O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Maftuna Ismoilova doping tufayli diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi huzuridagi Axloq komissiyasining qaroriga ko‘ra, sportchi Maftuna Ismoilovadan (sport turi – og‘ir atletika) 2021 yil noyabr oyida musobaqadan tashqari davrda olingan doping-sinamasidan taqiqlangan «Oksandrolon» va «Stanozolol» moddalari aniqlangan.
Shu bois, Butunjahon antidoping kodeksining 2.1-moddasida ko‘zda tutilgan antidoping qoidabuzarligi uchun u 2021 yil 23 dekabrdan boshlab 2025 yil 22 dekabrga qadar, 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi.
Avvalroq, o‘zbekistonlik yunon-rum kurashchisi Sultonbek Elmurodov doping tufayli to‘rt yilga musobaqalardan chetlashtirilgandi.
Sultonbek Elmurodovdan 2021 yil oktabr oyida musobaqadan tashqari davrda olingan doping-sinamasidan taqiqlangan «Furosemid» moddasi aniqlangan.