11:27 / 16.01.2022
28893

«Tolibon», global inflatsiya, G‘arb va Sharq munosabatlari. Stratfor 2022 yil uchun prognozlarni e’lon qildi

Markaziy Osiyo «Tolibon»ga moslashadi, O‘zbekiston KXShTga qaytish niyatida emas. Bir qancha omillar mintaqa davlatlarini Kobul hukumati bilan qarama-qarshiliklardan qochishga undaydi.

Foto: TASS

Stratfor tahlilchilariga ko‘ra, pandemiya butun dunyo bo‘ylab odamlarning hayotiga zomin bo‘lishda davom etadi, iqtisodiy noaniqliklar, emlash jarayonida boy va kambag‘al mamlakatlar o‘rtasida tengsizlik saqlanib qoladi va virusning yangi shtammlari hukumatlar uchun qo‘shimcha muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Global inflatsiya yuqori darajada saqlanib qoladi

Global inflatsiya 2022 yil oxirigacha davom etadi. Bunga mehnatga haq to‘lashning oshishi, tovarlar va uy-joy narxi ko‘tarilishi kabi omillar sabab Markaziy banklarning qarshi choralari ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Oziq-ovqat narxlari 2021 yil oxirida rekord darajaga yaqinlashdi, bu qisman oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda ishchi kuchi yetishmasligi va neft narxi qimmatlashishining bevosita o‘g‘it ishlab chiqarish narxlariga salbiy ta’siri bilan bog‘liq.

Yuqori global talab va ta’minot o‘rtasidagi nomuvofiqlik tufayli yuzaga kelgan m uammolar butun yil davomida saqlanib qoladi.

Davlat qarzining zaifligi ortadi

Inflatsiya bosimi ko‘plab markaziy banklarni monetar rag‘batlantirish va likvidlikni qo‘llab-quvvatlashni qisqartirishga va yuqori foiz stavkalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi, bu esa suveren qarz inqirozi xavfini oshiradi.

AQSh dollarining kuchli valuta sifatida saqlanib qolishi xalqaro investorlarning tavakkalchilikka moyil harakatlari pasayishiga olib kelishi, bu esa rivojlanayotgan davlatlarga global kapital oqimini sekinlashtirishi mumkin. Ayniqsa Argentina, Braziliya, Janubiy Afrika Respublikasi va Turkiya kabi rivojlanayotgan yirik bozorlarda xavf ortadi. Gana va Keniya kabi kichikroq iqtisodiyotga ega davlatlar ham import va iqtisodiy o‘sishni oshirishi mumkin bo‘lgan arzon foiz stavkalari bo‘yicha moliyalashtirish manbalarining yetishmasligiga duch kelishi mumkin.

Tashqi va ichki qarz miqdori yuqori bo‘lgan mamlakatlarda davlat xarajatlari qisqaradi. Yangi ijtimoiy xarajatlarni amalga oshirish qobiliyati cheklanishi esa ijtimoiy tartibsizliklarni yuzaga keltiradi.

Savdo va texnologiya sohasidagi AQSh-Xitoy urushi davom etadi

Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy keskinlik 2022 yilda ham davom etadi. Xitoy mamlakatga G‘arb texnologiyalari kirishini cheklashda davom etsa, AQSh Xitoy tovarlariga belgilangan yuqori boj to‘lovlarini saqlab qoladi. Bayden ma’muriyati olib borayotgan siyosat o‘zidan oldingi rahbarlar o‘rnatgan ba’zi cheklovlarni yumshatishga qaratilmaganini ko‘rsatmoqda. Bu esa yaqin yillar davomida ham Oq uyning tariflardan siyosat quroli sifatida foydalanishda davom etishini anglatadi.

Sun’iy intellekt, robototexnika va yarimo‘tkazgichlar kabi yuqori texnologiyali tarmoqlarda raqobat kuchayadi. AQSh olib borayotgan siyosat Xitoy ham texnomillatchilik strategiyasini ikki baravar oshirishiga olib keladi va bu Xitoy biznes muhitini G‘arb firmalari uchun yanada murakkablashtiradi.

Neft va tabiiy gaz narxlarining o‘zgaruvchanligi global iqtisodiyot tiklanishiga putur yetkazadi

2022 yil boshida energoresurslar narxlari oshishi jahon iqtisodiyoti tiklanishiga putur yetkazishi va ayrim neft va tabiiy gaz import qiluvchi mamlakatlarda ijtimoiy tartibsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

OPEK+ ning konservativ yondashuvlari yilning birinchi yarmida global neft narxini bir barrel uchun 70 dollar atrofida ushlab turishi mumkin. Omikron yoki kovidning boshqa shtammlarini hisobga olmaganda, narxlar bir barrel uchun 80 yoki 90 dollarga ham yetishi mumkin.

Gaz narxlari ham yil boshida oshishi mumkin. Bunga Rossiya Yevropaga katta hajmda gaz eksport qilishni to‘xtatishi va Shimoliy yarim sharda qishning sovuq kechayotgani ta’sir o‘tkazadi.

Braziliya, Hindiston Nigeriya va JAR kabi hududlarda yoqilg‘i narxi qimmatligi sababli ijtimoiy tartibsizliklar xavfi yuqori bo‘lib qolaveradi, bu hukumatlarga subsidiyalar yoki ijtimoiy xarajatlar mexanizmlarini kengaytirish yoki namoyishchilarni tinchlantirish uchun narxlarni cheklashni talab qiladi. Bu esa budjet taqchilligi oshishi xavfini tug‘diradi.

Narx oshishi yirik neft eksport qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy sharoitlarni yaxshilashga olib keladi, ammo yillar davomida past narxlar tufayli yuzaga kelgan moliyaviy va iqtisodiy muammolarni to‘la bartaraf eta olmaydi.

