14:43 / 21.02.2022
7505

To‘qayevning Shveytsariya bankida hisobraqami yo‘qligi aytildi

Ta’kidlanishicha, yolg‘on axborot hujumidan maqsad Qozog‘iston rahbarini obro‘sizlantirishdir.

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shveytsariya bankida hisobraqamiga ega emas va xorijda ko‘chmas mulki yo‘q, deb ma’lum qildi uning matbuot kotibi Berik Uali.

"To‘qayev ayrim OAV yozganidek, Shveytsariya bankida hisobraqamiga ega emas. Xorij banklaridagi hisobraqamlar, ofshor kompaniyalari prezidentga tegishli emas, u xorijda ko‘chmas mulkka egalik qilmaydi. Prezidentning sobiq rafiqasi e’lon qilingan hisobraqamlarga hech qachon egalik qilmagan", - deb yozdi Uali Facebook sahifasida.

U shuningdek, To‘qayevning o‘g‘li Timur to‘g‘risidagi ma’lumotga ham izoh berdi.

"U 38 yoshda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, hech qachon davlat xizmatida ishlamagan", - dedi Uali.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yolg‘on axborot hujumidan maqsad davlat rahbarini obro‘sizlantirishdir.

Avvalroq ommaviy axborot vositalarida Credit Suisse bankining MDH mamlakatlaridagi ayrim shaxslar hisobraqamlariga oid ma’lumotlar e’lon qilingandi.

Ular orasida bir necha nafar o‘zbekistonliklar ham bor.

Top