11:15 / 11.03.2022
11227
Rishtonlik ayolning ikki nafar farzandi bilan bedarak yo‘qolgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida oilaviy kelishmovchilik sabab ikki qizi bilan uydan chiqib ketgan onaning qizlaridan birining jonsiz tanasi Katta Farg‘ona kanalidan topilgan. Bedarak yo‘qolgan fuqarolar qotillik qurboni bo‘lishi mumkinligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: FVB matbuot xizmati

Qayd etilishicha, 21 fevral kuni Rishton tumani “Zohidon” MFY Qo‘rg‘oncha ko‘chasida istiqomat qiluvchi N.G. ismli ayol voyaga yetmagan farzandlari Sh.X. va I.X. bilan yashash xonadonidan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan. Aniqlanishicha, shu kuni Qidiruv tadbirlari davomida, voyaga yetmagan Sh.X.ning murdasi Katta Farg‘ona kanalining Bog‘dod tumanidan oqib o‘tgan qismidan topilgan va tegishli ekspertizalar tayinlangan.

Mazkur holatda bedarak yo‘qolgan fuqarolar qotillik qurboni bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, ushbu holatni kelgusida tergov yo‘li bilan tekshirib, aniqlik kiritish maqsadida joriy yilning 4 mart kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlarini o‘tkazish bilan bir qatorda, bedarak yo‘qolgan G.N. va uning bir nafar farzandini topish yuzasidan barcha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Rishton tumanida g‘oyib bo‘lgan ona va qizlari qidiruvga berilgani, qizlaridan birining jasadi Katta Farg‘ona kanalidan topilgani haqida xabar berilgan edi. 

Top