20:09 / 10.03.2022
25594
O‘zbek paxtasiga qo‘yilgan global boykot olib tashlandi

Cotton Campaign  xalqaro koalitsiyasi o‘zbek paxtasini boykot qilish to‘xtatilganini ma’lum qildi. 

Foto: KUN.UZ

Bugun, 10 mart kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi vakillari, Cotton Sampaign xalqaro koalitsiyasi delegatsiyasi a’zolari ishtirokida O‘zbekiston paxtachilik sohasida yaratilgan mehnat sharoitlariga bag‘ishlangan press-brifing bo‘lib o‘tdi.

Press-brifingda Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi rahbari Bennet Friman rahbarligidagi delegatsiya a’zolari so‘zga chiqib, o‘zbek paxtasini boykot qilish tugatilganini ma’lum qildi.

Cotton Campaign rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston paxta yig‘im-terimida majburiy va bolalar mehnatini chekladi, yangi islohotlarni amalga oshirmoqda.

O‘zbek paxtasidan boykotning olib tashlanishi esa birinchi navbatda tekstil sanoatida dunyodagi yetakchi korxonalarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishiga imkon yaratadi. Bu bilan paxta sanoatida ko‘plab ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligi oshiriladi.

Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva majburiy va bolalar mehnatini cheklash uchun amalga oshirilgan asosiy yo‘nalishlarni qayd etdi:

  • qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazani mustahkamlash;
  • xalqaro standartlarni implementatsiya qilish;
  • qishloq xo‘jaligini isloh qilish;
  • institutsional bazani rivojlantirish;
  • tizimli monitoring va tadqiqotlar olib borish;
  • fuqarolik jamiyati va ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi 2010 yilda O‘zbekiston paxtasini boykot qilish bo‘yicha kampaniya boshlagandi.

Koalitsiya 2018 yilda islohotlar “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqqan va O‘zbekiston hukumatiga taqdim etgan.

Press-brifing tafsilotlari tez orada Kun.uz’da batafsil beriladi.

Top