan, ammo bu qurollar qaysi davlatdan yetkazib berilgani bo‘yicha aniqlik kiritmagan.

Xominaiy o‘z nutqida «ichkaridagi jinoyatchilarga rahm qilinmasligi»ni aytdi va ularni tashqaridan turib qo‘zg‘atgan jinoyatchilar ham jazodan qochib qutula olmasligiga va’da berdi.

«Biz mamlakatni urushga olib bormayapmiz. Lekin biz ichkaridagi huquqbuzarlarni ozod qilmaymiz, bundan ham yomoni – xalqaro huquqbuzarlar bor. Biz ham ularni tinch qo‘ymaymiz», – dedi u.

U «Amerikaning maqsadi Eronni yutib yuborish» ekanini qo‘shimcha qilgan.

Tramp uning bayonotlariga hozircha javob bermadi.

Xorijdagi eronlik huquq himoyachilarning HRANA axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar shafqatsizlarcha bostirilishi oqibatida 3090 kishi halok bo‘lgan, ba’zi inson huquqlari tashkilotlari esa qurbonlar sonini ancha yuqori baholamoqda. Mamlakatda internet bloklanishi ishonchli ma’lumot olishni jiddiy darajada qiyinlashtirdi.

28 dekabr kuni iqtisodiy muammolar tufayli boshlangan norozilik aksiyasi tez orada Eron oliy rahbari iste’fosi talab qilingan keng ko‘lamli namoyishlarga aylanib ketgandi.

Namoyishlarni bostirishda o‘qotar qurollar qo‘llangan, ijtimoiy tarmoqlarda xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni o‘qqa tutayotgani aks etgan kadrlar (haqiqiyligi BBC Verify tomonidan tasdiqlangan) tarqalgan.

So‘nggi kunlarda tartibsizliklar haqida xabarlar kamaydi, ammo internetga kirish cheklangani sababli voqea joyidagi vaziyat noaniqligicha qolmoqda. NetBlocks kibermonitoring xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuni internetga ulanishning umumiy tezligi odatdagi tezlikning taxminan 2 foizi darajasida qolayotgandi.

Eron janubi-g‘arbidagi Sheroz shahridan bo‘lgan ayolning BBC’ga aytishicha, «xavfsizlik kuchlari vaziyatni nazorat qilish uchun mototsikllarda ko‘chalarda patrullik qilishda davom etmoqda, biroq, umuman olganda, hammasi normal holatga qaytgan».

Shanba kuni AQSh Davlat departamenti «Islom respublikasi Amerika bazalariga zarba berishga tayyorlanayotgani haqida ma’lumot olgani»ni ma’lum qildi. Departament bunday hujum yuz bergan taqdirda Eron «juda va juda qudratli kuch» bilan to‘qnashishi haqida ogohlantirib, Tehronga «prezident Tramp bilan o‘yin o‘ynamaslik»ni tavsiya qilgan.

Mavzuga oid