21:00 / 28.01.2022
98055
“O‘rtoq polkovnik”: Putin KGBda qanday vazifani bajargan?

Vladimir Putin shaxsi hamisha dunyo e’tiborida, ziddiyatli va qiziqarli. Sovuqqonligi, ayyorligi va kamgap bo‘lgani holda o‘z o‘rnida so‘zga ustaligi, bir necha bor jahonning eng ta’sirli kishisi deb tan olingani bois dunyo OAV Putin bilan intervyuga ishqiboz. Faoliyati davomida AQShning besh nafar prezidenti bilan ishlashga ulgurgan Vladimir Putin bu xislatlarni egallashida SSSR KGB maktabining o‘ziga xos o‘rni bor.

Fotokollaj: Kun.uz

* Zaxiradagi polkovnik, Rossiya Federatsiyasining amaldagi 1-darajali davlat maslahatchisi, iqtisod fanlari nomzodi, sambo bo‘yicha sport ustasi, dzyudo bo‘yicha Leningrad chempioni, sambo bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan murabbiy, “Lenfilm” kinostudiyasining qator kinolarida kaskadyorlik qilgan.

Bularning bari – Vladimir Putinning prezidentlikka kelgunga qadar erishgan yutuqlari.

Bolalik

Putin haqiqiy kambag‘al oiladan chiqqan. Uning avlodlari uch asrki dehqonchilik qilishgan. Faqat bobosi Spiridon Ivanovich Putinga kelib bu an’ana qisman buziladi, tverlik yigitcha oshpazlikni o‘rganadi, Piterga borib nufuzli restoranlarda ishlaydi. Birinchi jahon urushida qatnashib kelganidan keyin ocharchilikdan qo‘rqib, oilasini qishloqqa olib ketadi.

Foto: Vladimir Putinning shaxsiy arxivi

Oshpaz Spiridon keyinchalik Moskvaga boradi, Leninning ma’shuqasi deb ko‘rilgan Nadejda Krupskaya, SSSR kommunistik partiyasi birinchi kotibi Nikita Xrushchev kabi shaxslarga oshpazlik qiladi. Birinchi shaxslar dachalarida 80 yoshgacha ishlab, shundan keyingina pensiyaga chiqadi.

Spiridon Putinning o‘g‘li, Rossiya prezidentining otasi Vladimir Putin 1911 yilda Tverdagi Pominovo qishlog‘ida tug‘iladi. U ikkinchi jahon urushida asosan Leningrad frontida jang qilgan, qator orden va medallar sohibi bo‘lgan.

Urushdan oldin uylangan Vladimir ikki o‘g‘il ko‘radi. Ammo ularning umri uzoq bo‘lmagan – Albert urushga qadar nobud bo‘lgan bo‘lsa, Viktor ikki yasharligida, 1942 yilda blokada davrida kasallikdan vafot etadi.

Putinlar oilasi besh qavatli kommunal uyning beshinchi qavatidagi bir xonada yashashgan. 1952 yilda tug‘ilgan Vladimir Vladimirovich Putinning o‘zi ham KGBga ishga kirgunga qadar shu xonada istiqomat qilgan.

KGB sari yo‘l

Oldin 8 yillik, keyin o‘rta maktabni o‘rta baholar va haminqadar xulq bilan tugatgan Vladimir bolalikdagi orzusi – razvedka xodimi bo‘lish istagida KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)ga murojaat qiladi. Unga dastlab ijtimoiy yo‘nalishda tahsil olishni maslahat berishadi va Putin 1970-1975 yillarda Leningrad universiteti yuridik fakultetida o‘qiydi.

Foto: kremlin.ru

O‘qishni tugatgan Vladimir Putin taqsimot bo‘yicha qo‘mitaning Leningrad bo‘limiga ishga yuboriladi. 1977 yildan boshlab (25 yoshidan) u SSSR KGBsi kontrrazvedka bo‘limida ishlay boshlaydi va tizimda qadamba-qadam ko‘tarila boradi. 1979 yilda Moskvada, KGB oliy maktabida 6 oylik qayta tayyorlov kurslarini o‘taganidan so‘ng Leningradda xizmatni davom ettiradi. 1984 yilda Vladimir Putin adliya mayori unvonida bir yillik o‘qishga yuboriladi va “Tashqi razvedka” yo‘nalishida tahsil oladi.

