17:16 / 17.01.2022
13448
Yamandagi husiychilar dronlar yordamida BAAga hujum uyushtirdi

Al Mayadeen telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, BAA hududiga 20 ta dron va 10 ta ballistik raketa yordamida hujum qilingan. Hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, 6 kishi yaralangani aytilgan.

Videodan kadr

Yamanning «Ansor Alloh» (husiychilar) isyonchi harakati Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) hududiga hujum uyushtirganini e’lon qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi. 

«Ansor Alloh» rasmiy vakili Yahyo Sariyaning ta’kidlashicha, «yaqin bir necha soat ichida harakat harbiy amaliyot haqida bayonot beradi».

BAA hududiga Yamandan 20 ta dron va 10 ta ballistik raketa yordamida hujum uyushtirildi, deb xabar berdi Al Mayadeen telekanali o‘z manbalariga tayanib. Ularga ko‘ra, dron va raketalar «nozik nishonlarni urgan».

Hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, 6 kishi yaralangani aytilgan.

Avvalroq, Abu-Dabi politsiyasi uchta yoqilg‘i tashuvchi avtomobil yonib ketgan Al-Musaffah sanoat hududida, shuningdek, mamlakat poytaxti aeroporti yaqinidagi qurilish maydonchasida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Ularning barchasi zudlik bilan o‘chirilgan. 

Qayd etilishicha, aeroportdagi yong‘in havo qatnoviga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Shu bilan birga, xavfsizlik kuchlari voqea joyida hujum qilgan dronlarning taxminiy bo‘laklari topilganini ma’lum qildi. 

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya ham husiychilar dronlardan, shu jumladan Sana xalqaro aeroportidan uchirilgan uchuvchisiz uchar qurilmalardan foydalangan holda hujum qilganini bildirdi.

O‘tgan hafta «Ansor Alloh» rahbariyati a’zosi Muhammad al-Bahiti, agar mamlakat Yaman mojarosiga harbiy aralashuvini to‘xtatmasa, isyonchilar BAAga raketa hujumlari uyushtirishi haqida ogohlantirgan edi. 

Sanadan «Al-Arabi» telekanaliga bergan intervyusida u BAA 2019 yilda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasida ishtirokini to‘xtatishga qaror qilganini, bu, uning so‘zlariga ko‘ra, Yaman xalqiga qarshi tajovuzni boshlab berganini eslatdi. «Biroq, yaqinda Amirlik qurolli kuchlari yana Shabva, Marib va Al-Beydada jang qilayotgan yollanma askarlarni qo‘llab-quvvatlashni boshladi», — dedi al-Bahiti. U BAAga «harbiy aralashuvni to‘xtatish»ni maslahat berdi, «aks holda husiychilarning javob qaytarishdan boshqa iloji qolmaydi». 

Yamandagi mojaro 2014 yil avgustidan beri davom etmoqda. Harbiy qarama-qarshilik Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya qo‘shinlari 2015 yil mart oyida prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyga sodiq qurolli kuchlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatga kirganidan keyin kuchaygan. 

Yamandagi urush dunyodagi eng katta gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 24 milliondan ortiq yamanlik, ya’ni mamlakat aholisining qariyb 80 foizi insonparvarlik yordamiga muhtoj, davlat ichida boshqa joyga ko‘chib ketganlar soni esa 3 milliondan oshadi. 

Mavzuga oid
Top