23:25 / 20.01.2022
87406

200 000 so‘mlik banknota, 1000 so‘mlik tanga va boshqalar - pullar haqida yangiliklar

Bir nafar o‘zbekistonlikka o‘rtacha necha dona naqd pul to‘g‘ri keladi? So‘m banknotlarini ishlab chiqarish qanchaga tushyapti? 1 000 000 so‘mlik kupyura ham paydo bo‘lishi mumkinmi? Kun.uz ushbu savollarga Markaziy bank raisining javoblarini keltirib o‘tadi.

Foto: Kun.uz

20 yanvar kuni Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida yillik asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yig‘ilish yuzasidan Markaziy bankda matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda MB raisi Mamarizo Nurmurodov banknotlar yuzasidan savollarga javob berdi.

200 000 so‘mlik banknota ham chiqariladi

Nurmurodov naqd pul strukturasini o‘zgartirib borib, naqd pulni odamlar uchun qulay to‘lov vositasiga aylantirish maqsad qilinganini ta’kidladi. 2 yildan keyin esa yangi 200 ming so‘mlik muomalaga chiqarilishini aytdi va bunga qanday zarurat borligi haqida to‘xtaldi.

“Banknotlarning yaxshi himoyalangan seriyasini chiqarishni boshladik, hozir 100 mingtagacha chiqardik. Naqd pul muomalasini tashkil qilishda ma’lum bir o‘zining qonuniyatlari bor, bu qonuniyatlar mamlakatda shakllangan o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib, banklarning banknot strukturasi belgilanadi. Bu bilan biz muomaladagi naqd pulni optimallashtirish jarayonini amalga oshirmoqdamiz.

2017 yilda ilk bor 50 ming so‘mlik banknotni chiqarganimizda, muomaladagi naqd pul miqdori aholi jon boshiga 489 donani tashkil qilardi. Ya’ni O‘zbekistondagi har bir kishiga qiymati turlicha: 200, 500, 1000 so‘m bo‘lgan 489 dona pul birligi to‘g‘ri kelgan. Bugungi kunga qadar bu ko‘rsatkichni ikki barobardan ko‘proqqa qisqartirdik. Hozir aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan pul birligi soni 200 donadan sal oshadi.

Maqsadimiz – banknotlar strukturasini o‘zgartirib borib, naqd pulni odamlar uchun qulay to‘lov vositasiga aylantirish. Shu sababli bu ishimiz keyinchalik ham davom etadi. 2024 yilda 200 ming so‘mlikni muomalaga chiqarishni reja qilyapmiz”, – dedi MB raisi.

Shuningdek, u pullar almashtirilayotgani inflatsiyani tezlashtirmasligini aytdi. Yangi pullarni bankomatlar orqali berish tez orada boshlanishini ta’kidladi.

1000 so‘mlik pul nega yangilanmay qoldi?

Foto: Kun.uz

Mamarizo Nurmurodov 2021 yilda O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan barcha banknotlar ichida faqat 1000 so‘mlik yangilanmay qolganini izohlab, kelajakdagi rejalar haqida gapirdi.

“Maqsadimiz ming so‘mlik pulni qayta qog‘ozli shaklda chiqarish emas. Ming afsus, hayotimizdan tanga pullardan foydalanish chiqib ketdi. Oldin 1000 so‘mlikni chiqarganmiz, lekin undan foydalanish darajamiz muomaladan chiqib ketdi, niyatimiz ming so‘mlikni tanga pulga aylantirish. Chunki eng ko‘p qo‘llanadigan pul belgilaridan biri – 1000 so‘mlik banknota, 500 so‘mlik tanga va 2000 so‘mlik banknota, shu sababli buni ham tanga shakliga o‘tkazsak, bu birinchidan, pul muomalasini tashkil qilishdagi xarajatimizni kamaytiradi, ikkinchi tarafdan, ishlatishga qulay shaklda bo‘ladi”, – dedi u.

Banknotlar narxi qancha?

Matbuot anjumanidan keyin Markaziy bank raisi Kun.uz muxbirining yangi banknotlarni ishlab chiqarishda har bir qog‘oz pulni bosib chiqarish xarajatlari qancha bo‘lgani haqidagi savoliga javob berdi.

“Oldingi banknotlarni ishlab chiqarish xarajatlari (har bir qog‘oz pul uchun) 60-70 so‘mga tushgan bo‘lsa, yangi pullarni ishlab chiqarishga 270 so‘m mablag‘ sarflandi. Chunki yangi pullarda zamonaviy himoya elementlari qo‘llanilgan, shu sababli ularni ishlab chiqarish xarajatlarini oshirdik”, – dedi pul bozori regulyatorining rahbari.

Anjuman davomida jurnalistlardan birining 1 million so‘mlik chiqarilishi mumkinmi degan savoliga Mamarizo Nurmurodov “Xudo saqlasin, bungacha bormasligiga umid qilamiz”, degan ma’noda javob berdi.

2021 yilda eng ko‘p qaysi banknot muomalaga chiqarilgan?

Markaziy bank 19 yanvar kuni e’lon qilgan naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharhda Muomaladagi naqd pullarning nominal qiymati bo‘yicha tarkibi to‘g‘risida ma’lumot berilgan.

Rasmiy axborotga ko‘ra, 2021 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida ularning so‘mdagi miqdori:

  • 100 000 so‘mlik banknotlar ulushi – 27,3 foizdan 34,8 foizga oshgan;
  • 50 000 so‘mlikning ulushi – 38,8 foizdan 34,2 foizga;
  • 10 000 so‘mlikning ulushi – 15,7 foizdan 14,5 foizga;
  • 5 000 so‘mlik – 16,1 foizdan 12,7 foizga;
  • 1 000 so‘mlik – 2,1 foizdan 1,4 foizga kamaygan.

Yangi muomalaga kiritilgan 2 000 va 20 000 so‘mlik banknotlarning naqd pullar ichidagi ulushi mos ravishda 0,3 foiz 2,1 foizni tashkil etgan.

Madina Ochilova tayyorladi.

Top