O‘qish davomida u Platov familiyasi bilan hujjat yuritadi. Chunki KGB talabiga ko‘ra hatto bir kursda o‘qiydiganlar ham bir-birlariga oid ma’lumotlarga ega bo‘lmasliklari lozim edi va taxalluslarni rahbariyat tanlab berardi. “Platov” o‘qishda o‘zini ko‘rsatadi, guruh sardori bo‘ladi va nemis tilini chuqur o‘rganadi.

Germaniyadagi faoliyat

KGB tashqi razvedkasi bo‘yicha mutaxassisga aylangan Putin 1985 yilda Germaniya Demokratik Respublikasiga jo‘natiladi. Ta’kidlash joiz, ikkiga bo‘lingan Germaniyaning yarmi – Demokratik nom ostidagi Germaniya sotsialistik blok ta’sirida edi. Lekin vaziyat kun sayin o‘zgarib borardi. Berlin devori timsolidagi Germaniya jarligidan davlat ichida ham, tashqarida ham noroziliklar juda ko‘payib borayotgandi. Shuningdek, bu paytga kelib, dunyo kommunizmi ustuni bo‘lgan SSSRning ham tagiga suv kirgandi.

“Platov”ning Drezdendagi hujjati / Foto: Bild

Lekin shunga qaramay Vladimir Putin GDRda 1990 yilga qadar faoliyat yuritadi. GDRning maxsus xizmatlarni jamlagan “Shtazi” vazirligi va KGB ofitserlari yashovchi manzil – “Radebergerstrasse 101”dagi 3 xonali kvartirada oilasi bilan yashaydi.

Polkovnik Lazar Matveyev boshchiligida, Sergey Chemezov va Nikolay Tokarevlar bilan birga Drezdendagi SSSR – GDR do‘stlik uyi xodimi sifatida faoliyat yuritgan Vladimir Putin g‘arb va AQShga qarshi razvedka faoliyati bilan shug‘ullanadi. Yuqoridagi familiyalar keltirilishining o‘ziga xos jihati shundaki, Putin o‘z xizmatdoshlarini keyinchalik yuqori mansablarga qo‘yadi va Rossiyaning aksariyat muhim lavozimlari KGB maktabi vakillariga topshiriladi.

Ochiq manbalarda aytilishicha, Vladimir Putinning alohida e’tibori GFR hududiga joylashtirilgan hamda SSSRga qaratilgan yaqin va o‘rta masofaga uchuvchi raketalarga yo‘naltiriladi. Bu SSSR xavfsizligi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid edi. 1989 yilda Putin GDR Milliy xalq armiyasining “Xizmatlari uchun” medaliga sazovor bo‘lgan.

Har kuni o‘zining “Jiguli 06”sida ishga xotirjamlik bilan borib keladigan Putinning osoyishta kunlari 1989 yilda poyoniga yetadi.

Berlin devori qulatilganidan so‘ng hammasini anglab turgan bir to‘da yoshlar sovet rezidenturasini bosib olishga harakat qilishadi va u yerdagi KGB arxivini topshirish talabini qo‘yishadi. Mana shu nuqtada Putin o‘zini ko‘rsatadi va yig‘ilganlarni qurol ishlatmagan holda, og‘zaki tushuntirishlar bilan tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘ladi.

To‘polondan keyin u ichkariga kirib, o‘ta sovuqqonlik bilan eng muhim hujjatlarni pechkada yoqib yuboradi. Shundan so‘ng, 1990 yilning yanvarida u Germaniyadagi faoliyatini yakunlab, Leningradga qaytadi.

SSSRga qaytganidan keyin markazga, Moskvaga ishga chaqiriladi, ammo u Leningrad bo‘limida qolishni afzal bilan. Unga tegishli №643-kabinetga qo‘shni xonada Sergey Ivanov ishlagan. Ivanov keyinchalik mudofaa vaziri, Prezident administratsiyasi rahbari lavozimlariga loyiq ko‘rilgan.

