11:54 / 09.02.2022
10784

Alisher Usmonov yana “Kapitalbank”dagi ulushini oshirdi

Rossiyalik ishbilarmon Alisher Usmonovga aloqador kompaniya yana “Kapitalbank”dagi ulushini oshirdi. Yanvar oyida kompaniya bankdagi ulushini 25 foizga oshirgandi.

Foto: Sergey Savostyanov/TASS

8 fevral kuni “FINANCE TCI” MChJ (Rossiya kompaniyasi) “Kapitalbank”ning 3,81 foiz aksiyasini sotib oldi. Bu haqda “Toshkent” Respublika fond birjasi saytida ma’lumot joylangan.

“Finance TCI” Alisher Usmonovga qarashli “Telekominvest” MChJning shu’ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya “Kapitalbank” ATB ustav kapitalining 3,85 foiz aksiyasini sotib olgan. Bitim natijalariga ko‘ra, “Finance TCI” 16 493 327ta oddiy aksiyalarni qo‘lga kiritgan.  

Shu bilan Alisher Usmonovga qarashli kompaniyalar ulushi jami 61,54 foizga yetdi. Usmonov qo‘lidagi aksiyalar soni esa (affillanganlar bilan avval sotib olingan jami aksiyalarini qo‘shib hisoblaganda) 263 893 229 donani tashkil etmoqda. Ularning barchasi oddiy aksiyalar.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil noyabr oyidan buyon “Kapitalbank”ning 50 foiz aksiyasiga egalik qilib kelgan Oybek Tursunov 20 yanvar kuni bankning affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarilgandi. Alisher Usmonov yanvar oyida ham bankdagi ulushini oshirdi.

O‘tgan oyda affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqib ketgan Tursunovning o‘rni Rossiya kompaniyalari – “Telekominvest” MChJ va “Korus” AJ tomonidan to‘ldirildi. “Korus” kompaniyasi “Kapitalbank”ning affillangan shaxslari ro‘yxatiga 2022 yil 12 yanvardan boshlab qo‘shilgan. “Korus” ham Alisher Usmonovga qarashli “Telekominvest”ga affillangan.

2022 yil yanvar oyida “Telekominvest”ning o‘zi bankdagi ulushini 25 foizga yetkazdi.

Top