Kiberhujumlar xavfi ortadi

2022 yilda bir qancha moliyaviy sabablarga ko‘ra kiberhujumlar tez  sur’atlar bilan o‘sishda davom etadi. Bu esa ko‘plab G‘arb davlatlarida kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi talablar oshishiga olib keladi. AQShning Kreml va xalqaro huquq-tartibot idoralariga nisbatan rossiyalik kiberjinoyatchi to‘dalarni yo‘q qilishga qaratilgan diplomatik bosimi kuchayadi, ammo AQSh tashkilotlariga qarshi o‘sib borayotgan kiberhujumlar (ayniqsa, to‘lov tizimlariga) kamaymaydi.

Qo‘shma Shtatlarda kiberxavfsizlik bo‘yicha talablar kuchayishi Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga hujumlar sonini oshirishi mumkin. Ushbu mintaqa davlatlarida kiberxavfsizlik bo‘yicha xarajatlar oshadi.

AQSh-Rossiya muloqoti davom etadi

2022 yilda AQSh va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning sezilarli yaxshilanishi qiyin bo‘lib qolsa-da, davlat rahbarlari darajasidagi muloqotlar davom etadi, chunki bu ikkala tomon uchun ham manfaatli hisoblanadi. Bayden ma’muriyati muloqotlar Rossiya bilan Ukrainada yoki raqobatning boshqa sohalarida jiddiy keskinlashuvning oldini oladi deb hisoblamoqda. Moskva ham og‘ir sanksiyalarga duchor bo‘lmaslik uchun ikki tomonlama muloqotlardan manfaatdor.

Muzokaralar kiberxavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni qisman yaxshilashi mumkin. Masalan, kiberjinoyatchilar to‘g‘risida saralangan ma’lumotlarni o‘zaro almashish. Ammo qurollanish poygasini cheklash yoki kiberxavfsizlikni birgalikda boshqarish bo‘yicha yozma kelishuvlar bir qancha fundamental kelishmovchiliklar tufayli amalga oshmaydi.

Bayden ma’muriyati tashqi siyosatda asosiy e’tiborini yildan yilga yuksalayotgan Xitoyga qaratish maqsadida Rossiya bilan barqaror munosabatlarni o‘rnatishga intilayotgan bo‘lsa ham, vaziyat to‘satdan yana keskinlashib ketishi mumkin.

Markaziy Osiyo «Tolibon»ga moslashadi

Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikka tahdid hamda «Tolibon»ning kuchayishi mintaqa davlatlarini Kobul bilan murosa qilishga olib keladi.

Qurg‘oqchilik, elektr quvvati taqchilligi, iqtisodiyotning sekin tiklanishi va vaksinatsiya jarayonidagi ikkilanishlar tufayli koronavirus tarqalishi davom etishi haqidagi xavotirlar Markaziy Osiyo mamlakatlarini «Tolibon» hukumati bilan aloqalarni yaxshilashga undaydi.

Mintaqada «Tolibon»ga eng muxolif kuch bo‘lgan Tojikiston turli tahdidlar va toliblar provokatsiyasining oldini olish uchun tobora ko‘proq Rossiya va Xitoy ko‘magiga tayana boshlaydi.

Ekstremistik guruhlarning barqarorlikka tahdidi mintaqadagi boshqa davlatlarni ham Moskva va Pekin bilan xavfsizlik va iqtisodiy aloqalarini kengaytirish bo‘yicha rasmiy kelishuvlarga erishishga undashi mumkin.

O‘zbekistonning janubiy chegarasidagi keskinlik tufayli ichki barqarorlikka tahdid kuchayganiga qaramay, 2012 yilda chiqib ketgan Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga qaytish niyatida emas, bu qisman Xitoy bilan munosabatlar chuqurlashib borayotgani bilan ham bog‘liq.

Rossiya «Tolibon»ning kuchayishi va Markaziy Osiyodan ekstremistik kayfiyatdagi odamlar kirib kelishi mumkinligi xavfi ortganiga qaramay, mintaqadan ko‘p sonli mehnat muhojirlarini qabul qilishda davom etadi.

«Tolibon» Afg‘onistondagi barqarorlik uchun kurashadi

«Tolibon» Afg‘onistonda o‘z nazoratini mustahkamlashga urinar ekan, jiddiy iqtisodiy, ijtimoiy va jangari guruhlarning bosimlariga duch keladi.

«IShID-Xuroson» guruhi turli shaharlarda hujumlar uyushtirish qobiliyati tufayli eng katta ichki tahdid bo‘lib qoladi. Guruh o‘z operatsiyalarini Afg‘onistonning shimoli-sharqidan tashqari, mamlakatning janubiy va g‘arbiy hududlaridagi muhim shaharlarda ham amalga oshirishi mumkin.

Pokiston va Xitoy toliblarning asosiy iqtisodiy hamkori bo‘lib qoladi. Ular Afg‘onistonda transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga harakat qiladi. «Tolibon»ning chet ellik ishchilar uchun barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlay olmasligi investitsiya imkoniyatlarini cheklaydi.

Xalqaro yordam ham cheklangan bo‘lib qoladi va ko‘proq ayollar huquqlari bo‘yicha o‘rnatilayotgan qoidalariga bog‘liq bo‘ladi.

Etnik ozchiliklar va konservativ pushtun qabilalari manfaatlarini samarali muvozanatlashtirmaslik shaharlarda ijtimoiy beqarorlik yomonlashuviga, turli guruhlar va yangi paydo bo‘lgan Milliy qarshilik fronti tomonidan hukumatga qarshi harakatlar kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid
Top