Prezidentlikka chiqish

1990 yilda Putin rasman Leningrad davlat universitetida rektor yordamchisi bo‘lib ish olib boradi. Rektor Merkurev uni shahar meri Anatoliy Sobchak bilan tanishtiradi va ishonchli xodim sifatida tavsiya beradi. Shu yilning o‘zida meriyaga ishga o‘tgan Putin 1991 yilda, Sobchak qayta saylanganida shahar boshqaruvining tashqi aloqalar bo‘limiga rahbar bo‘ladi. Uning rahbarligida shahardagi ilk valuta birjasi ochiladi, bir necha nemis kompaniyalari kirib keladi. U 1994 yilda Rossiya–AQSh o‘rtasida o‘tkazilgan “Yaxshi niyat o‘yinlari” tashkilotchilaridan biriga aylanadi. Aynan shu vaqtda Putin dunyo mediamagnatlaridan biri Ted Terner bilan ham tanishadi. Sananing o‘ziga xos jihati – AQSh maxsus xizmatlari shu yildan boshlab Vladimir Putin haqida ma’lumot to‘plashga kirishganlar.

1990 yil. Anatoliy Sobchakka hamrohlik qilgan Vladimir Putin Toshkentda Islom Karimov bilan uchrashgan. / Foto: Wikipedia

1996 yilda Anatoliy Sobchak gubernatorlik saylovlarida yengiladi. Ishsiz qolgan Putin keyinchalik bu paytda kirakashlik qilishni ham o‘ylagani haqida aytgan. Ammo uni yangi istiqbol – Moskvada katta ishlar kutib turardi. Rossiya prezidentining ish boshqaruvchisi Pavel Borodin uni o‘ziga o‘rinbosar bo‘lishga taklif qiladi. Putin oradan bir yil o‘tib, 1997 yilda Aleksey Kudrin o‘rniga prezident adminstratsiyasi rahbarining o‘rinbosari etib tayinlanadi.

1998 yilda u Valentin Yumashevning tavsiyasiga binoan KGBning har taraflama vorisi bo‘lgan FSB (Federal xavfsizlik xizmati) rahbari etib tayinlanadi. Ism-shariflarga e’tibor bering, keyinchalik ularning bari Rossiyada yuksak lavozimlarni egallagan.

Bir qarashda Putin o‘z yo‘nalishida eng yuqori cho‘qqiga chiqqan edi. Ammo ko‘tarilish davom etadi – prezident Boris Yelsin 1999 yil avgustida Vladimir Putinni hukumat raisi etib tayinlaydi. Bu lavozimda 5 oy ham ishlamagan Putin 1999 yilning so‘nggi kuni – 31 dekabrda Boris Yelsin tomonidan voris sifatida taqdim etiladi va 2000 yilning ilk kunidan prezident vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlaydi.

Keyinchalik saylovlarda g‘alaba qozongan Vladimir Putin mana 22 yildirki Rossiyani boshqarib kelmoqda (2008–2012 yillarda u rasman prezident emas, hukumat rahbari bo‘lgan).

Foto: Alexander Zemlianichenko / AP

Vladimir Putin:

  • Rossiya patriarxi Kirillning otasi, ruhoniy Mixail tomonidan cho‘qintirilgan. Onasi bu amalni otasidan yashirib qilgan. Ammo Putinning o‘zi Xudoga ishonishini ko‘p ham tan olavermaydi;
  • Birinchi avtomobili 1972 yilda ishlab chiqarilgan “Zaporojyets” bo‘lgan va oila uni lotereyadan yutib olgan. Keyinchalik ham u sovet avtomobillarini yoqtirishini bildirgan;
  • 1982 yilda styuardessa Lyudmila Shkrebnevaga uylanadi. Ammo keyinchalik xotini bilan ajrashadi va buni oilasiga yetarli vaqt ajrata olmayotgani bilan izohlaydi;
  • Qizlari Mariya va Yekaterina Germaniyada tug‘ilishgan;
  • Shafqatsiz 90-yillarda u yonida qurol olib uxlaganini tan olgan;
  • 2000 yilning 1 yanvarida u prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Chechenistonga yo‘l oladi va u uchayotgan vertolyot o‘qqa tutiladi;
  • Rossiyada uning nomi bilan atalgan kamida uchta ko‘cha bor. Bular Ingushetiyaning Olgeti qishlog‘ida, Moskva viloyatining Lobnya poselkasidagi ko‘chalar va Checheniston markazi Grozniy shahri markazidagi mashhur V.V. Putin prospekti. Bundan tashqari, Falastindagi bir ko‘chaga ham Putin nomi qo‘yilgan;

2007 yilda Amerikaning Time jurnali uni “Yil odami” deb e’lon qilgan.

Abror Zohidov

Top