11:02 / 08.02.2022
1857

Navoiyda quyosh fotoelektr stansiyasini qurishda 29ta toshbaqa qutqarib qolingan 

Navoiy viloyatining Karmana tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishida toshbaqalar qutqarilib, inkubatorga ko‘chirilgan. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.  

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, qurilish ishlarini bajarishdan avval hudud vaqtinchalik to‘siqlar, markirovka lentalari va boshqa choralar yordamida aniq belgilangan. So‘ngra tuproqni ekologik jihatdan o‘rganish bosqichi amalga oshirilgan. Hududda Markaziy Osiyo toshbaqalarining qishlashi uchun mos chuqurchalar aniqlangani bois 2020 yilning oktabr–noyabr oylarida ekologlar tuproqning yuqori qatlamlarini sinchiklab ochib, qishlayotgan toshbaqalarni aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlarini olib borganlar.

Qidiruv natijasida topilgan 29ta toshbaqa ekologlar va Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari bilan kelishilgan holda harorat rejimida nazorat qilinadigan inkubatorga ko‘chirilgan. Ekologlar toshbaqalarni tabiiy sharoitga moslashtirish maqsadida loyiha maydonchasining shimoliy chegarasiga tutash, ya’ni ularning sobiq joylashgan joyiga yaqin joydagi mos hududni belgilash bo‘yicha ishlarni amalga oshirgan. Keyinchalik taklif etilayotgan hudud Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan kelishish bosqichidan o‘tgan.

Ma’lum qilinishicha, yangi elektr stansiyalarini qurishda ham shu kabi tadqiqotlar amalga oshiriladi.

 

 

Top