15:35 / 07.03.2022
10129
Energetika sohasida faoliyat yurituvchi ayollar shijoati o‘rnakka loyiq
Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimiz sanoatining muhim tarmoqlaridan hisoblanadi. Tizim korxonalari respublikamiz ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan issiqlik va elektr energiyasining 90 foizini ishlab chiqaradi.

Bugungi kunda aksiyadorlik jamiyatida o‘n mingdan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda, shundan ikki yarim mingga yaqini xotin-qizlardir. Ular turli lavozimlarda va vazifalarda, jumladan, mexanik, muhandis, sozlovchi, kran mashinisti kabi ayollar uchun yengil bo‘lmagan kasblar va ishlarda mehnat qilmoqda.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

Shunday jonkuyar, serg‘ayrat xodimlardan biri bo‘lgan, yoshligida o‘qituvchilik kasbini egallamoqchi bo‘lgan sirdaryolik Barno Pardayeva taqdir taqozosiga ko‘ra “Sirdaryo IES” AJda kran mashinisti sifatida faoliyat yuritmoqda. 

- Kranda ishlash uchun doimo diqqat-eʼtibor, hushyorlik, yuqori darajadagi malaka zarur. Ayniqsa, 32 metr balandlikda qurilmalar ustidan yuk olib o‘tish, o‘ta og‘ir va katta o‘lchamdagi yuklarni siljitish, tungi ishlar esa – mas’uliyat va dadillikni, yukni ildiruvchi xodimlarga talabchan bo‘lishni talab qiladi. Shu bilan birga, diqqatni jam qilish uchun ishga doimo ruhan va jismonan tayyor bo‘lish muhim. Aks holda bu ish jarayonida jiddiy ko‘ngilsizliklarga olib kelishi mumkin. Har kuni mas’uliyatli vazifamni bajarishga kirishar ekanman, jamoadagi menga nisbatan bo‘lgan ishonch va e’tiborni doimiy his qilaman, - deydi Barno Pardayeva.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz ayollarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali barcha jabhalarda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqiy himoyalanishi hamda ijtimoiy muhofazasi masalasida qabul qilingan 20 dan ortiq farmonlari va qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy apparati va tizim korxonalarida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning muammolarini hal qilish, munosib rag‘batlantirish, qiyin ijtimoiy vaziyatda bo‘lgan ayollarga psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, ayollarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarni tahlil qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlarning, xususan, kam ta’minlangan, ko‘p bolali, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ayollar, ayniqsa yosh qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, aksiyadorlik jamiyati tomonidan xodimlarning, shu jumladan, ayollarning malakasini oshirish maqsadida Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi tasarrufidagi Peterburg energetika malaka oshirish instituti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida yil yakuniga qadar tizim korxonalarida faoliyat yuritayotgan 20 nafar xotin-qizlarning malakasi oshirilishi belgilangan.

Foto: Issiqlik elektr stansiyalari

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida korxona mablag‘lari hisobidan tavsiyanomalar asosida 30 nafar ishchi-ayol xodimlar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqdalar, bundan tashqari tizimdagi 2 ta Shirin va Nishon energetika kollejlarida 50 nafar ayol ishchi-xodimlar sirtqi ta’lim olmoqdalar. 

O‘tgan 2021 yilda IES va IEMlarda ishlab kelayotgan 1000 nafardan ortiq xotin-qizlarga sog‘lomlashtirish sihatgohlarida dam olib, salomatliklarini tiklashlari uchun yo‘llanmalar berildi. 

 “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida yil boshidan buyon 1500 dan ortiq ayollarning Samarqand, Buxoro Xorazm kabi shaharlarning tarixiy maskanlariga sayohati uyushtirilib, ularning ma’naviy hordiq chiqarishiga hissa qo‘shildi.

Bugun 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va tizim korxonalarida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda ishtirok etganlar mashaqqatli va sharafli bo‘lgan energetika sohasida yelkama-yelka ishlab kelayotgan xotin-qizlar issiqlik elektr energetikasi tizimining ishonchli ustunlari ekanini qayd etib o‘tdilar. Davlatimiz rahbari aytganlaridek, jamiyat hayotida olib borilayotgan har qanday ishning bosh maqsadi – jamiyatimizda ayollarning mavqeini oshirishga qaratilganiga alohida urg‘u berildi.

 “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Top