Credit Suisse bankining MDH mamlakatlaridagi ayrim shaxslar hisobraqamlariga oid ma’lumotlar ommaviy axborot vositalariga sizdirildi. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor.

Xususan, Saodat Narziyeva nomiga 2004 yildan beri umumiy hisobda 6ta hisob raqam ochilgan. Shulardan 2tasi yopilgan, 4tasi esa hozir ham mavjud bo‘lishi mumkin. Muayyan davrda hisobraqamlardan biridagi mablag‘ miqdori maksimal 1 mlrd 855 mln Shveytsariya franki (2 milliard 22 million dollar)gacha yetgan.

Narziyeva tibbiyot sohasida 30 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan akusher-ginekolog. Uning bank hisoblaridagi pullar biznes tarixi bilan izohlanmagan.

Uning akasi rossiyalik, etnik o‘zbek multimilliarderi Alisher Usmonov bo‘lib, uning kompaniyalari telekommunikatsiya, tog‘-kon sanoati va media sohalarida faoliyat olib boradi.

Bir qancha amerikalik senatorlar Tramp ma’muriyatini Usmonovni Rossiyaning 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashuvi haqidagi hisobotga kiritishni talab qilib, uni «Rossiyadagi eng nufuzli oligarxlardan biri, Kreml bilan yaqin aloqada» deya ta’riflagandi.

Gulrux Tillayeva — O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimovaning eri Timur Tillayevning ammasi. 2009 yildan keyingi davrda uning hisobida maksimal 2,22 mln Shveytsariya franki (2 ,42 mln dollar)gacha pul bo‘lgan. Surishtiruvga ko‘ra, Tillayeva ushbu mablag‘larga Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan «Abu Saxiy»ning boshqaruvchisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Nikita Kalinichenko bilan birgalikda egalik qilgan.